Taʼkidlanganidek, kelgusi yilga moʻljallangan Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasining koʻrib chiqilishi oʻtgan yillardagiga nisbatan farq qildi. Prezidentimizning Oliy Majlis palatalaridagi maʼruzalarida strategik yoʻnalishlar, aniq vazifalar belgilab berilgani budjet loyihasi muhokamalarini mazmunli oʻtkazishga, koʻtarilgan masalalarning mohiyatiga chuqurroq kirishga imkon yaratdi.
Qoʻmitalar tomonidan oʻtkazilgan yigʻilishlar, siyosiy partiyalarning fraksiyalaridagi muhokamalarda deputatlar tomonidan 100 dan ortiq savollar, 10 dan ortiq konseptual ahamiyatga ega taklif va tavsiyalar berilgani buning dalilidir.
Majlisda Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining daromadlari va xarajatlari, mahalliy budjetlar va Davlat maqsadli jamgʻarmalariga oid loyihada koʻzda tutilgan tadbirlar, ularni moliyalashtirish manbalariga oid maʼlumotlar chuqur tahlil qilinganligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Masʼul qoʻmita tomonidan qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlashda loyihaning tegishli moddalarida aks ettirilgan normalar Prezident farmon va qarorlari hamda Hukumat qarorlari bilan uygʻunligi va asoslantirilganligi oʻrganildi. Shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida koʻzda tutilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirishda 2025-yilda belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish masalalariga aniqlik kiritildi.
Qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida Hisob palatasining bergan xulosalari ham deputatlar eʼtiborida boʻldi. Xulosa yuzasidan deputatlar tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar hisobga olingan holda, asoslantirilgan takliflarni Soliq va Budjet kodekslarida aks ettirish masalasi oʻrganib chiqildi.
Shu bilan birga, qoʻmitalar va siyosiy partiyalar fraksiyalari yigʻilishlarida qonun loyihasida vazirlik va idoralarga ajratilishi koʻzda tutilgan budjet mablagʻlari, ulardan foydalanish va natijadorlikni oshirish yuzasidan bildirilgan taklif va tavsiyalar birma-bir koʻrib chiqildi va muhokama qilindi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.