Toshkent viloyati IIBB YHXB tezkor xabariga koʻra, bugun, 17-dekabr kuni tungi soat ikki-uchlar atrofida A-373 – “Guliston-Ohangaron” avtomobil yoʻlining Piskent tumani hududidan oʻtgan 87-kilometrida, yaʼni yonilgʻi quyish shoxobchasi atrofida nomaʼlum transport vositasi shaxsi hozircha aniqlanmagan, osiyo millatiga mansub, yoshi taxminan 25-28 larda boʻlgan piyodani urib yuborib, jabrlanuvchiga yordam koʻrsatmasdan voqea joyidan qochib ketgan.
Voqea sodir boʻlgan joyni oʻrganish asosida u yerdan yuk mashinasiga taalluqliligi taxmin qilinayotgan bir-necha ashyoviy dalillar topilgan. Yoʻlning asfalt qoplamasidagi tormoz izlari ham yuk mashinasiga tegishli ekani taxmin qilinmoqda. Hozirda ushbu transport vositasini topish boʻyicha qidiruv va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Toshkent viloyati IIBB YHXB ushbu voqeani koʻrgan yoki eshitgan fuqarolardan (71) 265-08-51, 265-96-53 telefon raqamlariga qoʻngʻiroq qilib, maʼlumot berishini soʻraydi. Maʼlumot bergan fuqaro shaxsi sir saqlanadi.
Shuningdek, voqeani sodir etgan haydovchi aybiga iqror boʻlib, ichki ishlar organiga kelsa, oʻziga nisbatan qoʻllaniladigan jazoni yengillashtirish imkoniga ega boʻladi.