Respublika boʻyicha 8 002 ta dorixona roʻyxatga olingan boʻlib, ularda 15 609 ta onlayn-NKT mavjud. Xarid qilingan dori vositalari uchun isteʼmolchilarga berilgan fiskal cheklarda koʻrsatilgan MXIK asosida aholining tibbiy preparatlar uchun qancha mablagʻ sarflayotgani toʻgʻrisida maʼlumotlar shakllanadi.
Joriy yilning 5 oyida dori vositalari uchun eng katta xarajatlar Toshkent shahri (2,1 trln soʻm), Samarqand (986,9 mlrd soʻm) va Toshkent viloyatlarida (663,4 mlrd soʻm) qayd etilgan. Poytaxt koʻrsatkichlari yirik tibbiyot muassasalarining aynan ushbu hududda joylashganligi hisobiga shakllangan.
Respublika hududlari kesimida eng kam xarajatlar Jizzax (201,3 mlrd soʻm), Navoiy (191,6 mlrd soʻm) va Sirdaryo (170 mlrd soʻm) viloyatlariga toʻgʻri kelgan.
Yuqoridagi raqamlar va har bir hududda roʻyxatga olingan aholi sonidan kelib chiqqan holda yil boshidan oʻrtacha bir kishi dori vositalariga:
Toshkent shahrida – 750 ming soʻm;
Buxoro viloyatida – 277 ming soʻm;
Samarqand viloyatida – 245,1 ming soʻm sarflagan.
Yanvar may oylarida aholi jon boshiga nisbatan kamroq xarajatlar quyidagi hududlarda qayd etilgan:
Qashqadaryo viloyatida – 120 ming soʻm;
Qoraqalpogʻiston Respublikasida – 118 ming soʻm;
Surxondaryo viloyatida – 114 ming soʻm.
Bunday maʼlumotlar soliq organlarining maʼlumotlar bazasida nafaqat viloyatlar, balki har bir tuman va mahalla kesimida shakllanadi.
Fiskal cheklar maʼlumotlari tahliliga koʻra, eng koʻp mablagʻ quyidagi kasalliklarni davolash uchun moʻljallangan dori vositalariga sarflangan:
1. yurak-qon tomir kasalliklari;
2. infeksion kasalliklar;
3. ogʻriq qoldiruvchi vosita;
4. asab tizimi kasalliklari;
5. oshqozon-ichak kasalliklari;
6. nafas olish yoʻllari kasalliklari;
7. tayanch-harakat tizimi;
8. tomoq-burun kasalliklari;
9. jigar kasalliklari.