Dunyoda misli ko'rilmagan ishlar

    Orolning suvi qurigan 706 ming 401 gektar maydonida o'rmonlashtirish ishlari olib borildi.

    “Olimlarimiz bergan ma'lumotlarga ko'ra, 10-12 yil davomida dengizning qurigan qismini daraxtzor va butazorlarga aylantirishimiz mumkin. Bundan tashqari, yangi unumdor yaylovlar yaratishga qurbimiz etadi, bu chorvachilikni izchil rivojlantirish va o'n minglab odamlarni ish bilan ta'minlash imkonini beradi.”

    Prezidentimiz 2018-yilning 24-avgustida Turkmanistonning Turkmanboshi shahrida bo'lib o'tgan Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi ta'sischi davlatlar rahbarlari majlisida ushbu fikrni ilgari surgan edi. Endi esa, Oliy Majlisi Senatining Orolbo'yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo'mitasining yaqinda taqdim etilgan ushbu ma'lumotiga e'tiboringizni qaratsak.

    “So'nggi uch yil ichida Orolning qurigan tubida o'rmonzorlar barpo etish bo'yicha dunyoda muqobili bo'lmagan ishlar jadallik bilan olib borilmoqda. O'tgan davr mobaynida qariyb, 2 million gektar maydonda o'rmonlashtirish ishlari amalga oshirilib, saksovul va boshqa cho'lga chidamli o'simliklar urug'lari sepildi. Orol dengizining suvi qurigan maydonida tajriba uchun “Orol-Oazis” tashkil etilib, har xil turdagi manzarali va mevali daraxt ko'chatlarini ekish ishlari olib borilyapti.”

    Keyingi paytda Orolqumda amalga oshirilayotgan misli ko'rilmagan ishlar insonning yaratuvchanlik imkoniyatini namoyon etayotgan bo'lsa, sobiq ittifoq davridan qolgan fojealar, xususan, reja-hajm ketidan quvish tizimi nechog'lik ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan so'zlaydi.

    Dengiz o'rnida “orolqum” sahrosi

    O'tgan asrning ikkinchi yarmiga qadar dunyo qit'alari ichidagi suv havzalari orasida Orol dengizi o'zining kattaligi jihatidan to'rtinchi o'rinni egallagan. Shundan keyin quyiladigan suvning keskin kamayib borishi oqibatida uning maydoni 8, hajmi 13 barobarga qisqardi va 90-yillarga kelib, Kichik hamda Katta Orolga bo'lindi. Bundan yarim asr avval dengiz suv tarkibidagi tuz miqdori har litriga 11-12 grammni tashkil etgan bo'lsa, hozirgi kunda bu ko'rsatkich ayrim joylarida 300 grammgacha yetgan. Orol endilikda jahonning eng yirik sho'r suv havzasi sanaladi.

    Bir paytlari bu erda baliqning 60 dan ziyod turi uchragani, o'tgan asrning 60-yillarida yiliga 35 ming tonnagacha baliq ovlangan aytiladi. Lekin endilikda uning suvida artemiyadan boshqa biron-bir jonzot yashamaydi. Umuman, o'tgan davrda Orolbo'yi hayvonot dunyosining 50 foizdan ortig'i boy berildi. Orolbo'yi hududidagi tuqayzorlar maydoni deyarli 90 foizga qisqardi.

    Orolbo'yi hududida vujudga kelgan ekologik tanglik aholi salomatligiga ham salbiy ta'sir ko'rsatyapti. Odamlarda yurak-qontomir, oshqozon-ichak, nafas olish organlari kasalliklari (o'pka sili, astma, bronxit) ko'paydi. Hududda kam qonlik kasalligi 60 yillarga nisbatan deyarli 20 marta oshganligi kuzatilgan.

    Mazkur suv havzasi O'rta Osiyo hududida iqlim holatini nazorat qilish, ob-havodagi keskin o'zgarishlarni yumshatish vazifasini ham bajargan. Hududga kirib kelgan shamol massalari Orol dengizi akvatoriysi ta'sirida qishda iliqlashgan, yozda esa salqinlashgan. Ayni kezga kelib, uning ushbu termoregulyatorlik vazifasi teskarisiga ishlayapti. YA'ni, yoz davrida quruqlik va jaziramani kuchaytirdi, sovuq va izg'irinli qish kunlarini uzaytirib yubordi. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, 2035-2050-yillarga borib mintaqadagi havo darajasi hozirgi ko'rsatkichlarga nisbatan yana 1,5-3 darajaga ko'tarilishi mumkin.

    — Orolning o'lik dengizga aylanishi nainki O'zbekiston, balki mintaqadagi barcha davlatlar uchun qator ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar muammolarni keltirib chiqardi, — deydi Oliy Majlis Senatining Orolbo'yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo'mitasi raisi Boriy Alixonov. — Afsuski, bugungi kunga kelib dengiz o'rnida “Qizilqum” va “Qoraqum” o'rtasida maydoni 5,5 million gektarga teng bo'lgan cho'l, yangi “Orolqo'm” sahrosi paydo bo'ldi. Hududdan har yili bir necha ming kilometr masofagacha tarkibida nafaqat atrof muhit, balki inson salomatligi uchun o'ta zararli bo'lgan 100 million tonnadan ortiq qum, tuz zarralari va kimyoviy birikma qoldiqlari tarqalmoqda. Orol mintaqasining zaharli tuzlari Antarktida sohillarida, Grenlandiya muzliklarida, Norvegiya o'rmonlarida va Er sayyorasining ko'plab boshqa nuqtalarida topilmoqda.

    Ayni kezda texnologik jihatdan Orolni avvalgi holatiga qaytarishning iloji yo'q. Uni bundan 60 yil avvalgi holatiga qaytarish uchun Volga daryosi 5 yil, Dunay daryosi 7 yil davomida tinimsiz quyilishi kerak.

    Prezidentimiz qayd etganidek, Orol dengizini to'liq ravishda qayta tiklashning imkoni yo'q, shuning uchun ham Orol inqirozining atrof-muhitga va mintaqadagi millionlab kishining turmush tarziga salbiy ta'sirini kamaytirish muhim vazifa hisoblanadi.

    Inqiroz oqibatlarini bartaraf etish yo'lidagi sa'y-harakatlar

    Orolbo'yi mintaqasini rivojlantirish bo'yicha olib borilgan tadbirlar ko'lamiga nazar tashlasak, eng avvalo, keyingi to'rt yilda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar jadallashib, misli ko'rilmagan darajada keng ko'lam va xalqaro ahamiyat kasb etayotgani e'tiborni tortadi. Ommaviy axborot vositalarida chop etilgan va espertlar qayd etgan ushbu ma'lumotlarning asosiy jihatlari ham buni tasdiqlab turibdi.

    Prezidentimizning 2017-yil 18-yanvardagi qarori bilan Orolbo'yi mintaqasini rivojlantirishning 2017-2021-yillarga mo'ljallangan Davlat dasturi tasdiqlandi. Unda turli xil moliyalashtirish manbalaridan, byudjet mablag'lari, shu jumladan, xalqaro moliya institutlarining maqsadli hamda grant mablag'lari, kreditlarni jalb qilish va o'zlashtirish hisobiga 67 ta loyihaning amalga oshirilishi ko'zda tutilgan.

    2017-yil sentyabr oyida bo'lib o'tgan BMTning 72-cessiyasi hali-hanuz yodimizda. Prezidentimiz tarixda birinchi bor, BMT oliy minbarida dengizning xaritasini butun jahon hamjamiyatiga ko'rsatib, muammoning nechog'li chuqur va naqadar murakkabligini kuyunchaklik bilan ochib bergan, dengizning qurishi bilan bog'liq oqibatlarni bartaraf etishda xalqaro miqyosdagi sa'y-harakatlarni faol birlashtirishga da'vat etgan edi.

    Davlatimiz rahbari 2018-yil 16-oktyabrda "O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orol dengizi xalqaro innovatsion markazini shakllantirish to'g'risida"gi farmonni imzoladi. Ushbu markaz Orol dengizi qurigan tubidagi sho'rlangan yerlarda ekotizim va barqaror turmush darajasini ta'minlash, xalqaro tashkilotlar bilan hududdagi turli xil muammolarning yechimlarini va innovatsiyalarni ishlab chiqish va joriy etish bo'yicha hamkorlikni tashkil etish masalalari bilan shug'ullanadi. Ayni kezda “Mo'ynoq” va “Samanbay” tajriba-sinov maydonlarida sho'rlanish va qurg'oqchilikka chidamli o'simliklar genofondi shakllantirilish, o'simlik dunyosi obyektlari sinovdan o'tkazish ishlari olib borilyapti. Shu bilan bir qatorda “My garden in the Aral Sea” (“Oroldagi bog'im”) agro va ekoturizm loyihasi ham amalga oshirilyapti.

    2018-yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan hamda BMT Bosh kotibi shafeligida Orolbo'yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo'yicha ko'p tomonlama sheriklik asosida Trast jamg'armasi tashkil etildi. Hozirgi kunga qadar jamg'arma faoliyati uchun donor mamlakatlarning jami 26,1 million AQSH dollariga teng mablag'i jalb qilingan va 47 ta loyiha shakllantirilgan. Davlatimiz rahbarining o'tgan yil 29-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida mazkur jamg'arma faoliyati bo'yicha xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligi alohida ta'kidlandi. Chunki, bu moliyaviy muassasa og'ir ekologik hududda yashayotgan aholiga amaliy yordam ko'rsatish uchun xalqaro hamjamiyatning tayanch platformasi bo'lib xizmat qiladi.

    Davlatimiz rahbari 2020-yil sentyabr oyida bo'lib o'tgan BMTning 75-sessiyasida so'zlagan nutqida Orolbo'yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e'lon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish, ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani esa Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash taklifini ilgari surdi. Shu o'rinda Barqaror investitsiyalar bo'yicha Katta Parij alyansi prezidenti Nikola Bushuning so'zlarini keltirish maqsadga muvofiq keladi:

    “2019-yilning oktyabr oyida BMT shafeligida o'tkazilgan “Orolbo'yi – ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi” mavzusidagi xalqaro konferentsiyadan so'ng O'zbekiston Prezidentining Bosh Assambleya 75-sessiyasidagi tashabbusiga binoan yangi rivojlanish bosqichiga guvoh bo'ldik. Ishonchim komilki, kelgusi o'n yillik O'zbekiston va Orolbo'yi hududi aholisi uchun atrof-muhitni tiklash yili bo'ladi”.

    BMTning Taraqqiyot dasturi tomonidan Orolbo'yi hududidagi qishloq joylarida biznes loyihalar ham qo'llab-quvvatlanmoqda. Qator vazirlik va idoralar bilan imzolangan o'zaro anglashuv memorandumi doirasida 2020 yil “Yashil Orol dengizi” tashabbusiga start berildi. Ushbu sa'y-harakatlar natijasida 100 gektar quruq dengiz tubida saksovul ko'chatlari ekiladi.

    2021-yil 25-mart kuni Davlat ekologiya qo'mitasi hamda Global yashil o'sish instituti hamkorlikdagi loyihani amalga oshirish rejalashtirilayotganligi bildirildi. Uning umumiy qiymati 5,65 million AQSH dollariga teng bo'lib, Xalqaro hamkorlik bo'yicha Koreya agentligi (KOICA) tomonidan moliyalashtiriladi. Asosiy maqsad Orol dengizi tanazzuli oqibatlarini bartaraf etishga ko'maklashish, hayotiy ta'minot hamda tabiiy xavflarga barqarorlikni ta'minlash bo'yicha chora-tadbirlarni belgilashga qaratilgan. Bundan tashqari, yaqin kunlarda yuqorida bayon etilgan institutning Markaziy Osiyoda yagona bo'lgan vakolatxonasi ochilishi kutilmoqda.

    Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi

    Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan qurigan dengiz o'rnida yashil qoplamalar, ya'ni o'rmonzorlar barpo etish loyihasi eng samarali usul hisoblanadi. Bu tajriba — olimlar va o'rmon xo'jaliklari mutaxassislari tomonidan ham amalda isbotlangan. 2018-yil dekabr oyidan boshlab bu mazkur yo'nalishdagi dunyoda misli ko'rilmagan g'oyani amalga oshirishga keng miqyosda kirishildi. Xususan, 2019-2020-yilning o'zida 1,2 million gektar maydonga saksovul, qandim hamda cho'lga chidamli boshqa o'simliklar ekildi..

    — O'rmonlashtirish tadbirlari dengiz chekingandan keyin, ya'ni o'tgan asrning 80-yillarida boshlangan, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdurahim Qurbonov. — Qariyb 40 yil davomida atigi 400 ming gektar maydon o'rmonlashtirilgan. 2018-yilgacha, ya'ni uning yangi davri boshlangunga qadar, Mo'ynoqda o'rmonlashtirish tadbirlariga atigi ikkita traktor (T-28 markali) va 10-15 ishchi jalb qilingan bo'lsa, keyingi uch yil mobaynida ular soni bir necha yuz barobarga oshgan.

    Xususan, 2018-2019-yillarning qish-bahor oylarida Orol dengizining qurigan maydonlarida 1500 ga yaqin ishchi, shu jumladan, mahalliy aholi kuchi yordamida 1532 tonna cho'l o'simliklari, asosan saksovul urug'i tayyorlandi. 2 ta samolyot (AN-2) va 500 ga yaqin maxsus texniklardan foydalanildi.

    2019-2020-yillarda Vozrojdenie va Aqpetkey hududlariga 700 ming gektar maydonda “yashil qoplama” — himoya o'rmonzorlari barpo qilish uchun cho'l o'simliklarini ekish belgilangan edi. O'tgan yil mart oyi oxirlarida bu reja ortig'i bilan bajarildi. Orolning suvi qurigan 706 ming 401 gektar maydonida o'rmonlashtirish ishlari olib borildi. Jamg'arilgan 4,3 ming tonna cho'l o'simliklari urug'larini ekishga 1000 ta texnika va mexanizm, 6 ta samolyot va 2 ta deltaplan jalb etildi.

    — Keyingi ikki yilda o'rmon-meliorativ tadbirlari uchun o'rmon xo'jaliklari ishchilari va aholi tomonidan 4,3 ming tonna cho'l o'simliklari bo'lgan saksovul, qoraburoq, qandim, cherkez va cho'l yaylov o'simliklari urug'lari jamg'arildi, — deydi O'rmon xo'jaligi davlat qo'mitasi boshqarma boshlig'i o'rinbosari Zafar Eshonqulov. 2021-yilda ham Orol dengizining qurigan tubi va Orolbo'yi mintaqasida 547 ming gektar “yashil qoplamalar” barpo etish ishlari davom etyapti. Endilikda bunday tadbirlar nafaqat Qoraqalpog'iston Respublikasidagi Orol dengizining qurigan tubida, balki Orolbo'yi mintaqasi bo'lgan Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarining cho'l hududlarida ham amalga oshiriladi.

    Tabiiyki, hosil qilinayotgan “Yashil qoplama” maydonlarining ko'pchilik qismini saksovulzorlar tashkil etyapti.

    — Saksovul shunday o'simlikki, agar uni yetti qator qilib eksangiz, u 5-7 yilda 90 foiz qumni ushlab qola oladigan darajada katta bo'ladi va u o'zidan ko'payish xususiyatiga ega, — deydi Boriy Alixonov. – Orolning tubidagi kabi saksovulzorlashtirishning dunyoda muqobili yo'q. Albatta, Avstraliya, Qozog'istonda ekilgan, lekin O'zbekistonda qilinayotgan ishlar qamrovi bilan ularni umuman taqqoslab bo'lmaydi.

    Orolning qurigan maydonidagi saksovullar orasiga yovvoyi hayvonlar va chorva uchun ozuqabop ekinlar ham ekilmoqda. Ushbu hududda o'nlab artezian qudug'i qazilyapti. Ulardan chuchuk suv chiqyapti. Bu kelajakda chorvachilikni rivojlantirish uchun sharoit yaratadi.

    Orol bejiz iinovatsiyalar va texnologiyalar hududi, deb atalmayotganiga doir qator misollarni keltirish mumkin. Dengizning g'arbiy qismida juda katta hajmda litiy mavjudligi aniqlangan. Mutaxassislarning fikricha, uni suvdan ajratib olib, quvvat hosil qiluvchi turli xildagi batereykalarni ishlab chiqarish mumkin. Dunyoda litiyning barmoq bilan sanarli konlari mavjudligi inobatga olinsa, bu borada investitsiyalar kiritishning manfaatli va jozibador ekani namoyon bo'ladi. Shuningdek, hudud gaz konlariga egaligi, dengizning qolgan qismi artemiya tsistalariga boyligi bilan ham e'tiborni tortadi.

    — Orol dengizining qurigan tubini o'rmonlashtirish, avvalo, atrof muhit holatini yumshatish, tabiiy resurslarning degradatsiyasi oldini olishga sharoit yaratadi,– deydi Boriy Alixonov. — Ikkinchidan, dengizning qurigan tubidan qum va chang ko'tarilishini maksimal darajada oldini olinishini ta'minlaydi. Uchinchidan, fauna olami turli vakillarining ko'payishi va tarqalishi uchun qulay ekotizim shakllanadi, to'rtinchidan esa, cho'l o'rmonlari maydonlarining va bioxilma-xillikning kengayiishi mintaqada iqlim o'zgarishini yumshashiga sharoit yaratadi.

    Abdurauf QORJOVOV,

    iqtisodiy sharhlovchi