Unda Vena akademiyasi va Oʻzbekistondagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari muhokama etildi.
Uchrashuv avvalida Emil Briks Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini takomillashtirish yoʻlida amalga oshirilgan islohotlar va oʻzgarishlar bilan atroflicha tanishtirilar ekan, Oʻzbekiston Prezidentining 2022-yil 23-iyuldagi “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tizimli isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining mazmun-mohiyatiga alohida eʼtibor qaratildi.
Muloqot chogʻida mazkur hujjatdan kelib chiqqan holda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti dars jarayonlariga Vena Diplomatiya akademiyasi xodimlarini jalb etish, shuningdek, universitet oʻqituvchi-professorlari malakasini oshirish uchun xorijiy ekspertlar ishtirokida mahorat darslarini tashkil etish masalasi koʻrib chiqildi.
Oʻz navbatida, Emil Briks oʻzaro tajriba almashish maqsadida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti vakillarining VDAga tanishuv tashrifini amalga oshirishni taklif qildi.
Shu bilan birga, oʻzaro talabalar almashuvi dasturlarini yoʻlga qoʻyish orqali Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining bakalavr, magistr va doktorantura yoʻnalishidagi izlanuvchilari va mustaqil tadqiqotchilar uchun Vena Diplomatiya akademiyasida malaka oshirishlari imkoniyatini yaratish masalasi ham muhokama etildi.
Maʼlumot tariqasida qayd etish joizki, 1754-yilda tashkil etilgan Vena Diplomatiya akademiyasi (Diplomatische Akademie Wien) dunyodagi eng koʻhna diplomatiya maktabi hisoblanadi. Talabalarni oʻqitishning asosiy yoʻnalishlari – xalqaro munosabatlar, siyosatshunoslik, jahon iqtisodiyoti, tarix, shuningdek, xalqaro huquq va Yevropa Ittifoqi huquqi. Taʼlim sifati va darajasini hisobga olgan holda akademiya bitiruvchilari hech qanday tanlovsiz Avstriya Respublikasi Yevropa va tashqi ishlar vazirligiga ishga qabul qilinadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro manfaatli sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi “Dunyo” AA.