XXI asrni axborot texnologiyalari va jahon axborot tarmog'isiz tasavvur qilish mushkul. Globallashuv davrida axborotlar oqimi bois, yoshlar keng bilimga ega bo'lish barobarida tobora kuchayib borayotgan ma'naviy tahdid va xatarlarga duch kelyapti. Ularni axborot xurujlaridan asrash esa eng asosiy vazifaga aylandi. 

Shu maqsadda O'zbekiston xalqaro islom akademiyasida Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakul`teti hamda «Ziyo» media markazi hamkorligida «Radikallashuv va yot g'oyalarga qarshi kurashish hamda axborot iste'moli madaniyatini shakllantirish» mavzusida o'n kunlik ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar bo'lib o'tyapti.

O'n kunlikning ochilish marosimida O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg'un G'afurov kirish so'zi bilan ochib berdi. Akademiya rektori o'z nutqida dunyoda kechayotgan murakkab jarayonlar barchamizdan yoshlar tarbiyasiga yanada e'tiborliroq bo'lishni taqozo etayotganini, buning uchun, eng avvalo, ta'lim tizimida ular bilan muntazam targ'ibot-tashviqot ishlarini olib borish zarurligini ta'kidladi.

Eslatib o'tamiz, o'n kunlik davomida «Soxta da'vatchilarning ilm, taqvo, aqida, mazhab borasidagi qarashlari qay darajada mukammal?», “Buzg'unchi toifalar o'z «qurbon»larini qanday tanlab, qanday tayyorlaydi?”, «Axborot iste'moliga e'tiborli bo'lish va axborot xuruji», «Milliy qadriyat, urf-odat va an'analar, liboslarning millat va xalq o'zligida tutgan o'rni va roli», mavzularida ko'rgazmali vositalar, video va audio materiallar bilan boyitilgan, ekspertlar va talabalarning erkin muloqotiga ulkan urg'u berilgan darslar bo'lib o'tadi.

Munojat Mo'minova