Dehlida anʼanaviy oʻzbek toʻqimachilik mahsulotlariga bagʻishlangan koʻrgazma ochildi

    Madaniyat 3 Fevral 2023 714

    Dehlida “Buxoro: Ipak yoʻli boʻylab sayohat” nomli anʼanaviy oʻzbek toʻqimachilik mahsulotlariga bagʻishlangan koʻrgazma ochildi.

    Hindiston Toʻqimachilik vazirligi huzuridagi Milliy hunarmandchilik muzeyida “Buxoro: Ipak yoʻli boʻylab sayohat” nomli anʼanaviy oʻzbek toʻqimachilik mahsulotlariga bagʻishlangan koʻrgazma oʻz ishini boshladi.

    Mazkur koʻrgazmada Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo hunarmandlari tomonidan yaratilgan soʻzana, gilamlar, doʻppi, milliy kiyimlar namunalari va boshqa turfa xil matolar namoyish etilyapti. Shuningdek, Buxoro, Samarqand, Xiva va boshqa shaharlar manzaralari, milliy kiyim-kechaklar, taqinchoqlar namunalari aks ettirilgan suratlar ham eksponatlar orasidan joy olgan.

    Oʻzbek toʻqimachilik mahsulotlari namoyishi Hindiston Milliy hunarmandchilik muzeyi bilan hamkorlikda “Shades of India” kompaniyasi rahbari, xususiy kolleksioner David Xauzgo va uning rafiqasi Mandip Xauzgo tashabbusi bilan tashkil etilgan.

    Koʻrgazmaning ochilish marosimida mamlakatimizning Hindistondagi elchisi Dilshod Ahatov, Dehli shahridagi xorijiy davlatlar elchixonalari vakillari, sanʼatshunoslar, oʻzbek madaniyati va sanʼati ixlosmandlari ishtirok etdi.

    “Buxoro: Ipak yoʻli boʻylab sayohat” koʻrgazmasi 15-fevralga qadar davom etadi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    David Xauzgo, “Shades of India” kompaniyasi rahbari, xususiy kolleksioner:

    — Yaqinda Parij shahridagi Luvr muzeyida va Arab dunyosi institutida Oʻzbekiston tarixi va madaniyatiga bagʻishlab ochilgan mislsiz koʻrgazmalardan ilhomlanib, Dehli shahrida oʻz xususiy kolleksiyamdan foydalangan holda ushbu moʻjaz koʻrgazmani tashkil etishga qaror qildim.

    Oʻzbek xalqining nihoyatda boy madaniyati, toʻqimachilik anʼanalari va namunalari Hindistonda yanada faol targʻib etilishga loyiq, deb hisoblayman. Mazkur koʻrgazma ikki hafta davomida xalqlar oʻrtasidagi madaniy yaqinlik va doʻstlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

    Isha Joshi, “Shades of India” kompaniyasi xodimi:

    — Goʻzal Samarqand va Buxoro shaharlari asrlar davomida jahon madaniyati va sanʼatining markazi boʻlib kelgan. Boshqacha qilib aytganda bu borada mazkur shaharlarni “Osiyo Venetsiyasi” deb atash mumkin. Oʻzbekistonning boy tarixi barcha sohalar qatorida toʻqimachilik yoʻnalishiga ham ulkan taʼsir oʻtkazgan.

    Ushbu rang-barang va turfa xil sanʼat asarlari xalqlarimiz madaniyati va qadriyatlarining bir biriga naqadar yaqinligi va oʻtgan uzoq yillar davomida Buyuk ipak yoʻli boʻylab bir biriga koʻrsatgan taʼsirini yaqqol ifodalaydi.