Jahon banki taqdim etgan maʼlumotga binoan, dunyo aholisining 16 foizi yoki 1,2 milliard odam elektr energiyasi taqchilligidan aziyat chekmoqda. Shimoliy Аmerika, Yevropa mamlakatlarining deyarli barchasida, shuningdek, Xitoy va Braziliyada aholi 100 foiz elektr taʼminotiga ega. Hindistonda ham bu borada yuqori oʼsish kuzatilgan – mazkur koʼrsatkich oxirgi 10 yilda 70 foizdan 93 foizga koʼtarilgan. Аholisining teng yarmi elektr energiyasi taʼminotisiz yashayotgan Shimoliy Koreyada taʼminotning yomon ahvolda ekanligini uning kosmosdan turib qaraganda umuman koʼrinmasligidan ham bilsa boʼladi.
1995 yilda 20 foiz aholisi elektr manbasidan foydalanish imkoniyatiga ega boʼlgan Аfrika qitʼasida hozirda ushbu koʼrsatkich 40 foizga yetgan. Biroq 600 million afrikalik hanuz energiya taʼminotidan uzilgan holda istiqomat qilmoqda.