“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining maxsus soni yoshlar huquqlariga bagʻishlandi

    Keyingi avlod 11 Avgust 2020 3390

    Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018-yilda Samarqand shahrida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 70 yilligiga bagʻishlab Inson huqulari boʻyicha Osiyo anjumanini oʻtkazish tashabbuskori boʻlgan edi.

    Ushbu tashabbus Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi A.Gutterish tomonidan qoʻllab-quvvatlangan edi.

    2018-yilda boʻlib oʻtgan Osiyo anjumani inson huquqlarining jahon amaliyotiga “Samarqand ruhi”ni kiritdi. Ushbu xalqaro tadbir yakunlari asosida inson huquqlari boʻyicha xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni yana-da mutahkamlash maqsadlari koʻzlanib, Samarqandda Osiyo anjumanini har ikki yilda oʻtkazib turishga qaror qilingan edi.

    “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining 3-soni maxsus ana shu Samarqandda 2020-yil 12-avgustda oʻtkaziladigan, “BMT-75” tashabbusi doirasida tashkil qilingan Samarqand forumi va Xalqaro yoshlar kuniga bagʻishlandi.

    Jurnalning ushbu sonida “Yangi Oʻzbekiston – yangi parlament” rukni ostida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining raisi Tanzila Narboyevaning “Oliy Majlis Senati: yaqin va uzoq istiqbolimizdagi faoliyatimizning bosh mezoni – xalq farovonligini yuksaltirishdir” sarlavhali maqolasi eʼlon qilingan.

    Muallif bugungi kunda senatorlardan mamlakatimizda kechayotgan islohotlarda shunchaki kuzatuvchi boʻlib chetda turish emas, aksincha, ana shu yangilanishlarning faol ishtirokchisi, tashabbuskoriga, parlament nazorati institutining muhim subyektiga aylanish talab etilayotganiga urgʻu bergan. Buning uchun parlament yuqori palatasining ish uslubini tubdan oʻzgartirish, ijtimoiy siyosatnng aholi manfaatlariga xizmat qilishiga erishish, xalqaro aloqalar va parlamentlararo munosabatlarni yangi mazmun bilan boyitish, korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish, xalq bilan muloqot va jamoatchilik bilan aloqalarni yana-da mustahkamlash vazifalari batafsil tahlil etilgan va ularni amalga oshirish gʻoyalari ilgari surilgan.

    Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yoshlar huquqlari boʻyicha xalqaro konvensiyani ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusi bilan chiqqan edi. Samarqanddagi ikkinchi Osiyo anjumani kun tartibidagi asosiy masala ham ana shu juda muhim xalqaro hujjat loyihasini atroflicha muhokama qilishdir. Jurnalda eʼlon qilingan maqolalarning aksariyati ham ana shu mazudadir.

    Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi Bahtiyor Mirboboyev oʻz tahliliy maqolasida fuqarolar, shu jumladan yoshlar huquqlari taʼminlanishining konstitutsiyaviy-huquqiy kafolatlariga aniqlik kiritgan. Muallif ayniqsa yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik muhimligini uqtiradi.

    Shunisi eʼtiborliki, jurnalda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning nufuzli rahbarlari yoshlar huquqlarining turli muammolari boʻyicha tahliliy maqolalari bilan qatnashganlar. Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakili Rishard Komenda yoshlar huquqlari masalasi koʻp yillar davomida BMT kun tartibidan tushmay kelayotganiga eʼtiborni qaratadi. Chunki yoshlar jahon aholisining salmoqli qismini tashkil etadi va ularning huquqlarini taʼminlash barcha davlatlar uchun dolzarbdir. Xususan Oʻzbekistonda aholining 60 foizidan ortigʻini 35 yoshgacha boʻlganlar tashkil etadi.

    R.Komenda oʻz maqolasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining yoshlar strategiyasini amalga oshirishda Oʻzbekistonni faol davlatlardan biri ekanligini alohida taʼkidlaydi.

    Islom hamkorlik tashkiloti Yoshlar anjumanining bosh direktori Rasul Omarovning jurnalda eʼlon qilingan maqolasida Islom hamkorlik tashkiloltining yoshlar strategiyasi batafsil bayon etilgan. Islom hamkorlik tashkiloltining yoshlar strategiyasida yoshlarning milliy darajada ehtiyojlarini qondirish vositalaridan foydalanish, oʻzaro qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini ishga solish, yoshlar bilan muloqotni yoʻlga qoʻyish konsepsiyasi mujassamlashgan.

    Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasining Yoshlar huquqlari boʻyicha guruh rahbari Charonis Jorj Konstantinos esa oʻz maqolasida demokratik jamiyat barpo etish va Barqaror rivojlanishga erishishda yoshlarning rolini ochib bergan. Muallif yoshlarning oʻz mamlakatlari siyosiy hayotida faol ishtirok etishlari, saylash va saylanishdagi, oʻz taqdirlariga taalluqli qarorlar qabul qilishda ishtirok etishlaridagi chegaralashlar, mehnat qilish huquqlarining taʼminlanmayotganligi va boshqa mavjud qator muammolar, ularni hal qilish yoʻllariga diqqat-eʼtiborni jalb etadi.

    Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz direktori, akademik Akmal Saidov va Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz direktorining birinchi oʻribosari, yuridik fanlari doktori Mirzatilla Tillaboyevning “Yoshlar huquqlari: xalqaro, mintaqaviy va milliy standartlar” maqolasida yoshlarning huquqlarini taʼminlash va himoya qilishga doir xalqaro va mintaqaviy hujjatlar chuqur tahlil qilingan. Mulliflar, shuningdek BMTning Rivojlanish maqsadlari va Oʻzbekistonda yoshlar siyosatini amalga oshirishning ustuvor yoʻnalishlari, yoshlar huquqlarini himoya qilishing istiqbollariga ham batafsil toʻxtalganlar.

    Mualliflar Alisher Xursandov, Shohjahon Rashidov, Erkin Ernazarov, Zafar Shakarovlarning Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishning huquqiy asoslari, ayrim xorijiy davlatlarda yoshlarga oid davlat siyosatini amaliyotga joriy etish mexanizmlari, yoshlarning oʻz salohiyatlarini namoyon qilishlari uchun zarur huquqiy asoslar, yoshlarning mehnat qilish huquqlari xalqaro normalariga doir maqolalarida ham dolzarb masalalar koʻtarib chiqilgan.

    Jurnalning ushbu sonida shuningdek yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, yoshlarning axborot oqimidan samarali foydalanishlarini taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurashish va boshqa mavzulardagi ilmiy maqolalar eʼlon qilingan.

    Erkin Ernazarov,

    “Demokratlashtirish va inson huquqlari”

    jurnali bosh muharririning oʻrinbosari