Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, bir ayol duduqlangan bolani soʻkinish va qoʻrqitish usulida davolashga uringani aks etgan video boʻyicha Bolalar ombudsmani oʻrganish olib borgani haqida xabar berilgan edi.
Bolalar ombudsmanining maʼlum qilishicha, D.J.ning ish uslubiga malakali defektolog va logopedlardan iborat ishchi guruh xulosa berdi.
Xulosada taʼkidlanishicha, pedagogning ish usuli murakkab duduqlanish muammosiga tor va ibtidoiy yondashuv boʻlib, mutlaqo ilmiy asoslanmagan.
Shuningdek, duduqlanishni bartaraf etishda qoʻllayotgan ruhiy va jismoniy zoʻravonlik usullari bolalarning sogʻligʻi va tarbiyasiga jiddiy zarar keltirishi mumkin hamda pedagogika qoidalariga butunlay zid.
Yunusobod tumani IIO TB olib borgan tergovga qadar tekshiruv materiallari oʻrganilib, D.J.ning harakatlarida aldash va odamlarni ishonchini suiisteʼmol qilish yoʻli bilan oʻzganing mulkini va uning mulkiga boʻlgan huquqni qoʻlga kiritishda ifodalangan jinoyat alomatlari mavjudligi aniqlangan.
Joriy yilning 27-fevral kuni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Hozirda Yunusobod tumani IIO FMB tergov boʻlimi tomonidan jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.