Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.
Elchi Ashraf Xoʻjayev Doha portiga tashrif buyurib, “Celestine cruises”kemasida boʻlgan 71 nafar vatandoshimiz bilan uchrashdi. Suhbat davomida hamyurtlarimizga yuzaga kelgan vaziyat haqida batafsil maʼlumot berildi. Xususan, Oʻzbekiston hukumati Qatarning tegishli idoralari bilan hamkorlikda vatandoshlarimiz xavfsizligini taʼminlash hamda vaziyatdan kelib chiqib ularni Vatanga qaytarish mexanizmlarini ishlab chiqayotgani taʼkidlandi.
Shuningdek, Qatar turizm tashkiloti bilan kelishilgan holda 91 nafar fuqaromiz munosib turar-joylar bilan taʼminlandi.
Elchixona vakillari “Grand Regal”, “Hampton”, “Jouri Al Murwab” va “Retaj Al Rayyan” mehmonxonalariga tashrif buyurib, u yerlarda vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolarimiz haqida aniq maʼlumot toʻplab, ularning roʻyxatini shakllantirdi. Bu ehtimoliy evakuatsiya yoki boshqa tashkiliy choralarni muvofiqlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni paytda Qatar havo hududi yopiqligicha qolmoqda. Mamlakatda boʻlib turgan xorijiy sayyohlar qoʻshimcha rasmiy maʼlumot berilishini kutishmoqda.