Aholini sifatli, samarali va xavfsiz farmatsevtika mahsulotlari bilan ta'minlashni yanada yaxshilash, farmatsevtika tarmog'iga ilg'or ilmiy-texnika yutuqlari va innovatsiyalarni joriy etish tibbiyot sohasini yanada taraqqiy ettirishni o'z oldiga maqsad qilgan har bir davlat va jamiyat oldidagi ustuvor vazifalardan biri sanaladi.
Sababi, o'tgan uch yillik vaqt davomida dunyo tibbiyot sohasi uchun sinov bo'lgan pandemiya davrida ko'plab davlatlarda aholini o'z vaqtida dori-darmon mahsulotlari bilan ta'minlash masalasida bir qator muammolar yuzaga keldi. Bundan qilingan xulosa shu bo'ldik, tibbiyot sohasida ayniqsa tibbiyot buyumlari va dori vositalari ta'minotida boshqa biror davlatga qarmlikni qisqa fursatlarda bartaraf etib, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish zarur.
Shu boisdan, mamlakatimizni kelgusi besh yilda rivojlantirishga qartilgan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham mahalliy dori vositalari ishlab chiqarish hajmini 3 barobarga oshirish, ichki bozorni ta'minlash darajasini 80 foizga etkazish maqsad qilingan.
Buning uchun joriy yilning o'zida 80 million dollarlik 34 ta loyiha amalga oshirilishi ko'zda tutilgan bo'lib, unga qo'shimcha tarzda Investitsiyalar loyiha markazi tomonidan tayyorlangan yana 18 ta istiqbolli loyihalar Hindiston, Germaniya, Turkiya, Xitoy, Janubiy Koreya kabi davlatlar kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Loyihalarni moliyalashtirish hamda aylanma mablag'lar uchun 200 million dollar kredit resurslari jalb qilinadi.
Shuningdek, viloyatlar kesmida ham dorivor o'simliklarni etishtirishni kengaytirishga qartilga bir qator loyihalar amalga oshiriladi. Bu haqda, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 12-aprel kuni farmasevtika tarmog'ini rivojlantirish masalalari bo'yicha o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida aytib o'tildi. Yig'ilishda shu borada boshlangan ishlar, tarmoqdagi loyihalar holati tanqidiy tahlil qilindi.
Sababi, bugungi kunda mamlakatimizda yiliga 1 milliard 600 million dollarlik farmatsevtika mahsulotlari iste'mol qilinsa, shundan qariyb 1 milliard 200 million dollarlik mahsulotlar import qilinmoqda. Ushbu ko'rsatkich, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm, Buxoro va Farg'ona viloyatlarida yanada past darajada bo'lib, iste'mol qilinadigan dorining atigi 2-5 foizini mahalliy ishlab chiqaruvchilar tashkil etmoqda.
Yuqoridagi kabi kamchilik va muammolarni bartaraf etish maqsadida mahalliy farmatsevtika korxonalarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha bir qator chora-tadbirlar belgilab olindi. Jumladan, hozirgi kungacha 5 ta vaizrlik tomonidan tasdiqlab kelingan qo'shilgan qiymat solig'idan ozod etiladigan xom ashyolar ro'yxati bundan buyon Investitsiyalar vazirligi, Bojxona qo'mitasi va Farmatsevtika agentligi tomonidan tasdiqlanishi belgilab berildi.
Shu bilan birga, mahalliy korxonalarning GMP sertifikatini olish bilan bog'liq xarajatlari Farmasevtika agentligi tomonidan qoplab berilishi belgilab qo'yildi. Korxonalarni modernizatsiya qilishni moliyalashtirish esa to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalar jamg'armasi ishtirokida amalga oshiriladi. Yil yakuniga qadar esa, 80 ta tuman dorivor o'simliklarni yetishtirishga moslashtirilib, 7,5 ming gektarda plantatsiyalar tashkil etiladi.
Shuningdek, yig'ilishda nafaqat aholimizni mahalliy tibbiyot buyumlari va dori vositalari bilan taminlash ko'rsatkichini oshirish, shu bilan birga, eksportbop dorivor o'simliklarni yetishtirishni kengaytirishga ham alohida e'tibor qaratildi. Endilikda, dorivor o'simliklarni yetishtirmoqchi bo'lganlarga kooperatsiya va oilaviy tadbirkorlik uchun nazarda tutilgan barcha imtiyoz va moliyalashtirish tartiblari tatbiq etiladi.
Moliya vazirligi tomonidan aholi tomorqasi uchun quduq qazishga qo'shimcha 50 milliard so'm mablag' ajratiladi. 2022-yilda za'faron plantatsiyalarini kamida 5 baravarga ko'paytirish choralari ko'riladi. Dorivor o'simliklarni qayta ishlaydigan korxonalar 2025-yil 1-yanvarga qadar uskuna va ehtiyot qismlar, xomashyo importida bojxona bojidan ozod qilinadi. Ularga tayyor mahsulotlar eksporti uchun transport xarajatlarining 50 foizigacha qismi qoplab beriladi.
Umuman, olganda belgilab olingan vazifalarning sohaga o'z vaqtida tadbiq etilishi, minglab aholimizga o'z salomaliklari uchun mahalliy va sifatli mahsulotlardan foydalanish imkonini berish bilan bir qatorda, ularning vaqt va mablag'i tejalishi imkonini beradi. Shu bilan birga, soha eksportining rivojlanishi mamlakatimiz iqtisodiy barqarorligi ta'minlanishida o'ziga xos o'ringa ega bo'ladi.
Muzafara ABDIYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati