Deputatlar taklifiga koʻra, 2021-yil uchun Davlat byudjeti loyihasida umumtaʼlim maktablarini jihozlash uchun qoʻshimcha 100 milliard soʻm, “El-yurt umidi” fondiga qoʻshimcha 32,5 milliard soʻm, Axborot-kutubxona markazlarida kutubxona fondini yangilash va toʻldirish uchun 5 milliard soʻm mablagʻ ajratiladigan boʻldi.

Majlisda deputatlar kelajak vorislarining tarbiya oʻchogʻi-maktablar va taʼlim-tarbiya masalalariga yoʻnaltirayotgan byudjet mablagʻlarini koʻpaytirish imkoniyatlarini qayta koʻrib chiqishni tavsiya etdilar. Jumladan, maktablarda boshlangʻich harbiy tayyorgarlik sohasiga mutasaddilik qilayotgan direktor oʻrinbosarlari moddiy taʼminotini boshqa oʻrinbosarlarga tenglashtirish, sanʼat yoʻnalishida oʻrta taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan qoʻzi ojiz nogironligi boʻlgan oʻquvchilarni toʻlovsiz taʼlim olishini taʼminlash, maktablar qayta qurilishi va taʼmirlanishiga ajratilayotgan mablagʻlarni koʻpaytirish masalalariga jiddiy manfaatdorlik bilan yondashdi.

Deputatlar koʻtargan har bir muammo yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari batafsil va talablarni qondirish mazmunidagi javoblarni berdi. Ayniqsa, maktablar kesimidagi mablagʻlarni koʻpaytirish haqidagi axborot, qoʻzi ojiz nogironligi boʻlgan oʻquvchilarning tahsil olishini toʻlovsiz tartibga oʻtkazish toʻgʻrisidagi normativ-huquqiy hujjat imzolanish arafasida ekani toʻgʻrisidagi javoblar deputatlar tomonidan iliq kutib olindi.

Davlat byudjeti daromadlarining manbalari va xarajatlarini tahlil qilish natijasida davlat dasturlari doirasida ajratilishi lozim boʻlgan mablagʻlarni 2021-yil byudjetida aks ettirishga erishildi. Jumladan, sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish, aholining sogʻlom ovqatlanishini, tibbiy profilaktika ishlari samaradorligini yana-da oshirish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga yangi mexanizmlarni joriy qilish xarajatlariga 63,4 milliard soʻm, yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini rivojlantirish dasturiga 104 milliard soʻm mablagʻ ajratiladigan boʻldi.

Shuningdek, kelgusi yillarda tamaki mahsulotlari uchun aksiz soligʻidan keladigan tushumlarni alkogol mahsulotlari uchun aksiz soligʻi kabi hududlarga respublika aholisidagi ulushiga muvofiq taqsimlanishini hamda Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat bojxona qoʻmitasi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda amaldagi soliq imtiyozlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazgan holda qayta koʻrib chiqish va ularni bekor qilish yuzasidan takliflar bildirildi.

Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga muddatidan biroz kechiktirib kiritilishi ishlarni qizgʻin jadval asosida olib borishni taqozo etdi. Har bir qoʻmita va fraksiya yigʻilishlarida Hukumat aʼzolari, tegishli vazirlik rahbarlari barcha savollarga yechim topilishiga koʻmaklashdilar, yuzlab taklif va savollar koʻtarildi hamda ular loyihaning tugal variantida oʻz aksini topdi.

Qizgʻin bahs-munozara va savol-javoblardan soʻng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi hamda Senatga yuboriladigan boʻldi.