Diniy nashida uchun 5 yilga qamalgan Sardor Rahmonqulov ozodlikka chiqarildi

    2 yil sinov muddati belgilandi va u sud zalida qamoqdan ozod qilindi.

    Jinoyat ishlari boʻyicha Olmazor tuman sudining 2023-yil 30-yanvardagi hukmi bilan S. Rahmonqulov (2001-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat texnika universiteti 4-kurs talabasi, muqaddam sudlanmagan) Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.

    Bugun, 2-mart kuni Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida sudlanuvchi S. Rahmonqulovning himoyachisi tomonidan keltirilgan apellyatsiya shikoyati asosida ushbu jinoyat ishi apellyatsiya tartibida koʻrib chiqildi.

    Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasining 2023-yil 2-martdagi ajrimiga muvofiq birinchi instansiya sudining hukmi oʻzgartirilib, S. Rahmonqulovga tayinlangan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi Jinoyat kodeksining 72-moddasi (shartli hukm qilish) qoʻllanilgan holda shartliga oʻzgartirilib, 2 yil sinov muddati belgilandi va u sud zalida qamoqdan ozod qilindi.

    Shuningdek, Jinoyat kodeksining 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamogʻi vaqtini hisobga olish qoidalari) tartibida S. Rahmonqulovning 7 oy 9 kun qamoqda saqlanganligi inobatga olinib, asosiy jazodan chegirib tashlandi.