“O'zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev topshirig'i bilan konlarda tabiiy gaz va gaz kondensati qazib chiqarish hajmini oshirish borasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Gazli neft` va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli konlarda tabiiy gazni yig'ish va uzatish tizimini modernizatsiya qilish loyihalari amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida boshqarmaga qarashli “Doyaxotin”, “Janubiy Qulbeshkak”, “Xojiqazg'on”, “Qulbeshkak”, “Mirkomilquduq”, “Savatli”, “SHortak”, “To'maris” hamda “G'arbiy Haqqul” konlaridan qazib chiqarilib, qayta ishlash uchun Gazli gazni qayta ishlash zavodiga uzatiladigan quvurlar modernizatsiya qilinmoqda. Ushbu ishlar natijasida quvurlarning gaz uzatish quvvatini oshirish orqali konlardagi quduqlardan qazib olinayotgan tabiiy gazni etkazib berishdagi yo'qotishlarning oldini olish va gidravlik qarshiliklarni kamaytirish bilan qazib chiqarish hajmini ko'paytirishga erishiladi.

Ayni paytda “Doyaxotin” konidan zavodgacha bo'lgan oraliqdagi diametri 1020 mm bo'lgan 47 km uzunlikdagi gaz quvurini o'rnatish ishlari olib borilmoqda. Loyihaga asosan qurilish-montaj va quvurlarni etkazib berish ishlariga “Muborakneftgazmontaj” AJ, “Janubgazqurilish” AJ hamda "Buxorogazsanoatqurilish" AJ jalb qilingan.

SHuni alohida ta'kidlash joizki, mazkur gaz quvurining qurilishi “Jayxun”, “Kinderli” hamda “Karomat” kabi istiqbolli maydonlarni o'zlashtirish orqali qazib olinishi rejalashtirilayotgan tabiiy gazni ham uzatish imkoniyatini yaratadi.

Ma'lumot uchun: “Doyaxotin” koni Buxoro viloyatining Qorako'l tumani hududida joylashgan bo'lib, 2004 yilda ishga tushirilgan.

“O'zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati