Tarixning eng chigal va mashaqqatli burilish nuqtasida, mustabid tuzumning qatagʻon tegirmoni aylanib, millatning gultoji boʻlmish ziyolilarni yanchishga urinilgan yillarda oʻzbek ayollari ogʻir qismatni erkaklar bilan barobar yelkasida koʻtargan matonat ramzi boʻldi.

 

Biz jadid bobolarimiz haqida koʻp gapiramiz, biroq ularning yonida turib, maʼrifat mashʼalasini jaholat epkinidan toʻsgan, istilo va istibdod yillarida jabr koʻrgan qahramon ayollar nomi hamon tarix qaʼrida, avlodlar xotirasidan bir oz panada qolayotgandek. Vaholanki, sobiq sovet tuzumining gʻayriinsoniy qiyofasini ochib beradigan eng katta haqiqatlar mana shu mushtipar, ammo irodasi bukilmas ayollarning fojiali taqdirida aks etgan. Biz bugun ayolning jamiyatdagi yuksak maqomi haqida gapirar ekanmiz, bu erkinlikning bahosi nechogʻliq baland boʻlganini anglashimiz shart. Ikki oʻzbek ayoli taqdiri misolida xalqimizning aslo tiz choʻktirib boʻlmas ruhini koʻramiz.

“Ilgarilash ashulasin aytaver!”

1922 yili “Turkiston” gazetasida “Uygʻon, Turkiston” sarlavhali maqola chop etiladi. Unda endigina 17 yoshni qarshilagan qizning Vatan taraqqiyoti haqidagi qarashlari aks etgan edi. Maqolani oʻqib, asr boshida yashagan oʻzbek qizining tarixiy tafakkuri qanchalik teranligini koʻrish mumkin: “Turkistonning dunyo savdo maydonida tutqon vaziyati XVII asrdan beri tuban darajada qolib keldi. XIX asr, umuman, musulmon mamlakatlarining tanazzul davri boʻlib, tanazzulning ham koʻp sababi karvon yoʻllarining ahamiyati ketib, gʻarbli(k)lar tarafidan dengiz yoʻllarining yuksaltirilishi edi.

XIX asrda ham Turkiston Gʻarbiy Ovrupodan uzoq boʻlgʻonligʻi uchun taraqqiyot tomonidan boshqa musulmon mamlakatlaridan ham tuban darajada turdi. XX asrning boshida ham qoʻshnimiz boʻlgan Eron xalqi siyosiy fikrlar bilan sugʻorilib, oʻz elida sanoat turgʻizish va chetlarning taʼsiridan qutulish yoʻlida qon toʻkkani muddatda bizning Turkiston tinch uxlamoqda edi... Faqat Russiyadan temir yoʻl kelib, savdo maydoni kengaydi...

Bundan ochiq anglashiladirki, bizning moziyimizni porloq qilgʻon elimizdan oʻtgan karvon yoʻli boʻlsa, istiqbolimizni porloq qilgʻuchi, elimizni jahon savdo maydonigʻa tutoshdirgʻuvchi ulugʻ temir yoʻldir. Ular bizning savdomizni kengaytur, bizga boyliq va obodliq berur va oʻzimizga katta sanoat turgʻazishga imkon ochar.

Turkiston iqlimining qizgʻinligʻi va yerining munbit (hosildor)ligi uni doim qiymatlik hosilot beruvchi ziroat mamlakati ravishida qoldirgʻusidir. Ikkinchi tomondan Turkiston togʻlarining maʼdanga boyligʻi bunda togʻ sanoatining yuksalishiga sabab boʻlgʻusidir. Bu ikki asos — hayotni taʼmin qilish yoʻllarining yuksalishi natijasida (paxta zavodlari, ipak fabrikalari, maʼdan zavodlari shekilli) katta sanoatning boshqa xillari ham yuksalgusidir. Turkistonning tabiiy boyliqlarini ishlata olgʻali, katta sanoatni turgʻizgali va natijada yangi temir yoʻllar oʻtkazgali kuchi yetsun hozirgi xoʻjalikdan ortib qolib toʻp­langʻon boyliqning boʻlishi kerak. Hozirgi ziroatning mahsulotini ortdirish uchun birdan-bir chora boʻlsa ziroatda har xil yangi ishlab chiqorish usullari, yangi qurollar va mashinalarni qoʻllanishidir. Hozir bu qurollarni ovrupolilardan oltun barobariga olishga toʻgʻri kelganidek, kelgusida ham har xil sanoat qurollarini ovrupolilardan sotib olishgʻa majbur boʻlamiz. Mashina qancha qimmat boʻlsa ham uni qoʻllashimiz kerak. Chunki ul bizning boyligʻimizni ortdira oladir. Buni Gʻarb davlatlarining hayotida mashinaning tutqon oʻrni isbot qiladir”.

Ushbu maqola muallifi Xayriniso Majidxonova. U 1905 yili Toshkentda tugʻilgan. Otasi Majidxon Toshkentning mashhur Mirobod mahallasidagi turli millatga mansub maʼrifatparvar ziyolilar bilan yaqin muloqotda boʻlgan. Xayrinisoning taʼlim olib, ilm-fan bilan shugʻullanishi, salohiyati yuqori boʻlishida ziyoli otasining oʻrni katta edi. U maʼrifatli ota sifatida qizini har tomonlama qoʻllab-quvvatlagan. Chunki Majidxonning oʻzi ham XX asr boshlarida Markaziy Rossiyaning Moskva, Peterburg kabi shaharlarida boʻlib qaytgan, keyinchalik shu safar chogʻlarida olgan taassurotlari taʼsirida qizlariga zamonaviy bilim berish, xorijiy tillarni oʻrgatishga harakat qilgan.

Xayriniso dastlab Miroboddagi yangi maktabda tahsil olib, rus va nemis tillarini oʻrgangan. Uning dunyoqarashi shakl­lanishida Turkiston jadid matbuotining, shuningdek, bu vaqtda birinchi oʻzbek ­xotin-qizlar bilim yurtida oʻqiyotgan opasi Oyposhshaxonning ham taʼsiri katta boʻlgan. Xayriniso 1922 yilning oxiri — 1923 yilning boshlarida bir guruh oʻzbek yigit-qizlari bilan birga Germaniyaga oʻqishga yuboriladi.

Iqtidorli qiz Berlinda birmuncha vaqt nemis tilini oʻrgangach, 1924-1926 yillarda Maryam Sultonmurodova bilan birga Darm­shtadt shahridagi oʻqituvchilar seminariya­sida va ayni paytda tibbiyot kurslarida oʻqiydi, nemis tili va adabiyotini oʻrganadi. 1927 yili yozgi taʼtil vaqtida Xayriniso Maryam Sultonmurodova bilan birga ­Parijga sayohatga boradi.

Ular insoniyat madaniyatining shukuhli poytaxtlaridan biri boʻlmish bu shaharda yashab turgan yurtdoshlari — buxorolik ­Ahmad Naim va Turkiston muvaqqat hukumatining sobiq raisi Mustafo Choʻqayev bilan tasodifan uchrashib qoladi. Ahmad Naim ularni Parijning kino, teatr kabi ­madaniyat oʻchoqlari bilan tanishtiradi. Germaniyadagi oʻqish vaqtida Xayriniso bir muddat Avstriyaning Vena shahrida ham boʻladi.

Xorijga tahsil olish uchun borayotgan oʻzbek qizlarining jasorati 1920-yillarning boshlaridagi taraqqiyparvar kishilarning olqishiga sazovor boʻladi. Chunonchi, Xayriniso Majidxonova nomi Choʻlpon, Botu, otasi Majidxon dumaning maqola va sheʼrlarida, ayniqsa, faxr bilan tilga olinadi. Jumladan, Botu 1922-yil noyabrida bir guruh turkistonlik talabalar qatorida oʻzbek qizi Xayriniso Majidxonovaning Berlinga joʻnashi munosabati bilan yozgan “Kichkina armugʻonim” sheʼrida unga oq yoʻl tilab, bunday yozgan:

Qora turmush changalidan qutulib,

Erk chechagin tera olgan kuchli qiz.

Eski odat sanamlarin parchalab,

Erk — tangriga sajda qilgan ruhli qiz.

Yoʻling toʻgʻri, ortga boqma, keta ber,

Ilgarilash ashulasin ayta ber!

Sherali Turdiyevning “Xayriniso Majid­xonova” nomli ocherkida yozilishicha, Xayrinisoning otasi Majidxon xorijga ketgan talabalar orasida qizining ham boʻlganidan cheksiz mamnun boʻlib, bu voqeadan suyungan holda uzoq-yaqindan tabrik xatlari yoʻllagan kishilarga va ayniqsa, shoir Botuga minnatdorlik bildirib, bunday yozgan: “Ezilgan millatlar, qorongʻilikda qolgan yurtini kelgusida chin bilim bilan yoritmoq uchun bu yil xorijga ketgan talabalar orasida qizim Xayriniso ham bor edi. Bilim uchun uzoq ellarga birinchi oʻzbek qizini yuborish sharafi, shukrlar boʻlsunkim, menga nasib boʻlmish. Hozir men shu munosabat bilan har yerdan qutlash xatlari olmoqdaman... Ularning hammasiga birdan, ayniqsa, qizgʻin tuygʻular bilan qutlagan Moskva va Bokudagi talabalarimizga, Qozon va Orenburgdagi madaniyat va maorif xodimlariga, yosh shoirimiz Botu oʻrtoqqa tashakkurimni bildirib, bilim istab, dunyoning har tomoniga yoyilaturgʻon yigit va qizlarimiz koʻpaysin deyman”.

Germaniyada olti yil taʼlim olgan Xayriniso 1928-yili Oʻzbekistonga qaytib, 1937-yilga qadar Kasaba uyushmalari markaziy qoʻmitasi xodimlari hamda jumhuriyat bosh­langʻich va oʻrta taʼlim oʻqituvchilarining dam olish uyida shifokor boʻlib ishlaydi. Yevropa tibbiyoti yutuqlari boʻyicha olgan bilimi, mashhur nemis olimlari va shifokorlaridan oʻrgangan malakasi bemorlarni davolashda qoʻl keladi.

Xayriniso Majidxonova Turkiston oʻlkasining faol ayollaridan boʻlib, mustamlaka hukumatga, albatta, oʻz davlatining rivoji, istiqboli uchun xizmat qiladigan faollar kerak emas edi. Aksariyat xorijda tahsil olib qaytgan ziyolilar aksilinqilobchi, chet el josusi, millatchi degan tuhmat bilan ayblanib, 1937-1938-yillarda qatagʻon qilindi. Xayriniso ham mustamlakachilar qatagʻoni qurboni boʻldi. 1937-yil 13-sentyabrda toʻsatdan qamoqqa olinadi. Unga qator boʻhtondan iborat ayblar qoʻyiladi. 1938-yil 9-oktyabrda Xayrinisoga chiqarilgan hukm ijro etiladi. Millat bir marvarididan ajraladi.

Maryam — qor qoʻynidagi lola

Maryam asli xorazmlik boʻlib, 1905-yil 13-fevralda Xivada “Yosh xivaliklar” harakati ishtirokchilaridan maʼrifatparvar Mulla Jumaniyoz oilasida dunyoga kelgan. Otasi Xiva xonligi tuzumiga qarshi kurashda ishtirok etgan. Bu haqda Maryam Sultonmurodovaning oʻzi bunday hikoya qilgan: “Otam xonga qarshi kurash harakatining eng aktiv ishtirokchilaridan boʻlgan. Mening bolaligim ham feodal Xorazmdagi ana shunday ijtimoiy kurashlar toʻlqinida oʻtdi. Bu kurash, ayniqsa, bizning oilaviy hayotimizga ogʻir taʼsir qilgan. Biz doimo quvgʻin-taʼqiblar ostida yashaganmiz. Hatto onam bir necha bor qamoq azoblariga ham uchragan. Xiva xonining buyrugʻi bilan unga qarshi kurash harakatidagi ishtiroki ­tufayli otamning toʻrt aka-ukasi qatl qilingan. Bularning hammasi mening yosh qalbimda asorat qoldirmasdan iloji yoʻq edi...”.

Maryam Germaniyaning Darmshtadt shahrida dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan yoshlar bilan birga oʻlkamizning maʼrifati va madaniyatini rivojlantirish orzusi bilan yonib ilm oladi. 1922-1923-yillarda u Germaniyada nemislar bilan bir xonadonda yashab, dastlab Berlin universiteti huzuridagi 6 oylik nemis tili kursini tugatadi. Soʻng 1924-yili Xayriniso bilan Darmshtadtga borib, 1926-yilgacha oʻqituvchilar seminariyasida oʻqiydi. 1927-yili Berlinga borib, bir yil amaliy mashgʻulotda qatnashadi. 1928-yil oʻqishni tugatib, yurtga qaytadi. Bu yerda u avval Toshkentdagi Eski shahar kechki kommunistik universitetining oʻquv boʻlimi mudiri, soʻng 1935-yildan “Guliston” jurnalida Sobira Xoldorova, Tojixon Shodiyeva, Saodat Shamsiyeva kabi oʻsha davrning ilgʻor xotin-qiz jurnalistlari bilan birga ishlay boshlaydi. Matbuot sahifalarida oʻzbek ayollarining oʻtmishi va hozirgi turmushi haqida qator hikoya va ocherklar yozadi. Rus va nemis klassik adabiyotining buyuk siymolari Pushkin va Gyote toʻgʻrisida maqolalar eʼlon qiladi. Ularning mazkur milliy adabiyotlar tarixidagi oʻrni va ahamiyati haqida fikr yuritadi.

Maryamning quvonchi va orzulari uzoqqa bormadi. Oʻzi kabi erkin xotin-qizlar avlodining boshqa qaldirgʻochlari qatori u ham ayni parvoz etayotgan 1930-yillarda mustabid tuzumning qonli iskanjasiga tushib, qanoti qayrildi. 1937-yil kuzda toʻsatdan “nemis josusi”, “fashizm tarafdori” sifatida ayblanib, 10 yillik qamoq jazosiga hukm etildi. 1947-yili qamoq muddati tugab, Xorazmga qaytganidan keyin ham koʻp oʻtmay, 1949-yili yana hibsga olindi. Bu safar u Berlindagi qandaydir “Ozod Turkiston” aksilinqilobiy millatchilik tashkiloti bilan shubhali aloqada boʻlgani, dugonasi Xayriniso bilan Parijga borganida Mus­tafo Choʻqayev bilan uchrashgani, matbuotda millatchilik fikrlarini oʻtkazgani kabi ayblar yuzasidan soʻroq qilinadi.

“Onamning aytishicha, — deya xotirlaydi qizi Anorxon Davronova Sherali Turdiyevning “Maryam Sultonmurodova” nomli ocherkida, — 1937-yil 30-avgustda erta tongda toʻsatdan harbiy kiyimli ikki kishi kelib, hozirgi Toshkent shahri Oloy bozori yaqinidagi Uezdnaya koʻchasida joylashgan 13-uydan 5-6 oylik chaqaloqlik vaqtimda onamni men bilan birga qamoqqa olib ketgan ekan. Onam 1947-yili birinchi marta qamoqdan kelganidan keyin ham yorugʻ kun koʻrmadik. Bunga qadar men ammamlar qoʻlida, akam Poʻlatbek Ahmadbekov esa avval yetimxonada, soʻng xolam Gulchehra qoʻlida onaga zor boʻlib yashadik. Chunki u vaqtda Gulchehra xolamning eri, taniqli adabiyotshunos olim Rahmat Majidiy ham “xalq dushmani” sifatida qamoq va surgunda koʻp azob-uqubatlarni boshdan kechirgan. Onam 1937-yil sentyabrdan to 1939-yilgacha avval Toshkent, Qozon va Suzdal qamoqxonalarida, soʻng uzoq Kolimaning qahraton sovugʻi ostidagi “Dalstroy”ga surgun boʻlgan. U yerda 1947-yil 13-sentyabrgacha ishlab, keyinchalik oqlansa ham oradan ikki yil oʻtar-oʻtmas, yana qamalib, surgun qilindi. Ukam Omon esa soʻnggi yillarda turmada tugʻilib, oʻsha yerda oʻsgan. Men 1954-yili ToshMIda oʻqib, “Malik” sovxozida paxta terib yurgan kuz kunlarining birida onam oqlanib, soʻnggi surgundan qaytib, meni izlab, paxta dalasiga keldi. Oʻsha vaqtda sanitariya-gigiyena boʻlimi rahbarlari hatto tuhmat bilan oʻn-oʻn besh yil qamoqda boʻlib qaytgan onam bilan birga bir-ikki kunga uyga borib kelishga ham ruxsat berishmadi va biz — ona-bola kechani shu yerdagi bir xonadonda xoʻrlikdan tong otgunga qadar uxlolmay, yigʻlab oʻtkazdik. Ertasi onam Urganchga ketish oldidan ikkimiz ­paxta dalasida yigʻlab ajrashdik.

Onam umrining oxirigacha tugʻilgan qish­logʻida oʻzi sevgan matbuotchilik sohasidan tamomila uzoq boʻlgan boshqa bir sohada ishlashga majbur boʻlib, orzu-armonlari ushalmay, olamdan oʻtib ketdi. Butun umri davr zulmi ostida zavolga ketdi. Biz har yili bolalarimiz bilan onamning Urganchdagi qabrini ziyorat qilib qaytamiz. Ukam Omon Sultonmurodov oʻsha yerdagi maktabda tarix oʻqituvchisi. U onam yoqqan maʼrifat chirogʻini oʻchirmay, yosh yurtdoshlariga hormay-tolmay taʼlim-tarbiya berdi. Oʻzbekiston mustaqilligidan keyin bu chiroq yana ham yorqin va yorugʻ boʻlib nur sochmoqda, doim shunday boʻlsin”.

Iroda tantanasi

Xayriniso va Maryam kabi millat qizlarini mustabid tuzumning sharpalari ruhan mahv etishga, ismlarini avlodlar yodidan oʻchirishga urindi, biroq maʼrifat bilan sugʻorilgan qatʼiyatni, bardoshni zanjirband qilib boʻlmasligini anglamadi. Bugun biz ularning nomini ehtirom bilan tilga olib xotirlarkanmiz, aslida, zulm ustidan qozonilgan maʼnaviy gʻalabani nishonlaymiz.

Hozir jahonning eng nufuzli universitetlarida ilm izlayotgan, xalqaro maydonda texnologiya va innovatsiyalar bilan dunyoni hayratga solayotgan qizlarimiz ­Xayriniso va Maryamlarning ushalmagan orzularini roʻyobga chiqarmoqda. Garvard, Kembrij, ­Oksford kabi universitetlarning minbarida soʻzlayotgan, yirik global korporatsiya­larda ishlayotgan ziyoli qizlar shuurini qatagʻon qilingan momolarining maʼnaviy quvvati halqa misoli oʻrab, himoya qilmoqda.

Shu bois, ushbu bayramni nafaqat gullar va tabriklar faslining debochasi, ­balki ayolning erkin yashash hamda ijod qilish huquqining tantanasi sifatida bilmogʻimiz ayni muddao.

Azizbek YUSUPOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri