Mahoratli sportchimiz bu boradagi taassurotlari haqida qisqacha gapirib berdi. D.Karomatov fikrlarini O‘zbekiston milliy paralimpiya qo‘mitasi rasmiy sayti taqdim etdi.

 – Men Qashqadaryoning Koson tumanida oddiy oilada dunyoga keldim. Kurashga bo‘lgan qiziqish qonimda bo‘lsa kerak deb o‘ylayman. Chunki ota-bobom ham o‘z vaqtida milliy kurashimiz bilan muntazam shug‘ullangan va katta davralarda bel olishgan.

Para dzyudo sport turi bilan 5-6 sinfda o‘qib yurgan kezlarimdan boshlab shug‘ullanib kelaman. Garchi ko‘zimda nuqsonim bo‘lsa-da, davlatimiz tomonidan men kabi jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga yaratib berilgan ulkan imkoniyatlar tufayli o‘z iqtidorimni namoyon qila oldim. O‘tgan davr mobaynida para dzyudo bo‘yicha ko‘plab xalqaro musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdim. Eng muhimi, joriy yil Tokio shahrida bo‘ladigan navbatdagi yozgi Paralimpiya o‘yinlariga litsenziya qo‘lga kiritdim.

Hayotimdagi eng unutilmas kun esa 30 iyun kuni sodir bo‘ldi. “Yoshlar kuni” munosabati bilan mening kamtargina mehnatlarim yuqori baholandi va men “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandim. Eng ahamiyatlisi, ushbu mukofotni menga muhtaram Prezidentimizning shaxsan o‘zlari o‘z qo‘llari bilan topshirdi. Bu mukofot Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlari oldidan menga katta motivatsiya berdi. Prezidentimiz tomonidan bildirilgan ushbu yuksak ishonchni Paralimpiya o‘yinlaridagi o‘zimning oltin medalim bilan oqlashga va'da beraman. Nasib qilsa, Yaponiyadan Vatanimiz Mustaqilligining 30 yilligiga munosib sovg‘a bilan qaytaman.