Bu xushxabarni menga yarim tunda aytishdi. Albatta, suyundim. Minnatdor boʻldim. Yigirma bir-yigirma ikki yoshlarimda qoʻlimga qalam olgan boʻlsam, bu yil bahorda sakson yetti yoshga kirdim, Allohning marhamati bilan hali ham yozishdan, fikrlashdan toʻxtaganim yoʻq. Men, ayniqsa, oʻzimga atalgan mukofotning nomidan suyundim. Chunki ijodimning asosiy qismi millatlar, xalqlar orasidagi doʻstlikni mustahkamlashga bagʻishlangan.

Men qardosh, qondoshlarimizdan uzoqlashib, uzilib yashagan zamonlarni ham koʻrdim. Yuragim qonadi oʻsha uzilishlardan. Shuning uchun qondoshlarimiz bilan aloqalar tiklana boshlaganida bugungidan ham ziyodroq quvonganman. Chunki hamma doʻst ham aziz, lekin qondoshlarniki ishonchliroq, mustahkamroq boʻladi. Men bu yil turkiy tilli davlatlarning Navoiyda boʻlib oʻtgan sheʼriyat festivalini televizor orqali kuzatib, Turkiya, Ozarbayjonda oʻtgan xuddi shunday sheʼriyat anjumanlariga ancha yillar avval ming bir toʻsiqlarni yengib borganlarimni, armonlarimni oʻyladim.

Oʻsha mashaqqatli kunlarda “Qani edi, bizning tuprogʻimiz, turkiy millatlarning beshigi boʻlgan Vatanimizda ham shunday bayramlar oʻtsa”, deb orzu qilgandim. Xizmatlarimni eʼtirof etishib, Jaloliddin Rumiy mukofotini berishganida “Qani edi, biz ham jon doʻstlarimizga Alisher Navoiy hazratlarining muqaddas siymosi tushirilgan nishonlarni taqsak...” , deb oʻylaganman. Mana, bu orzularning roʻyobini koʻrish baxtiga ham yetdik. Ildizimiz bir qardosh, qondoshlarimizning bunday ulkan yigʻinlarda izzat-hurmat bilan kutib olinayotganidan boshim osmonga yetdi. “Xalqim, yurtim” deganlar shunday adolatli yoʻl tutadi. Keng ochilgan yoʻllardan millatning ruhi, ovozi boʻlgan adabiyot ham kirib kelmoqda. Asliyatdan tarjima qilingan sheʼrlardan, nasriy asarlardan yaqinlarimizning orzu-armonlarini yana ham yaxshiroq bilib olyapmiz, ularga qalban yaqinlashyapmiz. Yaqinlashgan sayin oʻzimizni kuchliroq sezyapmiz. Koʻproq Turkiya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Qozogʻiston adabiyotidan tarjimalar qilganman. Umr vafo qilsa, adabiyotga katta eʼtibor koʻrsatilayotgan mana shu dorilamon zamonlarning imkonlaridan foydalanib, tarjimonlik faoliyatimni davom ettirish niyatim bor.

Men faqat oʻzim uchun emas, ulugʻ yoshda eʼtirofga erishgan qoʻshnim, maslakdoshim Abdulla Sher uchun, nihoyatda tiniq bir shoir, mahoratli inimiz Yoʻldosh Eshbek uchun, adabiyotni qilni qirq yorgandek zargarona baholaydigan Nurboy Jabbor ukamiz, sheʼriyatda oʻziga xos yoʻli bor Zikrillo Neʼmat ukamiz, xullas, eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz arafasida koʻngillari, xonadonlariga sevinch kirgan barcha hamkasblarim uchun quvondim. Mehnatkash xalqimiz, muqaddas tuprogʻimizga qalb bilan, qalam bilan xizmat qilish burchi hammamizga cheksiz ilhom baxsh etaversin... 

“Ming oy koʻrganlarning atrofida farishtalar aylanib yuradi, duolari ijobat boʻladi”, deyishadi. Hamisha xalqimiz, yurtimiz uchun, muhtasham adabiyotimiz uchun, ularni sevganlar, qadrlaganlar, eʼtirof etganlar uchun duodaman.

Miraziz AʼZAM,

“Doʻstlik” ordeni nishondori