Deputat soʻroviga yengil-yelpi munosabatda boʻlish holatlari ham uchrab turibdi — Prezident

    Prezidentimiz parlament va Hukumat oʻrtasidagi munosabat qarama-qarshilikka emas, konstruktiv muloqotga asoslanishi zarurligini yana bir bor eslatib oʻtdi.

    Hukumat, vazirlik va idoralar, hududlar rahbarlari deputatlar tomonidan joylarda aniqlangan muammolarni hal etishda quyi palata qoʻmitalari bilan tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishlari lozimligi taʼkidlandi.

    Lekin hozirgi vaqtda turli sohalarda nazoratni taʼminlovchi davlat inspeksiyalarning Qonunchilik palatasi qoʻmitalari bilan hamkorlik tizimi yoʻlga qoʻyilmagan. Shu bois ularning hisobotlarini qoʻmitalarda muhokama qilib borish boʻyicha yangi, taʼsirchan tizim joriy etish muhimligi taʼkidlandi.

    Bu ish samarali boʻlishi uchun vazirlik va idoralarda rahbar oʻrinbosarlarini quyi palata qoʻmitalari bilan doimiy hamkorlik uchun masʼul etib biriktirish taklif etildi.

    Prezidentimiz parlament va Hukumat oʻrtasidagi munosabat qarama-qarshilikka emas, konstruktiv muloqotga asoslanishi zarurligini yana bir bor eslatib oʻtdi.
    Afsuski, parlament soʻrovi, deputat soʻroviga yuzaki yondashib, unga yengil-yelpi munosabatda boʻlish holatlari ham uchrab turgani qayd etildi.

    Bu borada barcha rahbarlar masʼuliyat va javobgarlikni toʻliq his etishi lozimligi, ushbu masalaga bepisand qarashga hech kimning haqqi yoʻqligi taʼkidlandi. Parlament va deputat soʻrovlariga javob aniq va mazmunli boʻlishi, soʻrov kimga yoʻllangan boʻlsa, shaxsan shu rahbar tomonidan javob berilishi shart.