Albatta, bola bu dunyo, bola bu hayot mazmuning ajralmas qismidir. Bolalar oʻz tabassumlari orqali insonlar qalbida hayotga, yashashga boʻlgan qiziqishni uygʻotadilar. Koʻzlarida ezgulik va mehr qalqib turgan bolajon musaffo osmonda erkin parvoz etayotgan qaldirgʻoch misolidir.
1-iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bayrami munosabati bilan Mahalliy Kengash deputatlari Olimxon Babaxanov va Gʻiyosiddin Babaxanovlar tashabbusi bilan “Bor mehrimiz senga bolajon” shiori ostida Namangan shahridagi psixofizik rivojlanishi buzilgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan tipdagi bolalar uyida parvarishlanayotgan koʻngli yarim bolajonlar holidan xabar olindi.
Ushbu maskanda parvarishlanayotgan 43 nafar bolajonlarni bayram bilan tabriklab, ularga sovgʻa-salomlar ulashildi.
Shuningdek, Namangan shahridagi 1-sonli davlat ixtisoslashgan maktab internatida 7-9 sinf oʻquvchilari oʻrtasida “Bolalarga bering dunyoni” shiori ostida rasmlar va sheʼrlar tanlovi oʻtkazildi.
Tanlov ishtirokchilari chizgan rasmlarida begʻubor bolalik, yurtimizning rivojlanishi, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar kabi jarayonlarni aks ettirishdi.
Tanlovda faol ishtirok etgan bir guruh oʻquvchilarga tashakkurnoma Mahalliy Kengash deputatlari Olimxon Babaxanov va Gʻiyosiddin Babaxanovning esdalik sovgʻalari topshirildi.