Yigʻilishni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid ochib berdi va kengash faoliyati borasida fikrlarini bayon qildi.
Tadbirni kengash raisi Mahmud Toir olib bordi. Unda uyushma aʼzolari Qozoqboy Yoʻldoshev, Olim Toshboyev, Nodira Afoqova 2021-yilda nashr etilgan sheʼriy kitoblar, sheʼriy turkumlar, dostonlar boʻyicha maʼruza qildi.
Oʻtgan davr kengash aʼzolari uchun ijodiy jarayon samarali kechdi deyish mumkin. Xususan, Abdulla Oripov (ikki jildlik), Usmon Azim, Abdulla Sher singari shoirlarning tanlangan asarlari, “Adib va jamiyat” ruknida Ergash Muhammadning “Yarador yurak”, Tursun Alining “Yurayotgan yoʻllar”, Munavvara Usmonovaning “Hayot tumori”, Sirojiddin Raufning “Niliy naqshlar”, Faxriddin Hayitning “Tong tushlari”, Nosir Joʻrayevning “Aksincha”, Zilola Xoʻjaniyozovaning “Sogʻinch shivirlari” kabi sheʼriy kitoblar chop etildi. Shu bilan birga “Nazm boʻstoni” seriyasida 38 nomdagi kitoblarning chop etilishida Sheʼriyat kengashi aʼzolari faollik koʻrsatdi, deya taʼkidlandi.
– Hozirgi oʻzbek adabiyotining tasvir va ifoda tizimida muayyan bir qorishiqlik bor, – deydi professor Qozoqboy Yoʻldoshev. – Janr va uslubda chegarasizlik koʻzga tashlanadi. Anʼanaviy bitilgan sheʼrlarda koʻrkam, modernga xos yondashuvlar odatga aylandi. Yana shuni aytish kerakki, taniqli shoir Abdulla Sherning saylanmasi nashr etildi. Albatta, uyushma tomonidan bu kabi toʻplamlarning chop etilishi katta ahamiyatga egadir.
Oʻzbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlab “Kelajakka boshlaydi ishonch” nomli sheʼriy asarlar jamoaviy toʻplami chop etilishida kengash aʼzolarining katta hissasi bor. “Vatan uchun yashaylik!”, “Eng ulugʻ, eng aziz”, “Qadring baland boʻlsin, ona tilim”, “Duel”, “Isteʼdod egalari” kabi respublika va xalqaro tanlovlarda sheʼriyat kengashi aʼzolari hayʼat aʼzosi sifatida faol qatnashgani aytib oʻtildi.
Hisobot davrida Yozuvchilar uyushmasiga murojaat qilgan mualliflarning turli saviyadagi 22 ta sheʼriy toʻplami oʻqib muhokama etildi. Bir qator ijodkorlarning qoʻlyozmalari nashrga tavsiya etildi. Jumladan, Dadaxon Hasanning “Dardi borning dodi bor”, Anvar Togʻayevning “Dunyo, senga sheʼr olib keldim”, Davron Rajabning “Yogʻdu”, Yahyo Togʻaning “Iftixor bayozi”, Hafiza Egamberdiyevaning “Tomchilar tavallosi”, Gʻulom Egamshukurning “Ruh anatomiyasi”, Muhayyo Mirsaidovaning “Yurak tugʻyonlari” kabi sheʼriy toʻplamlar nashrga tavsiya etilgani aytib oʻtildi.
Yigʻilish soʻnggida takliflar oʻrtaga tashlandi va kengashning joriy yildagi rejalari belgilab olindi.