Loyihada asosiy qonunning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq oʻzgartishlar kiritish hamda 16 ta normani oʻz ichiga olgan 6 ta yangi modda (prim-moddalar) qoʻshish taklif etilmoqda. Qayd etib oʻtish kerakki, fuqarolar tomonidan Konstitutsiyaviy komissiyaga jami 62 mingdan ortiq takliflar kelib tushgan.
Davlat rahbarining 20-iyundagi maʼruzasi hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi eʼlon qilingach, ijtimoiy tarmoqlar orqali muhokamalar yanada kuchaydi. Qizgʻin muhokamalarga sabab boʻlayotgan mazulardan biri bu – Konstitutsiyaning 24-moddasiga “Oʻzbekiston Respublikasida oʻlim jazosi taqiqlanadi” degan qoida kiritilayotganligi boʻldi.
Kimdir “bu shundoq ham jinoyat qonunchiligidan chiqarib tashlangan jazo turi, u amalda mavjud emas, binobarin, uni Konstitutsiyaga kiritishning keragi ham yoʻq” desa, tarmoqning boshqa foydalanuvchilari “oʻlim jazosini Konstitutsiyasida taʼqiqlashga shoshilmaslik kerak. Oʻsha “insonparvar” Gʻarb davlatlarida ham oʻlim jazosi amalda kam qoʻllanilsada hali ham bekor qilingani yoʻq,. Oʻlim jazosining asosiy maqsadi bu yashash huquqidan mahrum qilish emas, balki qoʻrqitish, tiyib turish, ogʻir jinoyatlarni oldini olish. Bu jazo turida mazlumga adolat bor” deya fikr bildirmoqda.
Hoʻsh, davlatlardagi oʻlim jazosi va jinoyatchilikning past darajasi oʻzaro bogʻliqmi?
Amerika erkin fuqarolari ittifoqi tashqilotining maʼlum qilishicha, jinoyatchilikning oldini olishda oʻlim jazosi uzoq muddatli qamoq jazosiga qaraganda samaraliroq ekanligini ilmiy isbotlovchi tahlillar mavjud emas. AQSHning oʻlim jazosi amalda boʻlgan shtatlarida bunday qonunlar mavjud boʻlmagan shtatlarga qaraganda jinoyatchilik darajasi past emas.
Shuningdek, oʻlim jazosi bekor qilgan shtatlarda jinoyat yoki qotillik darajasida sezilarli oʻzgarishlar kuzatilmagan. Rasmiy statistikaga murojaat qiladigan boʻlsak, 2022-yilda dunyo davlatlaridagi jinoyatchilik darajalari koʻrsatkichida AQSH oʻz qonunchiligida oʻlim jazosini saqlab qolganligi hamda 2021-yilda 11 kishini qatl qilinganligiga qaramasdan, oʻlim jazosi 2000-yildayoq bekor qilingan Ukrainaga qaraganda yomonroq koʻrsatkichni qayd etgan.
Oʻlim jazosi taqiqlangan Gruziya, Armaniston va Sloveniya davlatlari jinoyatchilik koʻrsatkichlari boʻyicha oʻlim jazosi amalda mavjud boʻlgan Xitoy va Qatardan koʻra ancha yaxshi natijalarga erishgan..
Yuqoridagilardan anglashiladiki, oʻlim jazosining joriy etilishi jinoyatchilikning kamayishiga jiddiy taʼsir koʻrsatmaydi.
Xalqaro Amnistiya tashkiloti (Amnesty International)ning 2022-yil birinchi yarmigacha boʻlgan statistikasiga koʻra, dunyodagi 93 ta davlat qonunchiligida oʻlim jazosi rasman saqlanib turibdi. Shulardan 56 ta davlatda oʻlim jazosi qoʻllanilyayotgan boʻlsa, 29 ta davlat qonunchiligida oʻlim jazosi belgilangan, biroq oxirgi 10 yil ichida bir marta ham bu jazo tayinlanmagan. 8 ta davlatda esa oʻlim jazosi faqat terrorizm va urush jinoyatchilariga nisbatan qoʻllanilishi belgilangan.
Shuningdek, ushbu tashkilotning 2020-yil yakunlari boʻyicha hisobotiga koʻra, 54 mamlakatda sudlar tomonidan 1 477 ta oʻlim jazosini nazarda tutuvchi hukmlar chiqarilgan.
Dunyodagi qaysi davlatlar konstitutsiyalarida oʻlim jazosining taqiqlanganligi haqidagi qoidalar mavjud?
Dunyodagi 38 ta davlat konstitutsiyasida oʻlim jazosi bekor qilinganligi (taqiqlanganligi, hech kimga qoʻllanilmasligi) toʻgʻrisidagi qoidalar aks etgan. Ushbu davlatlar roʻyxatiga nazar tashlasak Germaniya, Finlyandiya, Avstriya, Xorvatiya, Chexiya, Lyukemburg, Niderlandiya, Slovakiya, Sloveniya, Shvetsiya, Portugaliya, Ruminiya kabi Yevropa davlatlaridan tashqari Lotin Amerikasi va Afrika mamlakatlari ham bor ekanligini koʻrishimiz mumkin.
Xususan, Xorvatiya konstitutsiyasining 21-moddasida “har bir inson yashash huquqiga ega. Xorvatiya Respublikasida oʻlim jazosi boʻlmaydi” deb, Avstriya konstitutsiyasining 85-moddasi va Germaniya konstitutsiyasining 102-moddasida “oʻlim jazosi bekor qilinadi” tarzida, Sloveniya konstitutsiyasining 17-moddasida “inson hayoti daxlsizdir. Sloveniyada oʻlim jazosi boʻlmaydi”deya, Ruminiya konstitutsiyasining 22-moddasida “oʻlim jazosi taqiqlangan” tarzida, Finlyandiya konstitutsiyasining oltinchi boʻlimida “har bir inson yashash va shaxsiy erkinlik huquqiga ega. Hech kim oʻlimga, qiynoqlarga yoki qadr-qimmatni kamsituvchi boshqa jazoga hukm qilinishi mumkin emas” deya mustahkamlab qoʻyilgan.
Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yilgi Jinoyat kodeksida oʻlim jazosi tayinlanishini nazarda tutuvchi moddalar soni 13 ta boʻlib, 1998-yilda 8 taga, 2001-yilda esa 4 tagacha kamaytirilgan. 2003-yilda jinoyat qonunchiligini liberallashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilgandan soʻng, faqat ikki turdagi jinoyat – javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish va terrorizm jinoyatlarini sodir etganlik uchun oʻlim jazosi nazarda tutilgan edi.
2005-yil 1-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida oʻlim jazosini bekor qilish toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoniga asosan 2008-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekistonda oʻlim jazosi butunlay bekor qilindi. Ammo bularning barchasi Konstitutsiyada emas, balki faqat jinoyat qonunchiligida oʻz aksini topgan. Oʻlim jazosini taqiqlash toʻgʻrisidagi normaning konstitutsiyaviy darajada belgilanishi inson hayoti ajralmas huquq ekanligini, hatto davlat ham insonni hayotdan mahrum etishga haqli emasligini kafolatlaydi.
Agar “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi oʻzgarishsiz qabul qilinsa Oʻzbekiston oʻlim jazosini bekor qilgan va buni oʻz konstitutsiyasida toʻgʻridan-toʻgʻri aks ettirgan 39-davlat boʻladi. Konstitutsiyaga “Oʻzbekiston Respublikasida oʻlim jazosi taqiqlanadi” degan qoidaning kiritilishi kelajakda ushbu jazoni qayta tiklash (jinoyat kodeksiga jazo turi sifatida kiritish)ga boʻlgan har qanday urinishga ishonchli toʻsiq boʻlib xizmat qiladi.
Bektursin MURODQOSIMOV,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti masʼul xodimi