Bugun soha mutasaddilari ushbu tizimda ishlash samaradorligini yana-da oshirish boʻyicha navbatdagi uchrashuvni tashkil etdi. Unda MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov, Milliy antidoping agentligi direktori Nodir Tursunov, RSTIAM direktori Abdushukur Sadikov va boshqa mutasaddi xodimlar ishtirok etishdi.
Yigʻilishda Sherzod Tashmatov mazkur tizim bilan ishlash boʻyicha tuzib chiqilgan mexanizmni amalga tatbiq qilish haqida oʻz fikrlarini bildirdi. MOQ raisi oʻrinbosari bu borada soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tuzilgani, ularning faoliyati borasida batafsil tushuntirish berib oʻtdi. Oʻz navbatida, yigʻilish ishtirokchilari ushbu reja haqida qoʻshimcha fikr va takliflarini bildirib oʻtishdi.
Eslatib oʻtamiz, ADAMS tizimi Xalqaro antidoping agentligi tomonidan ishlab chiqilgan. Unga koʻra, sportchi 1 kvartal, yaʼni 90 kun mobaynida oʻzining qayerda ekanligini soatbay shaklida koʻrsatib oʻtishi, ular orasidan alohida belgilagan vaqtida doping ofitserlari tahlil olish uchun borishlari mumkin. Bordiyu, sportchi oʻzi koʻrsatgan vaqtda oʻsha manzilda boʻlmasa, unga ogohlantirish beriladi. 90 kun ichida ana shunday ogohlantirishlardan 3 ta olgan atlet shaffoflikni taʼminlay olmagani uchun 2 yilga diskvalifikatsiya qilinadi. Agar sportchining manzilida oʻzgarish sodir boʻlsa, u profilidagi hududni 24 soatgacha boʻlgan vaqt ichida oʻzgartirib qoʻyishi mumkin, deb xabar beradi Milliy olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmati.