Unda qayd etilishicha, oʻtgan haftada dunyo boʻyicha koronavirusga chalinish koʻrsatkichlari 8 foizga oʻsgan. Yaʼni 7-13-mart sanalarida jami 11,4 milliondan ziyod kishi bu xavfli infeksiyani yuqtirib olgan.
Taskin beradigan jihati esa COVID-19dan oʻlim darajasi pasayishda davom etyapti. Masalan, oʻtgan haftada kasallik asoratlari tufayli qariyb 44 ming bemor hayotdan koʻz yumgan. Bu 28-fevral — 6-mart sanlariga qiyoslaganda 17 foiz kam koʻrsatkichdir.
Koronavirusni yuqtirish bilan bogʻliq sezilarli oʻsish dinamikasi Tinch okeanining gʻarbiy mintaqasi mamlakatlari hissasiga toʻgʻri kelgan — 29 foiz! Afrika qitʼasida bu koʻrsatkich 30 foiz, Yevropada esa 2 foizga yetgan.
Qolgan mintaqalarda kasallanishlar soni kamaydi. Ayniqsa, Sharqiy Oʻrta Yer dengizi mintaqasi davlatlarida sezilarli pasayish qayd etilgan — 24 foiz.
Oʻlim holatlari esa Gʻarbiy Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarida 12 foizga oshdi. Sharqiy Oʻrta Yer dengizi mintaqasi davlatlarida aksincha — 49 foiz, Afrikada 41 foiz kamayish qayd etildi. Bu koʻrsatkich Yevropada 23 foiz, Janubiy va Shimoliy Amerikada 15 foizni tashkil etdi.
Oʻtgan haftada koronavirus tashxisi qoʻyilgan eng koʻp bemor Koreya Respublikasida roʻyxatga olingan — 2,1 million nafar. Ikkinchi oʻrinni 1,7 millionga yaqin koʻrsatkich bilan Vyetnam davlati band etdi.
Germaniya esa uchinchi oʻrinda — mamlakatda 1,3 milliondan ziyod odam koronavirusni yuqtirgan. Toʻrtinchi oʻrinni 476 mingga yaqin holat bilan Niderlandiya, beshinchi pogʻonani esa 419 mingdan ortiq bemor bilan Fransiya egalladi.
Jahonda COVID-19dan oʻlim koʻrsatkichlarining katta qismi AQSHda qayd etildi — 9 ming nafar. Ikkinchi oʻrinda — Rossiya. Mamlakatda hafta davomida 4,5 mingdan ziyod bemor xastalikdan vafot etdi. Braziliyada esa bu koʻrsatkich 3,3 ming nafarni tashkil etdi.
Shu bilan birga, Indoneziyada qariyb 2 ming nafar hamda Xitoyda 1,9 ming nafar bemor koronavirus qurboniga aylandi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Bu tahlillar, dunyoda pandemiya hali chekinmayotgani, biroq uning asoratlari tobora kuchsizlanib borayotganini anglatadi.