Saudiyalik gazetxonlar e’tiboriga poytaxtimizdagi IT Parkning joriy yilning birinchi olti oylik faoliyati natijalari to‘g‘risidagi ma’lumot havola etilgan.
Maqolada ta’kidlanishicha, “Xorijiy kompaniyalar uchun keng imkoniyatlarni jalb qilish uchun vazirliklar, idoralar va xususiy sektorning barcha imkoniyatlaridan foydalanish samarasida O‘zbekistonda axborot texnologiyalari sohasi jadal rivojlanmoqda. Bunda “IT Park Uzbekistan” muhim ahamiyatga ega bo‘lib, soha rivojiga samarali hissa qo‘shmoqda. 2023 yilning birinchi yarimidagi ma’lumotlar IT sohasida ijobiy o‘sish sur’atlaridan darak beradi.
Keltirilgan raqamlarga ko‘ra, IT-park innovatsion shaharchalar eksporti ko‘lami o‘tgan yilning birinchi yarimiga nisbatan 2,7 barobarga oshib, 145,3 million dollarni tashkil etgan. 2022 yilning birinchi yarimi yakunida bu ko‘rsatkich 140,9 million dollarni tashkil qilgan edi. 2023 yilning birinchi yarimida eksport ulushining 45 foizi Amerika Qo‘shma Shtatlariga, 14 foizi Buyuk Britaniyaga, 8 foizi Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga, 33 foizi Singapur, Birlashgan Arab Amirliklari, Shvetsiya, Koreya, Kanada kabi mamlakatlarga to‘g‘ri keladi. Joriy yilning birinchi yarimi yakunlariga ko‘ra, 2023 yil oxirigacha IT eksportining umumiy hajmi 300 million AQSH dollariga yetishi kutilmoqda.
2023 yilning birinchi yarimi yakuniga ko‘ra, IT park rezidentlari soni 1424 ta kompaniyaga yetdi. Shundan 986 tasi Toshkent shahrida, 438 tasi esa respublikaning qolgan shaharlarida ro‘yxatga olingan. Ularning 296 tasi ta’lim, 213 tasi xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalardir. Joriy yilning birinchi yarimida raqamli shaharchada faoliyat yurituvchi kompaniyalar soni 442 tani tashkil etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 2,2 barobarga oshganini ko‘rsatadi. Ayni paytda IT parkda ish bilan ta’minlangan mutaxassislar soni 22 ming 140 nafardan ortdi.
“Yaqin kelajakda IT parkning ijodiy iqtisodiyot, kibersport va akseleratorlar kabi faoliyat turlari kengaytiriladi. “Digital City” Yaqin Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida vakolatxonalar ochishni rejalashtirmoqda. O‘zbekistonga yirik IT-kompaniyalarning hududiy shtab-kvartiralarini jalb etish ham ko‘zda tutilgan”, deya yakunlanadi “Swift News” elektron nashrida chop etilgan maqola.