Dehli shahrida buyuk mutafakkir Abu Rayhon Beruniy haykali oʻrnatiladi

    Xalqaro hamkorlik 2 Sentabr 2023 2262

    Hindiston poytaxtida joylashgan Jamiya Milliya Islamiya (Jamia Millia Islamia - JMI) universiteti hududida buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy haykali oʻrnatiladi.

    Oʻzbekiston elchisi Dilshod Ahatov va universitet rektori professor Najma Axtar uchrashuvi chogʻida bu haqda kelishuvga erishildi.

    2020-yil faoliyatining 100-yilligini nishonlagan Jamiya Milliya Islamiya universiteti mamlakatning yetakchi oliy taʼlim maskanlaridan biri hisoblanadi va uning faoliyati markaziy hukumat tomonidan moliyalashtiriladi. Bu yerda huquq, gumanitar fanlar va tillar, nafis sanʼat, tabiiy fanlar, ijtimoiy fanlar, injeneriya va texnologiyalar, taʼlim, meʼmorchilik, stomatologiya, boshqaruv tadqiqotlari kabi qator yoʻnalishlarda mutaxassislar tayyorlanadi. 20 ming nafar talabaga 1000 nafar professor va oʻqituvchilar dars beradi.

    Oʻquv jarayonida Sharq olimlari, jumladan, buyuk oʻzbek allomalarining noyob asarlarini oʻrganishga ham katta eʼtibor qaratiladi. Taʼlim maskanining ikkita binosi Abu Rayhon Beruniy va Abu Ali ibn Sino nomlari bilan atalgan.

    Uchrashuv chogʻida professor Najma Axtar Abu Rayhon Beruniyning boy ilmiy merosiga yuqori baho berib, uning “Kitob ul-hind” asari Hindiston haqida yozilgan ilk noyob ilmiy asarlardan biri ekanini taʼkidladi. Shu bois qomusiy olim haykali uning jahon hamjamiyati, jumladan, hind xalqi oldidagi xizmatlarining yuksak eʼtirofi ramzi boʻladi.

    Abu Rayhon Beruniy haykalini oliy bilim yurtining huquqshunoslik, xorijiy tillar departamenti, dizayn va innovatsiya departamenti, arab-hind madaniyat markazi va boshqa boʻlinmalari tutashgan gavjum maydonchada oʻrnatish rejalashtirilmoqda. Haykal universitetga Oʻzbekiston tomonidan taqdim etiladi.

    Muloqot chogʻida mamlakatimiz oliy oʻquv yurtlari va Jamiya Milliya Islamiya oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.

    Jumladan, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti (TDSHU) va JMI oʻrtasida imzolangan Ahdlashuv memorandumi doirasida Toshkentga hind va urdu tillari boʻyicha ikki nafar mutaxassisni joʻnatish va, oʻz navbatida, TDSHUning ikki nafar mutaxassisini hind universitetiga yuborish boʻyicha yakdil fikr bildirildi. Oʻzbekistonlik oʻqituvchilar Jamiya Milliya Islamiya huzurida 2004-yilda ochilgan oʻzbek tili kurslarida yoshlarga saboq beradi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti (OʻzJOKU) va JMI huzuridagi Ommaviy kommunikatsiyalar tadqiqot markazi oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish istiqbollarini oʻrganish uchun ikki oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida oʻzaro delegatsiya almashinadigan boʻldi.

    Eslatib oʻtamiz, avgust oyi oxirida davlatimiz rahbarining “Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO — Oʻzbekiston xalqaro mukofotini taʼsis etishni qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Shuningdek, 4-8-sentyabr kunlari Parij shahrida buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050-yilligini nishonlash doirasida xalqaro koʻrgazma hamda tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.