Toshkent viloyati IIBB YHXB Axborot xizmatining xabar berishicha, viloyat hududidagi avtomobil yoʻllarida 2020-yil davomida umumiy 1019 yoʻl transport hodisasi sodir boʻldi. Ushbu yoʻl transport hodisalarning 477tasi piyodalar bilan bogʻliq boʻlsa, 44tasi bevosita velosipedchilar ishtirokida sodir boʻldi. Ular tahlilidan kelib chiqqan holda viloyat IIBB YHXB tomonidan bir kunlik “Diqqat, velosiped!” hamda “Diqqat, piyoda!” profilaktik tadbirlari tashkil etildi.

Shu kuni YHXBning barcha shaxsiy tarkibi ushbu tadbirda uyushqoqlik bilan qatnashdi, velosipedchi hamda piyodalar bilan keng qamrovli tushintirish ishlarini olib borishdi. Shuningdek, suhbatlashilgan 50 nafar velosiped haydovchisiga maxsus nur qaytaruvchi jiletlar tarqatildi. Qorongʻi va yetarlicha koʻrinmaslik sharoitida bu nimchalarning oʻrni va ahamiyati katta. Sababi chiroq nuri tushishi bilan u oʻzidan nur qaytaradi. Bu esa haydovchini yana-da hushyor boʻlishga chaqiradi.

Bundan tashqari YPX inspektorlari tomonidan mast holda velosiped boshqargan 18ta velosiped haydovchilar aniqlangan boʻlsa, 461 piyodaga yoʻl harakati qoidalarini buzganligi uchun maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Qoidabuzarliklarning oldini olishda targʻibot va tashviqot ishlarining ahamiyati katta ekanligini inobatga olgan holda karantin talablariga qatʼiy rioya qilib velosiped haydovchilarining “Yoʻl harakati qoidalari”ga rioya etishi boʻyicha mahalla, korxona, tashkilotlarda yakka tartibdagi targʻibot va tashviqot tadbirlari ham oʻtkazildi.