Inson huquq va manfaatlarini himoya qilish, aholiga munosib mehnat va yashash sharoiti yaratish bugungi kunning eng muhim talabidir. Demak, bundan buyog'iga har bir rahbar, deputatlar ham hamisha xalq dardi bilan yashab, odamlarni qiynayotgan muammolarni hal qilishi, amaliy natijalar bilan xalq ishonchini qozonishi lozim.

Binobarin, xalq bilan ochiq muloqot qilish, fuqarolarning dardu quvonchiga sherik bo'lish, og'irini engil qilishda hikmat ko'p. SHu nuqtai nazardan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O'zLiDeP fraktsiyasi a'zosi Odinaxon Otaxonova joylardagi haqiqiy ahvolni o'rganish va ularni hal etish choralarini ko'rish maqsadida SHahrixon tumanida bo'ldi.

Yuzma-yuz muloqotlar doirasida yaqinda Prezidentimiz raisligida o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida qishga tayyorgarlikda yo'l qo'yilgan kamchiliklarni hal etish masalalari tanqidiy tahlil qilingani, bu bo'yicha muammolarni bartaraf etish choralari ko'rilayotgani qayd etildi. Davlatimiz rahbarining farmon va qarorlari, videoselektor yig'ilishlarida belgilab berilayotgan topshiriqlar ijrosi joylarda qay darajada ta'minlanayotgani o'rganildi.

Xalq vakili tuman hokimi H.Dadaxonov bilan birgalikda “Xalq qabulxonasi”ga borib, u erga o'z muammo, masalalari bilan kelgan fuqarolarning ariza va shikoyatlarini tingladi. Saylovchilar tomonidan elektr energiyasi, ichimlik va oqava suv ta'minoti, bandlik, maktab va bog'chalarni ta'mirlashga oid kelib tushgan murojaatlar nazoratga olinib, ijrosi yuzasidan mutasaddilarga ko'rsatmalar berildi.

— Biz poytaxtdan shunchaki saylovchilar bilan uchrashish uchun kelganimiz yo'q.  Niyatlarimiz katta, rejalarimiz ulkan. Asosiy maqsadimiz — joylarda to'planib qolgan muammolarni hal etish orqali har bir insonning hayotdan rozi bo'lib yashashiga erishish, — dedi O.Otaxonova. — Agar deputat xalq dardi bilan yonib yashasa, uning muammolariga o'zining muammosi sifatida qarasa, xatoliklar kamayadi, hudud rivojlanadi. Bu esa har bir yurtdoshimizning hayotdan mamnun bo'lib umrguzaronlik qilishini ta'minlaydi.

Haqiqatdan ham, odamlarni rozi qilish bugungi islohotlarning asosiy mezonidir. Chunki, baxtli odamlargina dunyoni yangilashga, o'zgartirishga qodir bo'ladi. Shu jihatdan bugun deputatlar ham zamon bilan hamqadam yurib, mavjud muammolarga birinchi bo'lib yechim topishi, odamlarning dardu quvonchiga sherik bo'lishi zarur. Ayniqsa, ijtimoiy ehtiyojmand qatlamga, doimiy daromaddan mahrum bo'lgan insonlarga ko'mak berish g'oyat muhimdir.

Kunning ikkinchi yarmida deputat O.Otaxonova Shahrixon tumanining bir qator mahallalarida bo'lib, “Temir daftar”ga kiritilgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo'qotgan, nogironligi bo'lgan oilalar holidan xabar oldi. 19 ta xonadonga zarur oziq-ovqat mahsulotlari tarqatdi. Uyma-uy yurib saylovchilar bilan dildan suhbatlashdi, tibbiy ko'rikka muhtoj fuqarolarni tibbiy ko'rikdan o'tkazish va zarur dori-darmon vositalari bilan ta'minlashga ko'maklashdi.

Xalq noibi uchrashuvlar davomida “Shokirboy” mahalla fuqarolar yig'ini hududidagi 17-umumta'lim maktabida ham bo'lib, ta'lim muassasasining qish mavsumiga tayyorligini, o'quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar va o'quv binosining holatini o'rgandi. Aniqlangan muammolar tegishli tashkilotlar bilan birgalikda bartaraf etildi. Yechimi uzoq vaqt talab etadigan murojaatlar bo'yicha tegishli tashkilotlarga ko'rsatmalar berilib, ijrosi nazoratga olindi.

Aholi sonining oshishi bilan tabiiyki, odamlarning oziq-ovqat mahsulotlariga bo'lgan talabi ham oshadi. Lekin keyingi paytda bozorlarda narx-navoning oshib ketishi ijtimoiy tarmoqlarda qizg'in muhokamalarga sabab bo'lmoqda. Masalan, birgina go'sht narxi 40-45 ming so'mdan 60-65 ming so'mgacha etgan. Shu bois, Prezidentimiz raisligida o'tgan videoselektor yig'ilishida narx-navoning oshishi keskin tanqid qilinib, buning oldini olish bo'yicha qator topshiriqlar berilgan edi. Xalq vakili mamlakatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini sifatli va yuqori saviyada ta'minlash maqsadida Shahrixon tuman “Dehqon bozori”da ham bo'lib, oziq-ovqat mahsulotlari narx-navosi bilan tanishdi. Prezidentimiz tomonidan qo'yilgan vazifalar ijrosi qay darajada ta'minlanayotgani bilan qiziqdi.

Sir emaski, mamlakatimizda aholi sog'ligini muhofaza qilish va mustahkamlash masalasiga davlat siyosati darajasida katta e'tibor qaratilmoqda. Zotan, xalq salomatligi, millat genofondi mustahkamligi shu davlatning katta boyligidir. Deputat O.Otaxonova shuningdek, “Qumtepa” MFYda joylashgan tibbiyot birlashmasiga qarashli 2-sonli tug'ruq kopleksining ochilish marosimida qatnashib, shu erda viloyat hokimi bilan tumandagi mavjud muammolar xususida fikr almashdi. Mazkur tug'ruq komleksini ko'mir bilan ta'minlash masalasi manzilli dasturga kiritildi.

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis

Qonunchilik palatasi matbuot xizmati