“Dentons” yuridik firmasi vakillari bilan uchrashuv

    Investitsiyalar 10 Fevral 2022 1248

    Bugun, 10-fevralda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbariyati va “Dentons” yuridik firmasi vakillari oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Yigʻilishda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi oʻrinbosari Oleg Pekos va AKT vazirining oʻrinbosari J.Egamberdiyev ishtirok etdi.

    Uchrashuvda AKT sohasiga investitsiyalarni jalb qilish, “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” dasturi doirasidagi ustuvor loyihalarni moliyalashtirish kabi dolzarb va muhim yoʻnalishlarda hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

    Tomonlar keng va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini qayd etib, ularni yanada rivojlantirish uchun saʼy-harakatlarni safarbar etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun:

    “Dentons” — dunyodagi eng yirik xalqaro yuridik firmalaridan biri. Firmaning Olma-Ota, Ostona, Boku, Kiyev, Moskva, Sankt-Peterburg va Toshkentda vakolatxonalari mavjud. “Dentons” xalqaro va milliy korporatsiyalar, banklar hamda boshqa moliya institutlari, xususiy kapital fondlar, startaplar, davlat korxonalari, jismoniy shaxslar va notijorat tashkilotlarga xizmatlarning toʻliq spektrini taqdim etadi. Kompaniyaning xodimlari 14 mingga yetadi.