Xususan, oʻtgan davrda 26 ming 119 ta fuqarolik ishlari koʻrib chiqilib, 20 ming 343 ta daʼvo talablari qanoatlantirildi. Bu oʻtgan yilgan nisbatan 9 ming 341 taga koʻp. Bu daʼvo ishlarini koʻrish 92.1 foizga oshganidan dalolat beradi. Sudlarda koʻrilgan ishlar boʻyicha 5 mlrd. 101 mln. soʻm davlat boji undirilib, 16 mlrd. 542 mln. soʻm davlat boji undirish boʻyicha 23 ming 640 ta ijro hujjatlari Majburiy ijro byurolariga yuborilgan.

Raqamlarning bu qadar oʻsib borishi fuqarolarning odil sudlov tizimiga boʻlgan ishonchni oshib borayotgani, fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash borasidagi koʻrsatkichlar koʻpayganidan dololat beradi.

Qolaversa, sudlarda E-XSUD milliy elektron tizimi joriy qilingani fuqarolarga bevosita elektron tizim orqali murojaat qilish imkoniyatini bermoqda. Jumladan, koʻrilgan ishlarning 20 ming 940 tasi yoki 80,1 foizi elektron shaklda kelib tushgan. E-XSUD tizimi orqali kelib tushgan daʼvo arizalari, bugungi kunda esa apellyatsiya tartibidagi ishlar ham inson omili aralashuvisiz, avtomatik tarzda taqsimlanadi.

Yaratilgan dastur asosida ishni qoʻzgʻatish muddati, tayinlash muddati, ishni koʻrish muddati, natijasi topshirilmayotgan, yakuniy qaror biriktirilmayotgan va ijro yuborish muddati buzilayotgan holatlar yuzasidan doimiy nazorat oʻrnatilib, kunlik tahlil (monitoring) oʻtkazib boriladi.

Shuningdek, ishlarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qabul qilinayotgan qarorlar (ajrimlar) axborot tizimga joylashtirilmoqda. Ushbu amaliyot sudlar faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini taʼminlashga qaratilgan boʻlib, fuqarolarni sudlardan qaror yoki ajrimlarni moneliksiz olish imkoniyati yaratilgan.

Sudlarda koʻrilgan ishlar tahliliga koʻra, mehnat munosabatlar, nikohdan ajratish, uy-joy, mulk huquqi, bitimlar, kredit undirish nizolari yer munosabatlari, zararni undirish, yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni belgilash masalalari hissasiga toʻgʻri keladi.

Sudlarda mulk huquqiga oid yaʼni, oʻzboshimchalik bilan qurilgan qurilmalarni buzdirish nizolari 1294 ta yoki 3,9 barobar, yer munosabatlari bilan bogʻliq masalalar 304 ta yoki 3,7 barobarga kamaygan.

Biroq kredit undirish, oilaviy nizolar va nikohdan ajratish holatlari sezilarli darajada koʻpaygan. Nikohdan ajratishga boʻlgan sabablar tahliliga koʻra, bunga taraflar oʻrtasidagi tushunmovchilik, oilalarga 3-shaxslarning aralashuvi, jamoatchilik vakillari esa oʻz oʻrnida oilalarni yarashtirish choralarini koʻrmaganlariklari sabab boʻlmoqda.

Shu bois viloyat sudi, viloyat prokuraturasi, Mahalla va oilani qoʻllab- quvvatlash boshqarmasi bilan hamkorlikda rejaga muvofiq, oilaviy ajrimlarni oldini olish yuzasidan barcha tuman va shaharlarda amaliy seminar- treninglar oʻtkazildi.

Aholining muammolari bilan ishlash, nizolarini sudgacha hal etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Xalq qabulxonasi” va Bosh vazirning tadbirkorlarning murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonasi bilan hamkorlikda hamda “Mening mahallam – mening sudyam” gʻoyasi asosida joylarda fuqarolarga “mahallabay” ommaviy sayyor qabullar tashkil qilinib, 1351 nafar fuqarolarning murojaatlari joyida hal qilindi.

Sud binolarida 2017 nafar fuqaro qabul qilinib, murojaatlari yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi.

Oybek XASANOV,

Fargʻona viloyat sudining rais oʻrinbosari