Dramaturg va yosh rejissyorlar uchun mukofot taʼsis etiladi

    “Teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi ahamiyatini oshirish va ular faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ-399-son) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, dramaturglar uchun Mahmudxoʻja Behbudiy nomidagi mukofot hamda yosh rejissyorlar uchun Bahodir Yoʻldoshev nomidagi mukofot taʼsis etiladi.

    Bunda mukofotlar boʻyicha tanlovlar har ikki yilda oʻtkazilib, ularning gʻoliblari MHTEKMning 50 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

    Rejissyor – dramaturg – kompozitor – rassom tamoyili asosida ijodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 2025-yildan har yili avgust oyida “Nigoh” ijodiy loyihasi amalga oshiriladi.

    Milliy akademik musiqa sanʼatini rivojlantirish va ommalashtirish maqsadida har 2-yilda milliy kompozitorlar tanlovi oʻtkazib boriladi.

    Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatri huzurida Teatr rejissyorlari akademiyasi tashkil etiladi.

    Jahon dramaturgiyasi namunalaridan tarjima qilingan asarlar boʻyicha har yili “Eng yaxshi tarjima sahna asarlari” tanlovi joriy etiladi.

    2025-yildan:

    • har 2-yilda tarixiy va zamonaviy mavzular boʻyicha “Eng yaxshi pyesalar” tanlovi tashkil etiladi;
    • Oʻzbekiston teatr jamoalarining milliy reytingi tuziladi.