Yurtimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasi har bir sohadagi ijobiy oʻzgarishlarda yaqqol koʻzga tashlanmoqda.  Jumladan, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ularning ishtiroki va  tashabbuslari qoʻllab-quvvatlanayotgani, yigit-qizlarning oʻz sohasida yetuk kadrlar boʻlib yetishishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar yil sayin koʻpayotganiga ham guvoh boʻlib turibmiz. 

Xususan, ularning fan sohalarini oʻzlashtirishiga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida soʻz yuritmay boʻlmaydi. Ayniqsa, matematika sohasiga eʼtibor har qachongidan kuchli. Qisqa davr ichida yurtimizda matematika ilm-fani va taʼlimini yangi sifat bosqichiga olib chiqishga alohida urgʻu berilgan.  Bu bejiz emas.

Davlatimiz rahbarining 2020-yil 7-maydagi  “Matematika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlarida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutining hududiy boʻlinmalari tashkil etilishi butun ilm ahli uchun katta imkoniyatlar yoʻlini ochib berdi.

Yurtimizdagi barcha oliy taʼlim muassasalarida turli nufuzli xorijiy universitetlar bilan hamkorlik aloqalari keng yoʻlga qoʻyilgan. Urganch davlat universitetida ham xalqaro aloqalar tobora rivojlanmoqda. Hozirda dunyoning rivojlangan 36 ta davlati bilan 130 dan ortiq hamkorlik memorandumlari mavjud. Shuningdek, “Erasmus+” dasturi doirasida ham jahonning nufuzli 10 ga yaqin universiteti bilan manfaatli loyihalar ishlab chiqilgan.

Universitetda fizika, matematika boʻyicha bir necha yillardan beri anʼanaviy tarzda oʻtkazilayotgan, dunyo matematik olimlarini ham qamrab olgan konferensiya, anjuman va turli tadbirlar keng yoʻlga qoʻyilgan.

Ana shunday xalqaro maqomga ega tadbirlardan biri  joriy yilning 3–11-avgust kunlari boʻlib oʻtgan Fraktal fazolar va dinamik sistemalar boʻyicha chuqurlashtirilgan taʼlim instituti oʻquv mashgʻulotlaridir.  Qariyb oʻn kunga moʻljallangan ushbu oʻquv mashgʻulotlari asnosida Osiyo va okeanorti mintaqasining kuchli matematiklari “Algebra”ning asoschisi al-Xorazmiy vatanida jam boʻldi. 

Anjuman Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Urganch davlat universiteti, AQSHning Kaliforniya davlat universiteti, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Romanovskiy nomidagi matematika instituti, Amerika milliy tadqiqotlar fondi hamda Xorazm Maʼmun akademiyasi  hamkorligida tashkil etildi. 

Mazkur taʼlim instituti 3 yildan buyon faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Asosiy maʼruzachilar sifatida dinamik sistemalar sohasi va fraktal geometriyaning yetuk namoyandalari, dunyo tan olgan olimlar — Kaliforniya davlat universiteti professori Mario Bonk, Xelsinki universiteti  professori Pekka Pankka, Nyu-York davlat universiteti professorlari Mishel Lyubich hamda Dzmitry Dudko, Hindistonning Tata fundamental tadqiqotlar instituti professori Sabyasachi Mukherjee singari olimlar ishtirok etdi. Ular ilmiy faoliyatga yoʻnaltirilgan, ilgʻor chuqurlashtirilgan oʻquv mashgʻulotlarini olib borishdi. Aslida mazkur taʼlim institutining maqsadi yoshlarni matematika boʻyicha ilmiy yoʻnalishlarda dunyo boʻyicha olib borilayotgan tadqiqotlarga integratsiya qilish hisoblanadi.

AQSH milliy tadqiqotlari fondi tomonidan moliyalashtirilgan  ushbu mashgʻulotlarda AQSHning turli universitetlaridan tashrif buyurgan 20 nafar, Pekin universitetidan 11, Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk davlat universitetidan oʻnga yaqin doktorant va magistr, Oʻzbekistondan 10 nafar doktorant va magistr shuningdek, Urganch davlat universiteti fizika-matematika fakulteti professor-oʻqituvchilari hamda talabalari ishtirok etdi.

Loyihaning yana bir muhim jihati shundan iboratki, u ilmiy-tadqiqotni rivojlantirishga, matematikaning zamonaviy yoʻnalishlari Oʻzbekistonda taraqqiy etishiga hissa qoʻshishi barobarida, dunyo olimlarini boy tariximiz bilan bevosita tanishtiradi va madaniyatimizni yaqindan oʻrganishlariga imkoniyat yaratadi. Bu esa, oʻz navbatida, viloyatimizning turizm salohiyatini yanada oshirishga ham xizmat qiladi.

Hindistonning Tata fundamental tadqiqotlar instituti professori Sabyasachi Mukherjee oʻz  taassurotlarini shunday ifoda etdi:

“Men Oʻzbekistonga birinchi kelishim. Xiva, Samarqand kabi tarixiy shaharlaringiz haqida koʻp eshitganman va buni qarangki, menga bu yerlarda boʻlish nasib etdi. Biz bir necha kun davomida goʻzal Xiva shahrida, Xorazm Maʼmun akademiyasida boʻldik. U yerda algebra asoschisi Al-Xorazmiy va  buyuk kimyogar Al-Beruniy haqida juda koʻp va muhim maʼlumotlar oldik. Ayniqsa, Kolumbdan bir necha asr ilgari Beruniyning  Amerikani kashf etgani haqidagi aqlbovar qilmas maʼlumotlar katta qiziqish uygʻotdi. Ayniqsa, uning Hindiston haqidagi tarixiy asarini oʻrganish jarayoni biz uchun juda qiziqarli, hatto hayratlanarli kechdi.

Tabiiyki, bu ajoyib sayohatdan keyin yana Oʻzbekistonga kelishga harakat qilaman. Istardimki, Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida ham mana shunday qoʻshma dasturlar, ilmiy konferensiyalarni koʻpaytirishimiz kerak. Chunki, bu kabi anjumanlar orqali ilm-fandagi ilgʻor tadqiqotlar haqida fikr almashibgina qolmay, mamlakatlarimiz koʻhna tarixi va nodir madaniyati bilan yaqindan tanishamiz. Shu orqali bir-birimizni yanada yaqinroq tushunamiz, azaliy doʻstlik rishtalarining mustahkamlanishiga baholi qudrat hissa qoʻshamiz”.

Sayohat – aslida tarixni oʻrganish, u bilan yuzlashish ham demak.Tarixiy maskanlarimizda boʻlgan mehmonlarning hayrati cheksiz. Xorijliklar shaharning qoʻli gul usta-hunarmandlari tomonidan tayyorlangan mahsulotlarga ham katta qiziqish bildirishdi. Chet ellik matematiklarga unutilmas va betakror onlarni tuhfa etgan, ularning vatanimiz, ayniqsa, Xorazm tarixi bilan yaqindan tanishishlariga xizmat qilgan azim Xiva boʻylab sayohat barchaga birdek manzur boʻldi.

 2024-yilda ushbu loyihaning yakuni sifatida yirik konferensiya oʻtkazishni va bu konferensiyani “XXI asr algebrasi” deb nomlashni maqsad qildik.

Ilmiy-anjuman ishtirokchilarining Xorazmga tashrifi ular xotirasida hali koʻp yillar yashaydi. Ularning hayajonga boy  taassurotlari, mamnunlik ifodasi yuzlarida, suhbatlarida aks etib qoldi. Bu kabi ilmiy-amaliy anjumanlar nafaqat ilm-fan taraqqiyotiga, shu bilan birga, mamlakatimiz turizm salohiyatining yanada rivojlanishiga munosib hissa qoʻshadi.

Bahrom ABDULLAYEV,

fizika-matematika fanlari doktori