Deklaratsiya asosida daromad solig‘i to‘lashi lozim bo‘lgan fuqarolarga SMS yuborilmoqda   

     Soliq to‘lovchilar Soliq kodeksining 393-moddasida ko‘rsatilgan daromadlari to‘g‘risidagi jami yillik deklaratsiyani hisobot yilidan keyingi yilning 1-aprelidan kechiktirmay taqdim etishi va hisoblangan soliq summasini 1-iyunidan kechiktirmay to‘lashi belgilangan.

    Soliq to‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida, ularning uyali telefonlariga deklaratsiya (mol-mulkini ijaraga berishdan, noturar obyektlari va 36 kalendar oydan kam muddatda mulkida bo‘lgan turar joylarni sotishdan hamda yaqin qarindoshi bo‘lmagan shaxslardan hadya tartibida va chet eldan olgan daromadlari) asosida hisoblangan daromad solig‘i to‘g‘risidagi maʼlumotlar SMS ko‘rinishida yuborilmoqda.

    SMS ostida “Batafsil” hamda “To‘lash” havolasi bor. “Batafsil” orqali to‘lov xabarnomasi yuklab olinadi. To‘lov xabarnomasida fuqaroning olgan daromadi, daromad solig‘i qanday hisoblanganligi, soliq stavkasi, hisoblangan soliq summasi, soliq organi masʼul xodimi aloqa raqami va boshqa maʼlumotlar o‘rin olgan.

    “To‘lash” bosilganda esa “Soliq” mobil ilovasi joylashgan platforma ochiladi. Agar ilova foydalanuvchi qurilmasiga o‘rnatilgan bo‘lsa, ilovaning “Soliqlarni to‘lash” oynasidan to‘lovni tez va oson amalga oshirish mumkin. O‘rnatilmagan bo‘lsa, platforma orqali yuklab olinadi.

    Agar soliq to‘lovchining daromad solig‘idan imtiyozi bo‘lsa, “my3.soliq.uz” sayti orqali imtiyozini ko‘rsatgan holda jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyani qayta hisobot shaklida taqdim etishi mumkin.

    Eʼtibor bering: SMS Soliq_uz manzilidan (Perfectum abonentlariga 6079 raqamidan) yuborilmoqda. Boshqa manzildan yuborilgan SMSlar soliq organiga tegishli emas.