Choʻqqini zabt etish zahmati

Bundoq oʻylab qarasam, qoʻlimga tor olib, xalq xizmatiga kirishganimga ham ellik yildan ortiq vaqt oʻtibdi. Umrimning uchdan ikki hissasi... Bu davrda jonajon yurtimizni qadamma-qadam kezib chiqdim, har bir qarich yeri azizlar qadamjosi boʻlgan qadimiy Turkiston kengliklarida shamollar tilidagina qolib, unut boʻlayozgan qadimiy qoʻshiqlarimizni jamladim, tanish-notanish kishilardan yaxshiliklar koʻrdim, tanbehlar eshitdim, saboqlar chiqardim.

Baʼzilar meni juda omadli inson deb hisoblashadi. Ammo togʻning tepasida koʻringan odamning boshdan kechirgan zahmatlarini choʻqqiga chiqqan odamgina yaxshi biladi deganlaridek, bu kunlarga yetgunga qadar boshimdan ne-ne savdolar kechgani faqat oʻzimga va Yaratganga ayon.

Ishonmasligingiz mumkin, qirq yoshga qadar boshimda tayinli bir boshpana yoʻq edi. Deyarli har kuni xalqning xizmatida, konsertlarda yo toʻylarda boʻlishga toʻgʻri kelgan. Men ijodni boshlagan paytlar gʻalati qonun-qoidalar hukm surardi: deylik, biror dehqon yo choʻpon toʻy qilmoqchi boʻlsa, albatta kolxoz raisidan ruxsat soʻrardi. Paxta yigʻim-terimi paytlari ayniqsa, toʻy qilish muammolarning eng kattasi edi. Shuning uchun, qishloq joylaridagi toʻylar yozda yoki qish paytlari boʻlgan.

Sanʼatkorni toʻyga taklif etish ham katta mashmasha edi: shuni niyat qilgan odam bir quchoq hujjat bilan filarmoniyaga ariza yozib, belgilangan summani kassaga topshirar, biroq filarmoniya rahbari qaysi qoʻshiqchini ravo koʻrsa, toʻyga oʻshani joʻnatardi. Toʻy egasi qaysi sanʼatkorning shinavandasi ekanligi yoki yuboriladigan ashulachining ragʻbat-xohishi inobatga olinmasdi.

Umuman, negadir oʻsha paytlarda toʻyga borish, xalqning xizmatini qilish uyat, sharmandalik sifatida talqin qilinardi. Sobiq tuzum mafkurasi sanʼatkorning sahnadan pastga tushib, xalq ichiga kirib kirishiga yoʻl bermagan.

Insoniylikning yuksak namunasi

Muhtaram Shavkat Mirziyoyev Prezident sifatida faoliyat boshlagan dastlabki paytlardayoq biz kabi sanʼatkorlarga alohida eʼtibor qaratdi. Inson qadrini ulugʻlash, uning shaʼni va qadr-qimmatini tiklash bundan ortiq boʻlishi mumkinmi! Shuning uchun biz mamlakatimiz rahbaridan umrbod minnatdormiz.

Bugun yangi davr boshlandi. Muhtaram Prezidentimiz rahbarlar xalq uchun xizmat qiladigan tizimga asos soldi. Bu – odamiylik, insonparvarlik, xalqparvarlik namunasi. Men ilgari bunday holatga duch kelmaganman. Rahbar deganda barchamiz oʻziga bino qoʻygan, xalqqa oʻgay koʻz bilan qaraydigan kalondimogʻ kishilarni tushunardik. Endi esa manzara tamoman oʻzgardi. Koʻp marta xizmat safarlarida yurdim, viloyatlarda, tumanlarda, eng chekka qishloqlarda uyushtirilgan tadbirlarda ishtirok etdim. Va hamma joyda koʻrdimki, rahbarlar oʻzgargan. Xalqqa xizmat qilish uchun ularning qoʻli koʻksida. Bularning hammasi shu xalqni yaxshi koʻrgan, el farovonligi, yurtimiz tinchligi yoʻlida tinim bilmay mehnat qilayotgan davlat rahbarining yuksak insoniylik fazilatlari natijasidir.

Tashabbus qoʻllab-quvvatlantiriladigan, mehnat munosib ragʻbatlantiradigan davr keldi.

Olamshumul oʻzgarishlar davri

Bugun Oʻzbekistonda barcha sohalarda yuz berayotgan oʻzgarishlarni kuzatib, shu ishlarning boshida turgan va fidoyilik koʻrsatayotgan zotlarga tasanno aytaman. Ayniqsa, sanʼat, madaniyat sohasiga berilayotgan eʼtibordan boshim osmonga yetadi.

Egasiz qolayotgan doʻmbiralarimiz yana baxshilarning qoʻliga tushib mardlik, tantilik, jasorat kabi fazilatlarni tarannum etmoqda. YUNESKO tashkiloti “Lazgi” raqsimizni insoniyatning noyob madaniy boyliklari roʻyxatiga kiritishi ham oʻz-oʻzidan boʻlgani yoʻq, albatta.

Bundan ikki yil oldin Prezidentimizning madaniyat va sanʼat sohasini rivojlantirishga doir muhim qarorini oʻqib juda xursand boʻlgan edim. Shu yilning boshida esa madaniyat va sanʼatning jamiyatdagi nufuzini yanada oshirishga qaratilgan navbatdagi qarori nafaqat biz sanʼatkorlar, butun sanʼatsevar xalqimiz tomonidan ham katta quvonch bilan kutib olindi. Axir, birodarlar, sanʼat va madaniyatga eʼtibor boʻlsa, shunchalik boʻladi-da.

Muhimi, yurtimizdagi hayotbaxsh oʻzgarishlar nafasi chegaralardan oshib, olis-yaqin mamlakatlarda yashayotgan vatandoshlarimizning ham qalbida aks-sado bermoqda. Bir paytlar xorijiy gastrollarda “Oʻzbegim”ni kuylaganimizda millatdoshlarimizning koʻzida hasrat, chorasizlikni koʻrgan boʻlsak, bugun ishonch, minnatdorlikni koʻryapmiz.

Men bu gaplarni bejiz aytayotganim yoʻq. Koʻpchilik yaxshi biladi, 2021-yilda Prezidentimiz qarori bilan “Vatandoshlar” jamoat fondi tashkil etildi. Bu moʻtabar jamgʻarmaga kaminaning rahbar etib tayinlangani zimmamga ulkan masʼuliyat yukladi. Shu bois, xorijdagi yurtdoshlarimiz bilan tez-tez suhbatlashib, Oʻzbekistondagi yangilanishlar haqida fikr almashib, maslahatlashib turibmiz.

Ularning hammasining tilida bir gap: “Bizning xalqimiz bugun yaxshi yashashga munosib. Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalq manfaatlarini oʻylab amalga oshirayotgan siyosati bardavom boʻlsin, mustahkam irodasiga koʻz tegmasin! Biz ham ana shu tarixiy oʻzgarishlarga oʻz hissamizni qoʻshishni istaymiz”.

Bu istak qanday paydo boʻladi? Avvalo, qoniqish, havas hissi tufayli. Sir emas, vaqtida oʻzbekning koʻp zabardast, isteʼdodli, bilimli yigitlari ona yurtidagi biqiq muhitdan zada boʻlib, chet ellarga ketib qolgan edi. Ular rivojlangan Yevropa yoki boshqa mamlakatlarda oʻz oʻrnini topishdi. Dunyoga mashhur yetakchi kompaniyalarda masʼul lavozimlarda ishlab kelyapti. Lekin ular qayerda ishlamasin, qanday yutuq va natijalarga erishmasin, hamisha kindik qoni tomgan ona Vatani – Oʻzbekiston taraqqiyoti uchun oʻzlari ham masʼul ekanini yaxshi anglaydi, yurt ravnaqi yoʻlida xizmat qilishni sharaf deb bilishadi.

Nasib etsa, bunday vatanparvar yurtdoshlarimiz bilan koʻp ishlarni amalga oshirishni rejalashtirib qoʻyganmiz.

Ziyo – Sharqdan!

Bugun Oʻzbekiston haqiqiy maʼnoda maʼnaviy taraqqiyot yoʻliga kirdi. Muhtaram Prezidentimiz taʼkidlaganidek, maʼnaviyat – insoniyat dunyosining buyuk bir yoritqichi, chirogʻi hisoblanadi. Ana shu chiroq odamzodning ongi va tafakkurini yoritadi, qalbida ezgu nisoniy hissiyotlarni kuchaytiradi. Yurtimizda yangi uygʻonish davri yaratilayotgan tarixiy bir davrda har bir vatandoshimizning qalbini ana shunday maʼnaviyat shuʼlasi munavvar qilib, barchamizni ezgu ishlar sari daʼvat etib turishi kerak.

Maʼnaviy yuksalish, eng avvalo, milliy qadriyatlarni aziz tutishdan boshlanadi. Bizda sanʼatsevarlik, kitobxonlik, ilmga intilish, sogʻlom tan va ruhni tarbiyalash – azaldan eng goʻzal milliy qadriyatlarimiz sanaladi.

“Ziyo Sharqdan taraladi”, degan hikmatli ibora ham bejiz toʻqilmagan. Bizning zaminimizda yuz ochgan Birinchi va Ikkinchi Renessans hodisalariga ham maʼrifatli ajdodlarimizning insoniyat taraqqiyotiga xizmat qiladigan ezgu gʻoyalarni milliy qadriyat darajasiga koʻtargani asosiy sabab boʻlgan edi.

Soʻnggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan milliy maqom sanʼatimizni yanada rivojlantirish maqsadida alohida qaror qabul qilingani, har ikki yilda bir marta Xalqaro maqom sanʼati anjumanini oʻtkazish anʼanasi joriy qilingani maʼnaviy hayotimizda juda katta tarixiy voqea boʻldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning: “Agar biz sanʼatni, madaniyatni koʻtarmoqchi boʻlsak, avvalo, mumtoz maqom sanʼatini koʻtarishimiz kerak. Maqom ohanglari, maqom ruhi va falsafasi har bir inson qalbidan, avvalo, unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodimizning ongi va yuragidan chuqur joy olishi uchun bor imkoniyatlarimizni safarbar etishimiz zarur”, degan fikri zamirida katta hayotiy haqiqat mujassam.

Chunki maqom – sanʼatimiz gultoji, xalqimiz maʼnaviy dunyosining koʻzgusidir. Maqom falsafasi insonning qalbi va ruhini tarbiyalaydi. Bu asrlar sinovidan oʻtgan haqiqat.

Xalqaro maqom sanʼati va anjumani aynan qadimiy va navqiron Shahrisabz shahrida tashkil etilayotgani ham bejiz emas. Bu sharofatli zamin Sohibqiron Amir Temurni ulgʻaytirgan. Bu ulugʻ zot oʻz davrida ilm-fan va sanʼat homiysi sifatida ham dovrugʻ qozongan. Oʻtmishda shahri Keshdan qanchadan-qancha mashhur shoiru allomalar yetishib chiqqan, madaniyat va sanʼat rivojlangan.

Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi tashkil etilgani ham barchamizni quvontirdi. Milliy sanʼatimiz ahlining orzusi ushaldi. Bugun bu markaz faoliyati ustozlar siymosida maktablarga, sanʼat maskanlariga koʻchgan. Oʻzimiz ham maktablarga borib, yoshlar bilan koʻp suhbatlar qurdik.

Bizni quvontirgani, yurtimizda maqom sanʼatiga qiziqadigan, iqtidorli yigit-qizlar juda koʻpchilikni tashkil qiladi. Erta-bir kun ular oʻzlarining mahorati va bilimini oshirib, milliy maqom sanʼatimizning dovrugʻini dunyoga yanada koʻproq mashhur qilishi, shubhasiz.

Baxshichilik sanʼatiga qaratilayotgan eʼtibor haqida ham ana shunday iliq fikrlarni aytish mumkin. Zero, Baxshichilik sanʼati markazi faoliyat boshlagani, qisqa vaqt ichida Termiz va Nukus shaharlarida xalqaro baxshichilik sanʼati festivali yuqori saviyada tashkil qilingani barchamizni birday xursand qiladi.

“Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor...”

Oʻrni kelganda koʻnglimdagi baʼzi kechinmalarimni ham tilga olmoqchi edim. Hayotim davomida chiqargan eng muhim xulosalarimdan bir shu boʻldiki, ona – bu yorugʻ dunyoda eng mushfiq, eng mehribon zot ekan. Parvardigor lutfu marhamatining yerdagi timsoli boʻlgan bu tabarruk xilqat haqida qancha gapirilsa, uning sharafida sheʼr va qoʻshiqlar toʻqilsa, shuncha ozdir.

Agar osmon daftariga yulduzlar kotiblik qilib, dengizdagi suvlar, daraxt yaproqlari, biyobonlardagi qumlar miqdoricha soʻz yasab, mahshargacha onaning vasfini yozsalar ham, uning chaqalogʻi boshida bir kecha chekkan ranju mashaqqatiga barobar boʻlmas, degan ekan allomalardan biri.

Aziz muxlislarimiz yaxshi bilishadi: elning toʻy-maʼrakasi boʻladimi, konsert dasturi boʻladimi, qoʻlimga torni olib sahnaga chiqsam, albatta, birinchi navbatda onani vasf etuvchi qoʻshiqni kuylayman:

Onaginam,

Dorilomon kunlar keldi, shafaqlari ol,

Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor...

Bugun ayni shu satrlarni nafaqat aziz va munis onalarimizga, balki jonajon Vatanimizga nisbatan qoʻllab kuylasak ham, har jihatdan toʻgʻri va oʻrinli boʻladi, deb oʻylayman.

Bebaho merosimizga gard yuqmasin!

Men hamisha maza-matrasiz qoʻshiqlari bilan sanʼatimizning obroʻsini toʻkadigan otarchilarga qarshi boʻlganman. Lekin insof bilan aytadigan boʻlsak, aynan oʻzbegimning toʻylari sharofati bilan bugungi kungacha milliy sanʼatimizning durdonalari, xalq qoʻshiqlari va oʻyinlari, rasm-rusumlar va qadriyatlar saqlanib qoldi. Bugun biz dunyoga mumtoz maqomlarimizni, baxshichiligimizni, koʻpkarilarimizni, buxorocha va fargʻonacha kurashlarimizni koʻrsatish uchun harakat qilyapmiz. Shunday boy va bebaho madaniy merosimizni omonlikda asrab, bugungi kungacha yetib kelishiga toʻylari orqali himmat koʻrsatgan shu xalqdan bir umr minnatdormiz.

Gapni bejiz toʻydan boshlamadim: toʻy – oʻzbekning murodiga yetgan kuni, baxt mazmuni. Biz, sanʼatkorlar hamma vaqt elning boshi toʻydan chiqmasin, deymiz. Chunki bizning toʻylarimiz kuy-qoʻshiqsiz oʻtmaydi.

Qoʻshiq jamiyatning barcha qatlamlari – yoshu qari, olimu shoir, oshiqu orif… barcha-barcha uchun nondek qadrli, maʼnaviy yoʻldosh, ruhiy madaddir. Inson oʻz quvonchu qaygʻusi, hasrat va iztiroblari, orzu-armonlari, eʼtiqod va muhabbatini qoʻshiqlardan izlaydi, oʻz holati va kayfiyatiga munosib qoʻshiq topilganda esa bu topildiqdan hosil boʻladigan ruhiy sururni boshqa hech narsa bilan almashtirmaydi. Qoʻshiqning ajoyib bir xususiyati borki, u yolgʻizlikda yoki ikki-uch kishi orasida tugʻilib, millionlarning tuygʻusini birlashtiradi. Adabiyot yoki musiqaning boshqa janrlari kitobxonga yoki tinglovchiga yetib borguncha, qoʻshiq butun mamlakatni aylanib chiqqan boʻladi.

Dunyoni mehr qutqaradi

Men oʻz umrimni aynan shu sanʼat turiga bagʻishlaganimdan, qoʻshiq orqali elning koriga yaraganimdan baxtiyorman. Shu nuqtayi nazardan, millatni birlashtirib, yagona maqsad sari safarbar qilishga muhim rol oʻynaydigan sanʼat va madaniyatni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar tom maʼnoda farovon kelajak poydevori boʻlishiga hissa qoʻshadi, degan fikrdaman.

Maʼrifatli inson kuchli boʻladi. Kuchli inson oʻziga ishongan boʻladi. Oʻziga ishongan inson bagʻrikeng boʻladi. Bagʻrikeng inson xalqning ehtiromi va muhabbatiga sazovor boʻladi. Qolaversa, boshqalarning hurmati va eʼtiborini joyiga qoʻya biladi.

Yaqindagina ana shunday hurmatdan men ham bahramand boʻldim. Muhtaram Prezidentimiz farmoniga koʻra, davlatimizning yuksak mukofoti — “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlandim. Shu bilan birga kamtarona xizmatimizga yuksak baho ifodasi — tabrik ham olganimda, ochigʻi, xursandchilikdan boshim osmonga yetdi. Bu eʼtirof nafaqat menga, balki oʻzbek sanʼati rivoji yoʻlida xizmat qilib kelayotgan barcha hamkasblarim, doʻstlarim, shogirdlarimga ham birdek tegishli.

Bugun biz inson mehnat qilsa ragʻbat va qadr topadigan adolatli zamonda yashayapmiz. Mana shu ulugʻ neʼmatning qadriga yetaylik, birodarlar, degim keladi. Kamtarona xizmatimiz, el-yurtga boʻlgan mehr-muhabbatimiz hurmatli Prezidentimiz tomonidan qadrlangan ekan, u kishiga chin yurakdan minnatdorlik bildiraman. Meni eʼzozlagan ona xalqimga boshim yerga tekkuncha taʼzim qilaman.

Dunyoni mehr qutqaradi. Bir insonga bir ogʻiz shirin soʻz aytsangiz, olam-jahonga hadya-ehson koʻrsatganning savobini olasiz. Bu olamning asl maʼnosi omonat, oʻtkinchi ekanligini bilgan orif zotlar bagʻrikenglikni, mehru muhabbatni ulugʻlaydi, doʻstona rishtalarni mustahkamlaydi. Odamiylik, insoniylikka amal qilish qanchalar saodat. Bugun biz ana shunday mehrparvarlik, insonparvarlik, xalqparvarlik siyosatidan bahramandmiz. Bu siyosat yopilgan yoʻllarni ochdi, umidsizlangan qalblarga ishonch baxsh etdi, qurigan ildizga suv, tushkunliklarga barham berdi.

Mana shunday dorilomon kunlarimizga koʻz tegmasin, ilohim!

Sherali JOʻRAYEV,

Oʻzbekiston xalq artisti,

“El-yurt hurmati” ordeni sohibi