Drayver loyihalarni amalga oshirish tartibi belgilandi

    Drayver loyihalar har yili 1-noyabrgacha tuman (shahar) hokimliklari tomonidan ishlab chiqiladi.

    Hukumat qarori bilan “Tuman (shahar)larda iqtisodiy oʻsishga turtki beruvchi drayver loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.

    Nizomga koʻra, drayver loyiha hududning zaxira va imkoniyatlarini hisobga olgan holda, maʼlum iqtisodiy oʻsishni yoki oʻzgarishni yuzaga keltiradigan sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligining rivojlanishiga turtki beradigan loyiha hisoblanadi.

    Drayver loyihalarni shakllantirish, kelishish va ishga tushirish tuman (shahar) hokimlari tomonidan amalga oshiriladi.
    Bunda loyihalar har yili 1-noyabrgacha tuman (shahar) hokimliklari tomonidan ishlab chiqiladi.
    1 hafta muddatda loyihalar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga kiritiladi.

    Shundan soʻng, loyihalar 10 ish kunida Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuboriladi.

    Iqtisodiyot va moliya vazirligi 15 ish kunida drayver loyihani joyiga chiqqan holda oʻrganadi.

    Loyihalarni amalga oshirish doirasida bosh loyihachi tashkilotlar qonunchilikda belgilangan tartibda tanlov (tender) orqali aniqlanadi.

    Drayver loyihalar tuman (shahar) hokimligi tomonidan tuziladigan dalolatnomaga asosan foydalanishga qabul qilinadi va amalga oshirilgan hisoblanadi.