Shunday boʻlsa-da, istiqbolini koʻzlagan korxona rahbari mehnat bozoridan bugungi kun talablariga javob beradigan mutaxassislarni saralab oladi. Ularning qobiliyatlarini yuzaga chiqarishlariga imkon beradi. Oʻrni kelganda, bu borada oliy taʼlim muassasalari bilan keng hamkorlikni yoʻlga qoʻyadi. Demak, oliygohlar ham ana shu hamjihatlikka yelkama-yelka tura oladigan boʻlishi lozim.
Prezidentimiz raisligida oliy oʻquv yurtlari bitiruvchilari bandligini taʼminlash masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda bu yoʻnalishdagi asosiy vazifalar belgilab berildi.
Ishonch — masʼuliyat demak
Yigʻilishda bitiruvchilar bandligini taʼminlash yechimlari koʻrsatib berildi. Bu faqat oliygohlar muammosi emas. Shuning uchun Prezidentimiz tomonidan oliy taʼlim va ishlab chiqarish oʻrtasidagi integratsiyani yanada mustahkamlash, hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan muhim takliflar bildirildi. Masalan, endi qiymati 1 million dollardan, ishchilar soni 50 nafardan koʻp boʻlgan loyihalarning texnik-iqtisodiy asosida sohalar va yoʻnalishlar kesimida mutaxassislarga ehtiyoj koʻrsatiladi. Bu orqali masʼul vazir va tarmoq rahbari oliy oʻquv yurtiga buyurtma joylashtirib, kadrlarni maqsadli tayyorlashni yoʻlga qoʻyadi. Yana bir holat. Endi bitiruvchini ishga olganlik uchun tadbirkorlik reytingida qoʻshimcha ball beriladi. Oliy taʼlim muassasasi ularni boʻsh oʻrin bor korxonaga yoʻnaltiradi va bu oʻz samarasini berishi shubhasiz.
Bu mexanizm, birinchi navbatda, oliy taʼlim muassasalari jamoasi masʼuliyatini oshiradi. Son emas, balki sifatga talab kuchayadi. Sababi, Prezidentimiz tomonidan rektorlar vakolati va masʼuliyatini oshirishda Yangi Oʻzbekiston universitetining baholash tizimini boshqa muassasalarda ham yoʻlga qoʻyish taklifi bildirildi. Xoʻsh, bu qanday tizim? Bunda rektorlarning ishiga 4 mezon asosida baho beriladi. Davlatimiz rahbari ushbu tizimni Qarshi davlat texnika universiteti misolida tushuntirib berdi. Demak, oliy oʻquv yurtiga bitiruvchilar bandligiga qarab 40 ball, ilmiy tadqiqotlar uchun tarmoq buyurtmasi va mahsulotini sotishiga qarab 30 ball, ilmiy salohiyati va tan olingan xalqaro jurnallardagi maqolalari uchun 20 ball, jalb qilingan mahalliy va xorijiy grant uchun 10 ballgacha beriladi. Ushbu ballarga qarab, yuqori natija koʻrsatganlar davlat mablagʻlari hisobidan ragʻbatlantiriladi, “ishlamagan”lar, yaʼni kam ball olganlar esa jarima toʻlaydi.
Yangi tizim oliygohlar oʻrtasidagi sogʻlom raqobatni kuchaytiradi, masʼuliyatni oshirib, izlanuvchanlikka undaydi. Shu bois, endi barcha oliy taʼlim muassasalari tashkiliy va akademik mustaqil boʻladi. Bu nima, degani? Endilikda rektorlar oʻrinbosarlarini oʻzi tayinlaydi, belgilangan miqdor doirasida professor-oʻqituvchilar va boshqaruv xodimlarini taqsimlaydi. “Super kontrakt” miqdorini tabaqalashgan holda belgilash vakolati ham beriladi. Demak, endi rahbariyat va oʻqituvchilar ham “chertib-chertib” ishga olinadi. Shundan kelib chiqib, Yangi Oʻzbekiston universitetida “Rektorlar maktabi” dasturi orqali rektor va prorektorlikka nomzodlar maqsadli tayyorlanadi.
Seleksiya — talabalikka yoʻl
Talabalarimiz toʻliq ishli boʻlishiga erishmoqchi boʻlsak, koʻproq bilimli yoshlarni oʻqishga qabul qilishimiz lozim. Yaʼni seleksiyamiz yaxshi boʻlishi kerak. Masalan, universitetimiz tarkibida 3 ta akademik litsey bor. Biz ularning oʻtgan yilgi koʻrsatkichlarini tahlil qildik. Akademik litseylarimiz bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish koʻrsatkichlari 96 foiz atrofida. Bu – yaxshi. Lekin ularning universitetimiz talabasi boʻlganlari 25 foiz, xolos.
Tahlillar bizni mushohada yuritishga, muammo yechimini izlashga undadi. Buning uchun, birinchi navbatda, har bir litseyda soʻrovnomalar orqali oʻquvchilarning qiziqishi, maqsadi, dunyoqarashi, saviyasi oʻrganib chiqiladi. Shunga qarab oʻzlari sevgan, qiziqqan soha obyektlariga ekskursiyalar, qisqa muddatli amaliyotlar tashkil etiladi. Viloyatimizdagi Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi, Uzbekistan GTL va shu kabi yirik sanoat korxonalari rahbarlari bu tashabbusimizni maʼqullashdi. Bu sayohatlar orqali oʻquvchilarda universitet va korxona oʻrtasidagi hamkorlik haqida tasavvur shakllanadi, bilim olishga intilish ortadi, oliygohimizda oʻqishga boʻlgan ishtiyoq kuchayadi, degan umiddamiz.
Targʻibot va tashviqot ishlarini yanada kuchaytirish lozim. Buni faqat qabul jarayoni davridagina amalga oshirish bilan kifoyalanib boʻlmaydi. Joriy yilda maktablarda koʻplab uchrashuvlarni tashkil qildik, maʼlumotnomalar tarqatdik, universitetimizni keng targʻib qildik. Endi yangi, taʼsirchan mexanizmlar ustida bosh qotiryapmiz. Bundan bu yogʻiga oliy taʼlim muassasalari mavqei ularning nomi bilan emas, balki talabalarining oʻqishni tugatganidan keyingi taqdiri, ishga joylashish borasidagi koʻrsatkichlari bilan belgilanadi.
Bugun – amaliyotchi, ertaga – xodim
Bitiruvchilar bandligini taʼminlashda talabalarni birinchi kursdayoq sohalar kesimida ishlab chiqarishga biriktirish amaliyotini qoʻllaymiz. Oliygohni tamomlagan talabaning diplomni olar-olmas ishi tayin boʻlsa, u toʻrt yil davomida shunga qarab harakat qiladi. Oʻz ustida ishlaydi. Amaliyotni ham oʻqish-oʻrganishga aylantiradi. Izlanishdan toʻxtamaydi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan yangi tizim dual taʼlimning yanada sifatli, oliygoh va korxona oʻrtasidagi integratsiyaning tobora mustahkam boʻlishini taqozo etadi. Prezidentimizning 2022-yil 7-iyuldagi “Neft va gaz sohasida taʼlim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi muhim dasturulamal boʻldi. Bu qaror oliy taʼlim, fan va ishlab chiqarish oʻrtasidagi integratsiyaning yangi davrini boshlab berdi. Uning huquqiy asoslari ishlab chiqildi. Yosh olimlarning nufuzli korxonalardagi zamonaviy laboratoriyalarda ilmiy tadqiqot va tajriba-sinov ishlarini olib borishlari uchun keng imkoniyat yaratildi. Talabalarning amaliyoti sifatli tashkil etilib, korxonalar uchun malakali kadrlar zaxirasi shakllantirila boshlandi. Buning natijasida neft va gaz sohasidagi taʼlim-ishlab chiqarish klasterining tarkibiga kiruvchi korxonalarda, jumladan Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi, Uzbekistan GTL, Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida har yili universitetning 700 nafardan ortiq talabalari amaliyot oʻtadi, 40 nafardan ortiq iqtidorli talabalar korxonalar stipendiyasini oldi, 100 dan ortiq bitiruvchilar ish bilan taʼminlandi.
Universitet va “Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi” MCHJ hamkorligida “Gaz-kimyo va energetika” ilgʻor muhandislik maktabi tashkil etilgan boʻlib, “tarmoq – korxona – oliygoh” tamoyili yoʻlga qoʻyildi. Bu maktab sohada kadrlar tayyorlash borasidagi ishlarning muhim tizimiga aylandi.
Maʼlumki, ilgʻor muhandislik maktabining asosiy maqsadi sanoat hamkorlari ehtiyojlari va atrof-muhitni muhofaza qilish talablarini hisobga olgan holda, nafaqat yuqori texnologiyali va koʻp tarmoqli texnologiyalarni oʻzlashtirishga qodir boʻlgan, balki kreativ fikrlaydigan, ratsionalizatorlik takliflarini ishlab chiqadigan “muhandis-tadqiqotchi” malakasiga ega yangi avlod kadrlarini tayyorlashga qaratilgan.
Ana shu maqsaddan kelib chiqib, maktabning oʻquv-uslubiy taʼminoti jahondagi yetakchi 300 universitet, jumladan Malayziyaning Petronas texnologiyalar universiteti, Drezden texnika universiteti (Germaniya), Tomsk politexnika universiteti (Rossiya)ning chuqurlashtirilgan modulli oʻquv dasturlari, oʻquv rejalari, xorijda chop etilgan darslik va oʻquv qoʻllanmalar, ilgʻor pedagogik texnologiyalar asosida shakllantirildi.
Hozirda 1-bosqich magistrlaridan 23 nafari ilgʻor muhandislik maktabiga tanlov asosida olingan boʻlib, neft va gazni qayta ishlash texnologiyasi, elektr taʼminoti va kimyoviy texnologiya boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi.
Taʼlimning ham universitetda, ham korxonada olib borilayotgani magistrlar uchun amaliyot imkoniyatlari va taʼlim sifati oshishiga hamda malakali mutaxassis boʻlib yetishishiga imkon yaratmoqda. Qolaversa, ular ilmiy tadqiqot ishlarini bevosita zavodning oʻzidagi laboratoriyalarda olib borayapti. 2025–2026-yillarda 20 dan ortiq magistrlik va 3 ta doktorlik dissertatsiyalari himoya qilinadi, 2 ta innovatsion ishlanma ishlab chiqarishga joriy etilmoqda. Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi va universitet olimlari hammuallifligida 2 ta ilmiy ixtiroga talabnoma topshiriladi. 10 dan ortiq mavzularda ilmiy texnologik muammolarning muhandislik yechimlari ishlab chiqilmoqda.
Shu oʻrinda neft va gaz sohasida taʼlim klasteri joriy etilishi samarali natijalar berganini inobatga olib, boshqa ustuvor muhandislik yoʻnalishlarida, jumladan, energetika, geologiya, mashinasozlik kabi sohalarda ham taʼlim-ishlab chiqarish klasterlarini tashkil etish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz. Bu orqali muhandis kadrlarni maqsadli tayyorlash koʻlami yanada kengayadi.
Hamkorlikning ahamiyati nimada koʻrinadi? Birinchi navbatda, universitet va korxonalar oʻrtasidagi hamkorlik amaliy natijalarga qaratildi, maqsad va rejalar yakdillashdi. Yirik korxonalardagi ayrim muammolar yechimi bahamjihat hal etila boshladi. Masalan, ana shunday loyihalardan 5 tasi amalga oshirilishi bilan universitetimizning xoʻjalik shartnomalari bajarilmoqda. Korxonalarning 5 nafar mutaxassisi olimlarimiz bilan birgalikda shu loyihalar asosida tadqiqot ishlarini olib borib, ilmiy darajaga ega boʻlayapti. Endi bunday mutaxassislar bizning talabalarimizga dars oʻtadilar. Bu taʼlim sifatini yanada yaxshilashga, talabalarning ertaga oʻzlari mehnat qiladigan zavodlar haqidagi tasavvuri, bilim va tajribasi ortishiga xizmat qiladi.
Gʻoyalar fabrikasi
Universitetimizda muhandislik sohasida yosh olimlar va talabalarning biznesga yoʻnaltirilgan innovatsion gʻoyalarini bozorga tayyor mahsulot sifatida yetkazish, tadqiqotchilar ishlanmalari, loyihalarining tajriba nusxalari hamda prototiplarini yaratish va sinovdan oʻtkazish maqsadida “Ustaxona-Fablab”, 3D-loyihalash va modellashtirish hamda kichik ishlab chiqarish sexlari tashkil etilayotir.
Viloyatdagi ilmiy-texnik loyihalarni boshqarish, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlaydigan korxonalar bilan oʻzaro samarali hamkorlik oʻrnatiladi va ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish amalga oshiriladi. Buning uchun universitetimizda yangi bino qurildi, hozir jihozlash choralari koʻrilmoqda.
Yaqinda AQSHning Massachusets universitetida tahsil olgan xorijiy ekspertlar ishtirokida “Fablab” boʻyicha konsepsiya ishlab chiqilib, ish beruvchilar talablari asosida 4 ta yoʻnalish belgilab olindi. Bunda ham bosh gʻoya talabalarning intilishlarini yuzaga chiqarish va ularning bandligini taʼminlash.
Bundan tashqari, universitet qoshida energetika sohasi uchun sunʼiy intellekt va raqamlashtirish, injiniring, ishlab chiqarish muammolari yechimiga qaratilgan ilmiy-innovatsion ishlanmalarni yaratish va tijoratlashtirish yoʻnalishida ilmiy-amaliy faoliyat olib boradigan “Yashil energetika va intellektual energetik tizimlar” ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish moʻljallangan.
Kafolatli diplom – maqbul taklif
Oliygohlar mavqei haqida soʻz yuritganda, birinchi navbatda, ularning ilmiy salohiyati, taʼlim sifati, moddiy-texnik bazasiga eʼtibor qaratamiz. Amalda ham shunday. Shuning uchun ham universitetimizning fan dasturlari va oʻquv rejalari dunyoning TOP-300 talik roʻyxatidagi universitetlar oʻquv rejalariga moslanmoqda. Chet eldan mutaxassislar jalb qilyapmiz. Bugungi mutaxassis, avvalo, xorijiy tillarni yaxshi bilishi, oʻz sohasiga oid dasturlar boʻyicha tajribaga ega boʻlishi lozim. Eng asosiysi, bitiruvchining diplomi kafolatli boʻlishi zarur.
Kuzatishlarimizdan shu narsa ayon boʻldiki, bugungi kunda xalqaro mehnat bozorida muhandis kadrlarga boʻlgan talab oshib bormoqda. Xususan, 2024-yilda AQSHda 600 ming, Germaniyada 150 ming, Buyuk Britaniyada 40 mingdan ziyod mutaxassisga ehtiyoj boʻlgan.
Bizning muhandis talabalar xorijda oson ish topishi uchun, avvalo, ularga zamonga mos taʼlim berishimiz, shuningdek, asosiy taʼlim yoʻnalishlarini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazishimiz kerak boʻladi. Bugungi kunda universitetning 3 ta magistratura mutaxassisliklari va 2 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish boʻyicha Germaniyaning ASIIN xalqaro akkreditatsiya tashkiloti bilan shartnoma imzolandi.
Biz bu yil 3 ta magistratura va 2 bakalavr taʼlim yoʻnalishlarini Germaniyaning ASIIN kompaniyasida xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish boʻyicha shartnoma imzoladik. Bu nima beradi? Ertaga talabaning diplomiga qoʻshib xalqaro akkreditatsiya sertifikatini ham beramiz. Demak, bitiruvchining qoʻlida universitet diplomi, muhandislikka oid xalqaro sertifikat, til bilish boʻyicha yana bir sertifikati boʻlsa, u ishsiz qolmaydi. Nafaqat Oʻzbekistonda, balki chet elda ham oʻziga munosib, serdaromad ishni oson topa oladi.
Kadrlar tayyorlashda oʻqituvchilarning ham amaliy koʻnikmasi yuqori boʻlishi kerak. Shunga koʻra universitetda, eng avvalo, Qashqadaryodagi yirik ishlab chiqarish korxonalarida oʻqituvchilar stajirovkasini tashkil etyapmiz. 2025-yilda 120 nafar oʻqituvchining xorijda malaka oshirishini tashkil etyapmiz. Xitoy bilan hamkorlikni kengaytirib, ular bilan stajirovka dasturlarini kelishgan holda oʻqituvchilarni 10-15 nafardan guruh shaklida yuborishni rejalashtirganmiz.
Kelajakka qoʻyilgan qadam
Talaba bizdan ketgani uning taqdiri zimmamizdan soqit boʻldi, degani emas. Toʻgʻri, bitiruvchilarning bandligini taʼminlashga koʻmaklashish mahallalardagi yoshlar yetakchilarining asosiy vazifasi hisoblanadi. Shuning uchun biz ular bilan toʻgʻridan toʻgʻri hamkorlik oʻrnatib, birgalikda harakat qilmoqchimiz. Aytish mumkinki, talabani ishli qilish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz.
Hozir yoshlar bandligini taʼminlash barcha mutasaddilarning asosiy vazifasiga aylangan. Qashqadaryo viloyati hokimligi tomonidan ishga joylashish qiyin boʻlgan sohalar tanlab olinib, oʻrganilib, yoshlarga amaliy yordam berish choralari koʻrilmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Kelajakka qadam” dasturi yoshlar bandligini taʼminlash, ularning tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, oilasi iqtisodini yuksaltirish borasidagi maqsadlarini roʻyobga chiqarishga qaratilganligi bilan ahamiyatli boʻldi. Birgina universitetimiz misolida aytadigan boʻlsak, shu kunga qadar 78 nafar talabamizga 2 milliard 492 million soʻm miqdorida kredit berildi.
Talabalar bandligini taʼminlashning yana bir omili – ularning til bilish darajasini oshirish. Fan dasturlarini oʻzgartirish barobarida chet eldan keltirilayotgan yangi adabiyotlarni oʻrganish, tarjima qilish, amaliyotga joriy etish masalasi bor. Ana shunda gap yana til bilish darajasiga borib taqaladi. Til kurslarini tashkil etish va mutaxassislik fanlarini ingliz tilida olib borish lozim boʻladi. Biz masofaviy taʼlimni yoʻlga qoʻyayapmiz. Xorijdan talaba jalb qilish rejalarimiz bor. Buning uchun chet tillarini biladigan oʻqituvchilar va oʻquvchilarga ehtiyoj yana ortadi.
Bir soʻz bilan aytganda, yangicha ishlash mavridi keldi. Saʼy-harakatimimiz talabalarning kelajagini belgilab berishga qaratiladi. Axir “Bolalarning begonasi boʻlmaydi” deydilar. Ishimizni ana shu tamoyil asosida tashkil etishimizga toʻgʻri keladi. Biz uchun talabaning taqdiri har narsadan ustun boʻlmogʻi kerak.
Sherzod NEʼMATOV,
fizika-matematika fanlari doktori, professor