Demokratiya va inson huquqlari: barqaror rivojlanish omillari

    Xalqaro hamkorlik 23 Fevral 2022 1781

    2022-yil 23-fevralda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Demokratiya va inson huquqlari: barqaror rivojlanish omillari” mavzusida xalqaro davra suhbati boʻlib oʻtdi.

    Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, BMTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tomonidan tashkil etildi.

    Davra suhbatida senatorlar, BMTTDning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, Yevroparlament Tashqi ishlar qoʻmitasi raisi Devid Makallister boshchiligidagi Yevroparlament delegatsiyasi aʼzolari, mamlakatimiz vazirlik va idoralari vakillari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar ekspertlari, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan olimlar va tadqiqotchilar, xorijiy oliy oʻquv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari, JIDU professor-oʻqituvchilari, magistrantlari hamda talabalari ishtirok etdi.

    Tadbirda inson huquqlarini targʻib qilish, himoya qilish va ularga rioya qilish masalalari Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida muhokama qilindi.

    Tadbirni Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev kirish soʻzi bilan ochar ekan, Oʻzbekistonda inson huquqlarini taʼminlash, himoya qilish va ularga rioya etish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanini alohida taʼkidladi.

    Mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratishga qaratilgan demokratik islohotlarning bosh mezoniga aylandi.

    Inson huquqlari boʻyicha xalqaro standartlar milliy qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotiga tizimli va bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Hozirgi vaqtda Oʻzbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan inson huquq va erkinliklari sohasidagi 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarning normalari milliy qonunchilikda oʻz aksini topgan.

    Xorijlik ishtirokchilar oʻz chiqishlarida Prezident Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida respublikamizda amalga oshirilayotgan islohotlarni, shuningdek, mamlakatning xalqaro nufuzi jadal oʻsishiga xizmat qilayotgan Oʻzbekiston rahbarining ochiq, izchil va pragmatik tashqi siyosatini yuqori baholadi.

    Davra suhbatida Oʻzbekistonda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash borasida izchil olib borilayotgan davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy vazifalari va ustuvor yoʻnalishlari, barqaror rivojlanish omillariga bagʻishlangan maʼruza va nutqlar tinglandi.

    Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari, umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlar, Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi majburiyatlari, BMT ustav organlari va shartnoma qoʻmitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda qonunchilikni takomillashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

    Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish omili sifatida institutlar va demokratik siyosat samaradorligini taʼminlash, tenglik va inklyuzivlikka asoslangan kuchli fuqarolik jamiyati institutlari yordamida inson huquqlarini himoya qilish masalalariga eʼtibor qaratildi.

    Tadbir davomida ilmiy va ekspert hamjamiyati vakillarining oʻzaro faol muhokamasi boʻlib oʻtdi va fikr almashildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.