Bayram tadbiri avvalida Navro‘zi olam munosabati bilan Dubayning «THE POINTE» sunʼiy orolida barpo etilgan mashhur favvora O‘zbekiston bayrog‘i ranglariga burkandi.
Bosh konsulxona rahbari o‘z nutqida xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniyati va ezgu qadriyatlarini o‘zida yaqqol mujassam etgan Navro‘zi olam eng ardoqli milliy bayramlarimizdan biri ekanini taʼkidladi. Diplomat O‘zbekistonda Navro‘z qut-baraka va to‘kinchilik bayrami sifatida har yili keng nishonlanishini qayd etdi.
Tantanada so‘zga chiqqanlar davlatimiz rahbari tomonidan xorijda yashayotgan vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoniga faol jalb qilish bo‘yicha tashabbuslarini alohida taʼkidladilar.
O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanib borayotgani ham eʼtirof etildi.
Tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sevara Nazarxon o‘zining Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan konsert dasturini taqdim etdi.
“ZOR” o‘zbek milliy restoranida tashkil etilgan ushbu bayram tadbiri yakunida Bosh konsulxona tomonidan vatandoshlar uchun bayram dasturxoni tashkil qilindi.