Dastlab aholi bandligini ta'minlash va xuquqlarini himoya qilishda davlat maqsadli jamg'armalari mablag'larining qay darajada samarali sarflanayotgani haqida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o'rinbosari deputatlarga axborot berdi.

Aholi bandligini ta'minlash bo'yicha vazirlik tizimidagi barcha tuzilmalar faoliyatidan aholining xabardorligini oshirish, shu orqali ular faoliyati ustidan jamoatchilik va parlament nazoratini kuchaytirish bo'yicha vazifalar belgilandi. 

Aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlashdagi muammolarning echimlari bo'yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vaziri o'rinbosari axborot taqdim etdi.

Ta'kidlanishicha, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmon va qarorlari asosida aholining ichimlik suvi bilan ta'minlanganlik darajasini oshirish, suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish bo'yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Oxirgi ikki yilda ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimini yaxshilashga 2 trillion 400 milliard so'm ajratildi. Bu avvalgi 10 yilda ajratilgan jami mablag'dan 2 baravar ko'p, demakdir. SHunga qaramasdan, mamlakatimizda markazlashgan tarmoqlar orqali toza ichimlik suvi bilan ta'minlash darajasi 68 foizni tashkil etmoqda.

Hukumatning 2020-2030 yillarga mo'ljallangan Ichimlik suvi ta'minoti va oqova suv tizimini rivojlantirish strategiyasi ko'ra, 2030 yilda aholining ichimlik suvi ta'minoti darajasini 91 foizga, shaharlar va tuman markazlaridagi oqova suv tizimi ta'minoti darajasini 16 foizdan 31 foizga etkazilishi rejalashtirilgan.

Yig'ilishda 1993 yilda qabul qilingan “Suv va suvdan foydalanish to'g'risida”gi qonunni bugungi kun talablariga muvofiq ravishda yangilash zarurati yuzaga kelgani haqida fikr bildirildi.

Onlayn shaklda o'tgan tadbirda mahalliy kengashlar deputatlari, hududiy tashkilotlar faollari ham masofadan qatnashib, mutasaddi vazirliklarga elektorat manfaatlari himoyasi nuqtai-nazaridan o'z savol va fikr-mulohazalarini bildirish imkoniga ega bo'ldi.