Dunyo aholisi tarkibiy oʻzgarishni boshdan kechirmoqda

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 7-iyul sonida Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori, iqtisod fanlari doktori Mamayunus Pardayevning “Globallashuv jarayoni: dunyo aholisi tarkibiy oʻzgarishlarni boshdan kechirmoqda” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Bugun jahonning turli hududlarida murakkab jarayonlar kechmoqda. Ushbu umumbashariy muammolar globallashuv pallasida dunyo aholisining tarkibiy tuzilishi va oʻzgarishi bilan ham bogʻliq. Shu tufayli Yer yuzi aholisining tarkibiy tuzilishi va uning mamlakatimiz aholisi bilan qiyosiy tahlilini qilish bugun oʻta dolzarbdir. Prezidentimizning shu yil 28-yanvardagi “2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmonida bu boradagi aniq vazifalar belgilab berilgan.

    Dunyo aholisi va uning oʻzgarish tendensiyalarini olimlar tizimli ravishda kam tadqiq qilgan. Bularni inobatga olib, internet va jahon statistikasi maʼlumotlaridan foydalangan holda, mazkur jihatlar bir qancha yoʻnalishlarda, xususan, jahon aholisining iqtisodiyot sohalaridagi bandligi, qitʼalar boʻyicha taqsimlanishi, yashash sharoiti, ovqatlanishi, toza ichimlik suv isteʼmol qilish darajasi va boshqalar tahlil qilingan.

    Chunki ushbu maʼlumotlar mamlakatimiz aholisining jahondagi oʻrni qandayligiga baho berish uchun asos boʻladi. Jumladan, bugun jahonda aholi soni oʻsmoqda. BMTning sayyora aholisi soni boʻyicha bergan maʼlumotiga qaraganda, 2022-yil boshida dunyo aholisi 7,8 milliard kishini tashkil qilgan. Sayyoramiz aholisi har yili 82 million kishiga yoki 1,05 foiz koʻpaymoqda. Oʻzbekistonda esa yillik oʻrtacha oʻsish 1,7 foizni tashkil qilmoqda.

    Koʻrinib turibdiki, mamlakatimiz aholisining oʻsish surʼati ancha yuqori. Har soniyada oʻrtacha 2,6 bola dunyoga kelmoqda. 2050-yil oxiriga borib, jahonda aholi soni 9,7 milliard kishiga yetadi, yaʼni 124,4 foiz koʻpayadi. Oʻzbekiston aholisi esa 41 millionga yetadi va oʻsish surʼati 128,1 foizni tashkil qiladi. Bu haqda BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida Aholi va taraqqiyot komissiyasining 52-sessiyasida maʼlum qilindi.

    Xususan, dunyo aholisi soni joriy asr oxirida 11 milliard kishigacha yetishi, mamlakatimiz aholisi esa kamayib, 38,1 million kishini tashkil etishi prognoz qilinmoqda. Aholining kamayishiga Oʻzbekistonda har bir ayolga toʻgʻri keladigan tugʻilish soni tobora pasayib borishi sabab boʻladi. Jumladan, 1990-1995-yillarda bir ayolga 3,95 nafar bola toʻgʻri kelgan boʻlsa, 2010-2015-yillarda bu koʻrsatkich 2,38 nafarni tashkil etgan.

    Bugungi kunda esa bir ayolga 2,24 nafar chaqaloq toʻgʻri kelmoqda. Tugʻish koeffitsiyenti tobora pasayib, asr oxirida 1,79 nafargacha kamayishi taxmin qilinmoqda. Jahon miqyosida globallashuv jarayoni davom etmoqda va bu yildan-yilga kengaya boradi. Ayni paytda jahon miqyosida aholining qarish koʻrsatkichi oshishi tugʻish darajasi pasayishi hamda jadal urbanizatsiya bilan birga kechmoqda.

    BMT maʼlumotlariga koʻra, dunyoda oʻrtacha tugʻish darajasi bir ayolga 2,5 bolani koʻrsatgan boʻlsa, 2030-yilda 2,4 bolani tashkil qiladi. 65 yosh va undan katta odamlar ulushi umumiy aholi sonidan oshib bormoqda. Hozir Yevropada ularning ulushi umumiy aholi sonining 19 foizini, Shimoliy Amerikada esa 16 foizini tashkil qilmoqda. 2050-yilga borib, bu koʻrsatkich mos ravishda 28 va 23 foizgacha oʻsadi. Kelgusida Oʻzbekistonda ham qarish koʻrsatkichi oshib boradi.

    2022-yil 1-yanvar holatiga aholining oʻrtacha umr koʻrishi 73,8 yoshni tashkil qilmoqda. Bu esa 1990-yilgi koʻrsatkichdan koʻpdir. Asr soʻngigacha oʻrtacha umr 82 yilga teng boʻlishi kutilmoqda. Shuningdek, Oʻzbekistonda bolalar oʻlimi tobora kamayayotganini kuzatish mumkin. Jumladan, 5 yoshgacha boʻlgan bolalar oʻlimi koeffitsiyenti har ming nafarga 32,5 nafarni tashkil qilmoqda. 1990-yilda bu koʻrsatkich 74,2 nafar boʻlgan.

    Yana bir muhim tendensiya. Iqtisodiyot sohalariga innovatsion omillarni jalb qilish natijasida dunyo aholisining sohalar boʻyicha bandligi ham shakllanib, yildan-yilga ijobiy oʻzgarish tendensiyasiga ega boʻlmoqda. Tadqiqotlar koʻrsatmoqdaki, dunyo aholisining 26,3 foizi yoshlardan iborat. Mamlakatimizda esa bu koʻrsatkich qariyb 60 foizni tashkil qiladi. Dunyo miqyosida xizmat koʻrsatish sohasida band boʻlgan aholi soni eng yuqori boʻlib, 2022-yil boshida 23,5 foizga yetgan.

    Mamlakatimizda bu koʻrsatkich 35 foizga teng. Iqtisodiy-ijtimoiy hayotning rivojlanishi va takomillashuvi natijasida asta-sekinlik bilan mazkur sohaning ulushi yanada oʻsib borishi mumkin. Chunki alohida bandlik boʻyicha ikkinchi oʻrinda qishloq xoʻjaligi boʻlib, uning ulushi shu yil 19,4 foizni tashkil qiladi. Bu soha Oʻzbekistonda ham ikkinchi oʻrinda boʻlib, bandlikdagi hissasi 32,3 foizdir. Jahonda aholining oziq-ovqat bilan taʼminlanishi, ayrim sanoat korxonalarining faoliyati ham bevosita qishloq xoʻjaligiga bogʻliq.

    Buning natijasida ushbu soha bilan band xodimlar soni saqlanib qoladi. Biroq mazkur yoʻnalishga innovatsion texnologiyalarni jalb qilish natijasida kamroq ish kuchi bilan hozirgi hajmdan ham koʻproq qishloq xoʻjaligi mahsulotini yetkazib berish mumkin. Bugun dunyo miqyosida ishsizlar soni 6 foizni tashkil qilayotgan boʻlsa, mamlakatimizda mehnatga qobiliyatli aholiga nisbatan 7,5 va umumiy aholiga nisbatan esa 3,2 foizga teng.

    Ushbu daraja uzoq yillardan buyon saqlanib kelmoqda. Ammo oxirgi paytlarda kamayish tendensiyasi kuzatilmoqda. Dunyo aholisining bandligini taʼminlaydigan qatlam, asosan, tadbirkorlar boʻlishi lozim. Ammo hozirgi kunda ularning ulushi barcha band aholi tarkibida atigi 5,5 foizni tashkil etadi. Bizning yurtimizda 8,8 foizga teng. Jamiyat rivojlanishi bilan mutanosib tarzda ushbu koʻrsatkich ham oshib borishi kerak. Hozir global miqyosda shaharlarda yashovchi aholi koʻpayib bormoqda.

    Yigirmanchi asrda aholining asosiy qismi tarixan qishloqlarda yashagan boʻlsa, bugungi kunga kelib ularning ulushi birmuncha kamaydi. Bugun shahar aholisi 51, qishloq aholisi esa 49 foizni tashkil qilmoqda. Rivojlangan mamlakatlarda shahar aholisining ulushi katta. BMTning hisobotiga koʻra, kelgusida aholi oʻsishi shahar aholisi soni oshishi hisobiga yuz beradi. 2030-yilda shaharlar aholisi umumiy aholining 60 foizini, 2050-yilda 68 foizini tashkil qiladi.

    Bu koʻrsatkich mamlakatimizda ham xuddi shunday holatda oʻsib borishi koʻzda tutilgan. Jahon miqyosidagi global muammolardan biri aholining ovqatlanish darajasi bilan bogʻliq. BMT Bosh kotibining birinchi oʻrinbosari Amina Muhammadning maʼlum qilishicha, oxirgi 25 yilda oʻta nochor sharoitda yashovchi odamlar soni ancha qisqargan. Onalar oʻlimi 40 foiz kamaygan, odamlarning umr koʻrishi davomiyligi ancha oshgan.

    Dunyo aholisining 21 foizi koʻp ovqat yeydiganlar toifasiga kirib, bu 1,6 milliard kishini tashkil qiladi. Shuningdek, aholining 63 foizi (4,9 milliardi) qancha xohlasa, shuncha yeyish imkoniyatiga ega qatlamdir. Biroq nochor aholi qatlami barcha muammolar bilan birgalikda toʻyib ovqatlanish imkoniyatiga ham toʻliq ega emas. Bunday sharoitda ayrim mamlakatlarda koʻplab oziq-ovqat mahsulotlari isrof boʻlmoqda. Jahon miqyosida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash uchun uning isteʼmolini meʼyorlashtirishga, tejamkorlikka amal qilishga kirishish va bu masalaga katta ahamiyat berish lozim.

    Dunyo aholisining 48 foizi yoki 3,7 milliardi oziq-ovqatdan qiynalmasa-da, kambagʻallik darajasida yashaydi. Agar xalqaro meʼyorlar asosida qaraydigan boʻlsak, 2022-yil 1-yanvar holatiga koʻra, dunyo aholisining bir sutkada isteʼmol darajasi boʻyicha iqtisodiy holati buni yaqqol koʻrsatib turibdi. Yaʼni bir sutkada yashash darajasi 2 AQSH dollaridan kam boʻlgan kambagʻallik chegarasidagi aholining soni 3,7 milliard kishini tashkil qiladi.

    Ayni paytda ekologik muammolar kundan-kunga koʻpaymoqda. Bulardan biri ichimlik suv tanqisligi bilan bogʻliq. Jahonda toza ichimlik suvga ega aholi soni 6,8 milliard kishini yoki 87 foizni tashkil qiladi. Bu yurtimizda 73 foizga teng. Koʻrinib turibdiki, 1 milliard kishining toza ichimlik suv isteʼmol qilish imkoniyati cheklangan. Bundan anglanadiki, toza ichimlik suv masalasi eng katta va murakkab muammolardan biridir.

    Dunyoda aholining farovonligini taʼminlash bilan bogʻliq ayrim masalalar hamon saqlanib qolmoqda. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, aholi oʻsishining jadal davom etayotgani sabablaridan biri istalmagan homiladorlik holati koʻpligidir. Chunki koʻplab hududlarda, ayniqsa, “uchinchi dunyo” davlatlarida ayollar va qizlar erki oʻzida emas. Taʼkidlanishicha, Yer yuzidagi har beshinchi homiladorlikdan ikkitasi istalmagan hisoblanadi.

    Maʼlumotlarga koʻra, bu borada ogʻir vaziyat Afrikaning Sahroi Kabirdan janubdagi hududida yuzaga kelgan. Bu yerda oxirgi yillarda tugʻuruq darajasi kamayganiga qaramay, hamon bir ayolga oʻrtacha 4,4 bola toʻgʻri keladi. Vaholanki, jahon boʻyicha bu koʻrsatkich 2,4 bolani tashkil qiladi. BMT maʼlumotlariga koʻra, buning natijasida ushbu mintaqa aholisi soni 2050-yilga borib, hozirgi 1,3 milliard kishidan 2,5 milliard kishiga yetadi.

    Bunday keskin va asossiz koʻpayishlar bir qator muammolarni keltirib chiqaradi. Jumladan, dunyo aholisining bir qismi hamon oʻz boshpanasiga ega emas. Oʻz uyida yashaydigan aholi soni 6 milliard kishini yoki aholining 77 foizini tashkil qilsa, oʻz uyiga ega boʻlmagan aholi soni 1,8 milliard kishiga yoki dunyo aholisining 23 foiziga teng. Bu borada mamlakatimiz dunyoga andaza boʻladigan darajada. Deyarli barcha aholi oʻzining uyiga, ishonchli boshpanasiga ega.

    Davrlar oʻtishi, zamonlar almashishi natijasida dunyo, koinot, tabiat, insoniyat va butun bashariyat doimiy oʻzgarishda, yangilanishda davom etib kelmoqda. Hozirgi kunda jahon miqyosida har kuni qandaydir yangiliklar yuzaga kelmoqda, jahonning iqtisodiy-ijtimoiy hayotida jadal rivojlanish bosqichi roʻy bermoqda. Shu bilan birga, integratsiya va globallashuv jarayoni ham oʻzining ijobiy va salbiy omillari bilan tezlashib bormoqda.

    Bunday sharoitda har bir mamlakat dunyo maydonida oʻzining ezgu maqsadlariga erishmoq uchun muttasil oldinga intilishi, hayotni va tafakkurni isloh qilishi, yangilanish, yaratuvchanlik ruhi bilan yashashga odatlanishi lozim. Aynan yangi Oʻzbekistonni barpo qilish, uchinchi Uygʻonish davriga kirish jahon miqyosida olamshumul yutuqlarni qoʻlga kiritishni taqozo qiladi. Bu borada mamlakatimizda ulkan vazifalarni bajarish ustida qizgʻin ishlar amalga oshirilmoqda.