Davlatimiz rahbari prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridanoq barcha sohalar qatori sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish, hududlar aholisini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratib kelayotgani zamirida ham ulkan maqsadlar mujassam. Zero, baxtimizning oʻndan toʻqqiz ulushi sogʻligʻimizga bogʻliq.
Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham bu dolzarb masalaga toʻxtalib, mavjud imkoniyat va salohiyatimiz, pandemiya davrida orttirgan tajribamizdan foydalanib, aholi salomatligini asrash va mustahkamlash borasidagi tub islohotlarni yangi bosqichga koʻtarish zarurligini taʼkidlagan edi. Chunki bu borada yechimini kutib turgan masalalar koʻp.
Shu maʼnoda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi islohotlarni hayotga tatbiq etish boʻyicha parlament komissiyasi aʼzolari hududlarda boʻlib, tibbiyot muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanishmoqda.
Ayni maqsadda Andijon viloyatida boʻlgan xalq vakillari O.Otaxonova va M.Adxamjonovalar hududdagi uchrashuvlarini viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi rahbariyati bilan viloyatda sohada amalga oshirilayotgan ishlar, muammo va yechimlar yuzasidan fikr almashdi.
Deputatlar oʻz soʻzida chekka-chekka hududlarda tibbiy xizmat koʻrsatish sifati yaxshi emasligini aytib, tibbiyotning birlamchi boʻgʻinini kuchaytirish, ayniqsa, qishloq va mahallalarda tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish eng asosiy masala ekanligini taʼkidladilar.
–Aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifati hududlarda hali ham yetarli darajada emas, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati O.Otaxonova. – Bugungi kunda fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyat qismi ham tibbiyot tizimi va undagi kamchiliklar bilan bogʻliq. Bu esas aholi noroziligiga, tibbiy xizmat koʻrsatish sifati tushishiga sabab boʻlmoqda. Shu sababli, tibbiyotning birlamchi boʻgʻinini kuchaytirish, ayniqsa, qishloq va mahallalarda tibbiy xizmat sifatini oshirish lozim.
Xalq noiblarining keyingi manzili Izboskan tumani tibbiyot birlashmasi boʻldi. Deputatlar bu yerda muassasa faoliyati bilan yaqindan tanishdi, bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar, muassasaning moddiy texnika bazasi, zarur dori vositalari bilan taʼminlanganlik darajasi bilan qiziqdi.
Parlament quyi palatasi deputatlarining Oltinkoʻl tuman tibbiyot birlashmasidagi uchrashuvlari ham gʻoyat qizgʻin kechdi. Shu yerda tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ayniqsa, kasallikning oldini olish, erta aniqlash va bartaraf etishda muhim boʻgʻin boʻlgan oilaviy poliklinikalar faoliyatini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida fikr almashildi.
Uchrashuv davomida muassasada davolanayotgan bemorlar ahvoli, turmush sharoiti bilan qiziqdi, ular bilan muloqot qilib, mavjud muammolar yuzasidan zarur taklif va tavsiyalar berildi. Aniqlangan muammolarni hal etish choralari koʻrildi.
Xalq vakillarining oʻrganishlari Andijon tumanida davom etdi. Deputatlar hududdagi bir qator oilaviy poliklinikalarda boʻlib, sogʻliqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan tibbiyot xodimlari va bemorlar bilan muloqot qildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining joylardagi oʻrganishlari davom etmoqda.