Bu haqda Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyeva oʻzining instagram sahifasida maʼlum qildi va Diyoraga guvohnoma topshirilayotgan jarayondan fotosuratlar joyladi.
— Diyora Keldiyorovani Ijtimoiy himoya milliy agentligining Gender tengsizligi va bolalarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi kurashish boʻyicha maxsus vakili etib tayinlash orqali Oʻzbekiston tarixida yangi sahifa ochdik. Bu qaror qogʻozdagi gap emas, balki jamiyatimizdagi chuqur ijobiy oʻzgarishlar ramzidir. Diyoraning olimpiadadagi gʻalabasi ilgʻor oʻzgarishlar uchun katalizator boʻlib, butun dunyoga Oʻzbekistonning teng imkoniyatlar va hadsiz salohiyatlar mamlakati ekanini namoyish etadi. Diyora dzyudo boʻyicha Markaziy Osiyo mintaqasidagi ilk Olimpiya chempioni sifatida oʻz nomini tarix sahifasiga yozib ulgurdi va endi u butun bir avlodni ortidan ergashtira oladi.
Diyora zamonaviy oʻzbek ayolining serqirraligi – mehribon qiz, sodiq rafiqa, hurmatga munosib kelin, shu bilan birga, mamlakatimizni jahon arenasida muvaffaqiyatli namoyon etayotgan Olimpiada chempioni timsoli. Uning maxsus vakil sifatidagi yangi vazifasi Oʻzbekistondagi barcha AYOLLAR uchun anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni saqlagan holda istalgan sohada choʻqqiga chiqishi mumkinligiga oʻziga xos chorlov boʻla oldi. Ishonchim komilki, Diyoraning faoliyati nafaqat mamlakatimizda gender tengligiga erishishni tezlashtiradi, balki Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi ilgʻor davlat sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi hamda butun dunyo ayollarini ruhlantiradi, — deya yozgan Shahnoza Mirziyoyeva.