London. London Imperial kollejining xabar berishicha Buyuk Britaniyada COVID-19 tarqalishi oktabr` oyida eng yuqori darajaga ko'tarildi. Bunga infeksiyaga chalingan bolalar va mamlakat janubi-g'arbida kasallanganlar sonining keskin oshgani sabab bo'lmoqda. Angliya bosh sanitar shifokori o'rinbosari Jonatan Van-Tamning aytishicha, epidemiologik vaziyatning yomonlashuvi fonida mamlakatda Rojdestvo bayramini nishonlash qiyin kechadi.

Germaniya. Germaniyada oxirgi 24 soat ichida koronavirus bilan kasallanganlar soni 33 ming 949 nafarni tashkil qildi. Bunday ma'lumot 4 noyabr` kuni Berlindagi Robert Kox instituti (RKI) tomonidan e'lon qilindi. Xabar qilinishicha, bu pandemiya boshlanganidan beri eng yuqori ko'rsatkichdir. Mamlakatda avvalgi maksimal sutkalik infeksiya — 33 777 nafar kishi 2020 yilning 18 dekabrida qayd etilgan.

Italiya. Italiya farmasevtika regulyatori tomonidan koronavirusga qarshi tan olinmagan dorilar, shu jumladan Rossiyaning “Sputnik V” va Xitoyning Sinovac bilan emlangan fuqarolarini qayta emlash imkoniyatini ko'rib chiqmoqda.

Gollandiya. Gollandiya hukumati mamlakatda COVID-19 holatlari ortib borayotgan bir paytda yuz niqoblarini majburiy taqishni qayta joriy qilmoqda.

Gresiya. Gresiyaning emlanmagan aholisi 6-noyabrdan boshlab davlat xizmatlari, umumiy ovqatlanish joylari va chakana savdo do'konlariga COVID-19 qarshi test topshirmagan bo'lsa kira olmaydi. Rasmiylar bunday chorani koronavirus bilan kasallanganlar sonining kunlik o'sishi rekord darajaga etganidan keyin kiritdi.

Amerika. Pan-Amerika sog'liqni saqlash tashkiloti (PAHP) ma'lumotlariga ko'ra, Amerika qit'asida o'lim va koronavirus infeksiyasi soni sakkizinchi haftadan beri kamaymoqda.

Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti (JSST) mintaqaviy byurosining xabar berishicha, Lotin Amerikasi va Karib dengizi aholisining 46 foizi to'liq emlangan va ko'pchilik mamlakatlar yil oxirida JSSTning 40 foiz emlash bilan qamrab olish rejasiga kiritilgan. 

AQSH. Ayni paytda AQSHda 28 million nafar bolani qamrab oladigan keng miqyosli emlash kampaniyasi boshlandi. AQSH prezidenti Jo Bayden ma'muriyati vaksinani qo'llash uchun 20 000 nafar pediatr va oilaviy shifokorni jalb qildi hamda bolalarni emlash uchun 15 million doza vaksina etkazib berildi.

Kanada. Kanada 70 yoshdan 79 yoshgacha bo'lgan fuqarolar uchun — AstraZeneca yoki Covishield, yoxud Janssen  vaksinasining kuchaytiruvchi dozasini tasdiqladi. Shuningdek, bu emlash ilgari qisqa vaqt ichida ikkita dozani qabul qilgan shifokorlar uchun ham ruxsat etilgan.

Xitoy. Ayni paytda Xitoy 2019-yilda Uxanda boshlangan epidemiyaning birinchi to'lqinidan beri mamlakatdagi eng yirik COVID-19 epidemiyasini to'xtatib turishga harakat qilmoqda. Milliy sog'liqni saqlash komissiyasi (NHC) ma'lumotiga ko'ra, ilgari ko'proq holatlar kuzatilganiga qaramay, oxirgi epidemiya yanada uzoqroqqa tarqaldi. Xitoyning 31 provinsiyasidan 19 tasida oktyabr oyining o'rtalaridan boshlab koronavirus holatlari ko'payganligi haqida xabar berilgan.

Xitoy ommaviy axborot vositalarining xabarlariga ko'ra, yaqinda qayd etilgan yangi to'lqin boshlanganidan beri butun mamlakat bo'ylab 500ga yaqin holat qayd etilgan. Bu raqam, ta'kidlanganidek, G'arb mamlakatlari bilan solishtirganda kichik bo'lib tuyulishi mumkin, ammo COVID-19 ga nol toqatli yondashuvni qo'llaydigan Xitoy uchun hatto bir nechta infektsiya holatlari ham jiddiy tahdid hisoblanadi.

Janubiy Koreya. Janubiy Koreya hukumati bolalar o'rtasida kasallanish keskin oshganidan so'ng maktablar to'liq ochilishi arafasida COVID-19 testini kuchaytiradi. Shuningdek, mamlakatda universitetga kirish imtihonlari oldidan 3000 nafargacha talaba qabul qila oladigan karantin markazlari ochildi.

Boshqa mamlakatlarda ham bolalar o'rtasida COVID-19 bilan kasallanishning ko'payishi kuzatilmoqda, shuning uchun emlash dasturlari kengaymoqda. Shunday qilib, Saudiya Arabistoni rasmiylari 5 yoshdan 11 yoshgacha bo'lgan bolalarni koronavirusga qarshi emlash uchun Amerika Pfizer   vaksinasidan foydalanishga ruxsat berdi.