Dilek Yerduran: “Oʻzbekistonda xotin-qizlar masalalari boʻyicha tashkilotlarning koʻpligi quvonarli”

    Joriy yilning 1-mart kuni davlatimiz rahbari Oʻzbekistonda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga koʻtarish va ayollarning jamiyatdagi oʻrnini yanada yuksaltirish va mustahkamlashga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazgan edi.

    Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Fizika fakultetida tashkil etilgan ilmiy-amaliy seminar ana shu yigʻilishda belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli boʻldi.

    Oʻquv-seminarda Turkiyaning Burdur Mehmet Akif Ersoy universiteti professori Dilek Yerduran ham ishtirok etgani uning nufuzini yanada oshirdi, desak xato boʻlmaydi.

    Seminarda shuningdek, Oʻzbekiston xotin-qizlar “Olima” uyushmasi raisi, tarix fanlari doktori, professor Rahbar Murtazayeva, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti direktori, kimyo fanlari doktori, akademik Sayyora Rashidova, OʻzMU Xotin-qizlar kengashi raisi Raʼno Rustamova, koʻpab olima ayollar va talaba yoshlar qatnashdi.

    Seminarni Fizika fakulteti professori, OʻzMU Olima ayollar tashkiloti raisi Zohidova Mavluda ochib berdi. Shundan soʻng professor Dilek Yerduran Turkiyadagi xotin-qizlarga doir statistik maʼlumotlar, taʼlim sohasidagi xotin-qizlarning oʻrni xususida toʻxtalib oʻtdi.

    “Turkiyada 204 ta universitet mavjud boʻlib, shundan 17 % ida ayol kishi rektor lavozimida faoliyat yuritadi. Oʻzbekistonda ham shuni guvohi boʻldimki, bir qancha Xotin-qizlar masalalari boʻyicha idoralar va tashkilotlar bor yekan, bu juda quvonarli”, deb taʼkidladi professor Dilek Yerduran.

    Shu oʻrinda aytish kerakki oliygohga yaqindagina Istanbuldagi Ibn Haldun universitetining oʻqituvchi va boshqa xodimlaridan iborat delegatsiya ham rasmiy tashrif bilan keldi.

    Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov va Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov boshchiligidagi vakillar delegatsiya aʼzolarini kutib oldi.

    Munojat Moʻminova,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri