“Discovery Leathers” 1 million dona qoʻy terisining wet blue shaklida xarid qilishni reja qildi

    Biznes 17 Sentabr 2024 351

    “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi raisi v.b Akbar Sultanov Hindistonning “Discovery Leathers” kompaniyasi rahbari S.K.Singla bilan uchrashuv oʻtkazdi. Muloqotda Oʻzbekistonda qoʻy terisining birlamchi qayta ishlangan (wet blue) shaklini Hindistonga yetkazib berish masalasi muhokama etildi.

    Hind kompaniyasi Oʻzbekiston yirik xom ashyo bazasiga ega ekanligini, yangi texnologiyalar sabab mahsulotlar sifati yuqori ekanligini qayd etdi. Shu sabab, Hindiston kompaniyalari mamlakatimizdan qoʻy terisining birlamchi shaklini xarid qilishga qiziqish bildirdi. Muzokaralarda xorij kompaniyasiga bu yoʻnalishda ish olib borayotgan korxonalar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

    Dastlabki bosqichda “Discovery Leathers” Oʻzbekistondan 1 million dona qoʻy terisining birlamchi ishlangan shakli yaʼni wet blueni xarid qilishni reja qildi. Shu maqsadda Toshkent shahri va poytaxt viloyatidagi korxonalarga borib, mahsulotlar sifati ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.

    Ayni vaqtda shartnomalarni imzolash boʻyicha ikki tomon muzokaralarga kirishgan, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.