So'nggi vaqtlarda butun dunyoda bo'lgani kabi yurtimizda ham koronavirus va pnevmoniya bilan kasallanish holatlari ko'payib bormoqda. Albatta, bu jarayonda, kasalliklarni davolash va profilaktika qilishga mo'ljallangan dori vositalariga bo'lgan aholining talabi ortib boradi va shu sababli Respublikamizdagi dorixonalarda sotilayotgan ayrim dori vositalarining chakana narxi ko'tarilishi va sun'iy tanqisliklar ham kelib chiqishi mumkin.
Amaldagi tartiblarga muvofiq, chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish – ularni etkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat'i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo'lmagan miqdorlarda cheklangan savdo ustamalari qo'llanilgan holda amalga oshirilishi belgilangan.
Savdo ustamalariga rioya etilishi ustidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi va Bosh Prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan profilaktika va tizimli nazorat tadbirlari olib borilmoqa.
Agarda, viloyat hududidagi dorixonalarda dori vositalari va tibbiyot buyumlari narxlari asossiz ravishda oshirilishi kuzatilsa, zudlik bilan Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasiga murojaat qiling.
Tovar va ish xizmatlarni xarid qilish jarayonida kassa yoki tovar cheki talab qilib olishni unutmang!
☎️ Ishonch telefoni (65) 221-59-36.
🌐 Veb sayt: www.antimon.gov.uz
🌐Telegramdagi @istemolchi_buxoro ga murojaat qiling.
Iste'molchilarning huquqlari Davlat himoyasida.