Mamlakatimizdagi bunyodkorlik ko'lamlari, ishga tushayotgan zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, shahar va qishloqlarning bugungi qiyofasi, Uchinchi Renesansga mustahkam zamin yaratilayotgani, yaqin qo'shnichilik, ochiq va manfaatli xalqaro hamkorlik aloqalari ana shulardan so'zlaydi.

Eng muhimi, amaliy natija bilan mustahkamlangan, o'z mevasi, hosilini berayotgan islohotlar odamlarning qalbi, yuragidan joy oldi, uning samaralarini yurtimizda yashayotgan har bir inson, har bir oila bugun o'z hayotida his etib turibdi.

Hazrat Navoiy nomi bilan ataluvchi kon-metallurgiya kombinati yurtimizning eng gigant korxonasi hisoblanadi. Dunyoda ham o'z tarmog'i bo'yicha eng yetakchi kompaniyalar safida turadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning rahnamoligida sohani rivojlantirishga qaratilgan muhim dastur va puxta o'ylangan yirik investitsion loyihalar izchil tatbiq etilayotgani tufayli kombinat so'nggi yillarda taraqqiyotning yangi manzillari sari yuzlandi.

Yana bir e'tiborli tomoni, korxona bugungi kunda konlarni o'zlashtirish, ma'dan qazib olishdan tortib, tayyor mahsulot olishgacha bo'lgan yaxlit bir tizim asosida faoliyat olib borayotgan kon-metallurgiya sohasidagi ulkan klasterga aylandi. So'nggi yillarda dunyoda o'xshashi yo'q ilg'or texnologiyalarga asoslangan zamonaviy gidrometallurgiya  zavodlari va boshqa ishlab chiqarish tarmoqlari barpo etilishi, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bo'yicha amalga oshirilgan ishlar bugunga kelib kombinat imkoniyatlarini yanada kengaytirib yubordi. Ish hajmi, iqtisodiy samaradorlik ham shunga yarasha tubdan oshdi. Jumladan, mustaqillik yillarida tog' jinslarini qazib olish 5 baravarga, ma'danni qayta ishlash 3 baravarga, mahsulot ishlab chiqarish hajmi va xodimlar soni 2 baravarga oshgani jamoa ahlining fidokorona mehnat mahsulidir.

Ushbu davrda 3- va 4-gidrometallurgiya zavodlari, “Muruntov” konida tik-qiyali konveyer, 3-gidrometallurgiya zavodida dunyoda noyob bo'lgan sorbtsiyalash jarayoni, chiqindilarini yuqori samarali kuydirish majmuasi, 2-gidrometallurgiya zavodida 29- va 30-tegirmon bloklari va boshqa muhim ob'ektlar  ishga tushirildi.

Shu o'rinda jahonning eng nufuzli tahlilchi tashkilotlaridan birining xulosalariga e'tiboringizni tortmoqchiman. KITKO analitik markazi 2020-yilda oltin qazib olish bo'yicha etakchi o'nta kon ro'yxatini e'lon qildi. Uning birinchi pog'onasini  “Muruntov” koni egallab turibdi. Markaz ma'lumoticha, o'tgan yili “Muruntov”da taxminan 56,7 tonna oltin qazib olingan, uning resurs bazasi 4 ming tonnadan ziyodni tashkil etadi. Bu yaqin kelajakda ham bu makon dunyodagi eng yirik oltin koni sifatida o'z mavqeini saqlab qolishidan dalolat beradi.

Haqiqatan, shunday. Aytish mumkinki, keyingi paytda bu erda ham innovatsion texnologiyalarni samarali qo'llash, xususan dunyoda eng uzun hisoblangan ma'danni olib chiquvchi qiya konveyrni ishga tushirish ana shunday imkoniyatlarga yo'l ochyapti. Kelajakda ochiq osmon ostidagi konning chuqurligini 1 000 metrga yetkazish rejalashtirilgan.

2017-yilning 28-mart kuni o'n minglab kishilik jamoamiz tarixiga zarhal bitiklar bitilgan sana sifatida muhrlangan. Shu kuni davlatimiz  rahbari Auminzo-Amantoy  koni negizida  quriladigan 5-gidrometallurgiya zavodini  bunyod etishga bag'ishlangan marosimda ramziy tugmani bosib, tantanali ravishda start berdi.

Prezidentimiz bu va boshqa barpo etilaligan yangi gidrometallurgiya zavodlari ulkan iqtisodiy-ijtimoiy ahamiyat kasb etishini, bu kun mamlakatimiz solnomasiga zarhal harflar bilan yoziladigan tarixiy sanalar biri bo'lib qolishini, bunday ulkan bunyodkorlik ishlari kombinat salohiyatiga to'la mos kelishini alohida ta'kidlab, ularni amalga oshirishda kuch-quvvat va muvaffaqqiyatlar tiladi.

Imom Buxoriy bobomiz  keltirgan muborak hadisda aytilganidek, "Barcha amallar niyatga qarab bo'ladi". Ezgu niyatlar bilan boshlangan xayrli ishlar, albatta ijobat topadi.

Prezidentimiz korxonalarimiz ahliga yuksak maqsadlarga erishish, marrani baland olish yo'llarini ham ko'rsatib berdi. Ana shu kezda tasdiqlangan,  2026-yilgacha bo'lgan davrni qamrab olgan dasturga ko'ra,  Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 27 ta loyiha amalga oshiriladi. Qiymati 3,4 milliard dollardan ziyod bo'lgan mazkur loyihalar natijasida uning ishlab chiqarish quvvati 30 foizga ortishi, 30 minga yaqin yangi ish o'rni yaratilishi belgilangan.

 Unda umumiy qiymati qariyb 400  million AQSH dollariga teng bo'lgan 5-gidrometallurgiya zavodini  bunyod etish loyihasi muhim o'rin tutadi, Bu erda yiliga 5 million tonna ma'dan qayta ishlangan holda, 3,5 ming kishining bandligini ta'minlanadi. Shuningdek, dasturdan Pistali konini o'zlashtirish va 6-gidrometallurgiya zavodini qurish, 2-gidrometallurgiya zavodi quvvatini kengaytirish, Muruntov konini o'zlashtirishning 5-navbati, texnogen chiqindilarni qayta ishlash majmuasini barpo etish va boshqa loyihalar ham joy olgan edi.

Ushbu tarixiy voqea yuz bergandan buyon oradan to'rt yil o'tdi. Tabiiy ravishda savol tug'iladi: dastur ijrosini ta'minlash doirasida qanday ishlar amalga oshirildi?

Eng avvalo, texnik jihatdan o'ta murakkab, dunyoda muqobili bo'lmagan, innovatsion va kreativ yechimlarni talab etadigan loyihalarni ishga tushirish jarayonlari ishchi, texnik va muhandislarimiz malaka va salohiyati yuksakligini amalda isbotlab kelmoqda. Ular bir tanu bir jon bo'lib, yakdil va ahil harakat qilib, belgilangan vazifalarni muddatidan oldin bajarishga, boshqacha aytganda, tariximizning yangi sahifalarini yaratishga qodirligini namoyon etib kelishyapti.

Negaki, dastur qabul qilingandan buyon shu davrga qadar 1,6 milliard dollarlik mablag' o'zlashtirilib, 10 ta muhim ishlab chiqarish quvvati muddatidan oldin foydalanishga topshirildi. Pirovardida minglab yangi ish o'rinlari yaratildi, kombinatda oltin ishlab chiqarish hajmi 10 foiz, kumush —45 foizga oshdi.

Keyingi paytda ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga integratsiyalash, innovatsion loyihalarni keng tatbiq etish, texnik tejamkor echimlarni, noyob texnologiyalarni amaliyotga joriy etish faoliyatimizning tarkibiy qismiga aylandi. Buning natijasida  nafaqat mahsulot tannarxini pasaytirishga, balki yuqori samaradorlikka ham erishilmoqda. Bu esa, o'z navbatida, resurslarni tejash, mablag'larni iqtisod qilish imkonini beryapti. Misol uchun, 2020-yilda ishlab chiqarilgan mahsulot tannarxini kamaytirish bo'yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi evaziga ular tannarxini 784,5 milliard so'mga yoki 6,6 foizga kamaytirishga erishildi.

Dasturdan o'rin olganyana bir muhim  loyihalardan biri bu — qiymati 247,6 million AQSH dollarga teng bo'lgan 7-gidrometallurgiya zavodi. 2020-yilda uning ma'danni qayta ishlashga ixtisoslashgan 2 ta ishlab chiqarish bloki muddatidan ancha barqaqt foydalanishga topshirildi. Zavod qurilishida qo'llanilayotgan asosiy texnologik uskunalar chet eldan sotib olinmasdan, o'zimizning mashinasozlik korxonamizda tayyorlanishi tufayli 56 million dollarga yaqin mablag' tejab qolindi.

Mazkur zavodning o'ziga xosligi shundaki, unda tarkibida oltin kam bo'lgan, oldin ishlangan va zaxiraga olingan ma'danni eng murakkab jarayonlar orqali, ya'ni, kislotali ishqorda yana qayta ishlab, mahsulot olinadi. Bu jarayonda faqat mahalliy kimyoviy moddalar ishlatiladi, bu esa tannarxini yanada arzonlashtiradi. Zavod to'la quvvat bilan ishga tushirilgandan so'ng yiliga 15 million tonna texnogen chiqindilarni qayta ishlash va 7,5 tonna qo'shimcha oltin ishlab chiqarish, 4 mingdan ortiq yangi ish o'rinlari yaratish imkoni yuzaga keladi.

Kombinat miqyosida olib borilayotgan yana bir muhim loyihalardan biri — 5-gidrometallurgiya zavodini barpo etish ishlari davom etyapti. Bugun bu yer chinakkam va jo'shqin bunyodkorlik maydoniga aylangan. Uning yiliga 2 million tonna ma'danni qayta ishlash quvvatiga ega 1-ishlab chiqarish bloki muddatidan oldin foydalanishga topshirildi.

Mazkur loyihaning o'ziga xos tomoni shundaki,  zavodda dunyoda o'xshashi bo'lmagan mutlaqo yangi texnologiya, ya'ni,  kislorodli-ohakli oksidlash asosida oltin ajratib olishi texnologiyasi qo'llaniladi. Ishlab chiqarish jarayoni to'liq avtomatlashtiriladi va masofadan boshqaruv tizimi o'rnatiladi. Korxonaning to'liq ishlay boshlashi bilan yangi ish o'rinlari soni 3,5 mingtaga yetadi va har yili 5 million tonna ma'dan qayta ishlanadi.

Davr boshqa tarmoqlar qatorida kon-metallurgiya sohasida ham keng tafakkur va chuqur bilimga ega yoshlar safini yanada kengaytirishni talab etmoqda. Biz bu vazifani ijobiy hal etib boryapmiz. Shu bois, kombinatning bugungi yutuqlarida yoshlarning o'rni katta bo'lmoqda. Jamoaning o'rtacha yoshi 37 yoshda. Rahbar va mutaxassislar orasida 30 yoshgacha bo'lganlarning ulushi 32 foizga to'g'ri keladi. Kombinat rahbariyati hech ikkilanmasdan yirik zavod va korxonalar boshqaruvini iqtidorli, kreativ fikrlaydigan, shijoatli yoshlarga ishonib topshirmoqda.

Bugungi kunda kombinat zavodlari orasida 2-gidrometallurgiya zavodining o'rni va ulushi beqiyos. Zavodda bosqichma-bosqich investitsion loyihalar amalga oshirilishi uning quvvatini yaqin vaqtda yiliga 50 million tonnaga etkazishni ta'minlaydi. Hozirda foydalanishga topshirilgan ikkita yangi tegirmon bloki yuqori samara bilan ishlamoqda.

Shuningdek, 3-gidrometallurgiya zavodida sorbtsiyalash jarayoni chiqindilarini yuqori samarali kuydirish texnologiyasiga asoslangan yangi majmuaning ishga tushirilishi ham korxonamiz solnomasidan munosib joy oldi. Ushbu texnologiyaning joriy etilishi korxonada xomashyodan oltin ajratib olish hajmini 8 foizga, qimmatbaho metall ishlab chiqarishni esa 11 foizga oshirdi. Pirovardida chiqindiga chiqib ketadigan nodir metall miqdorini ikki baravardan ko'proq kamaytirishga erishildi. Mazkur ixtiro BMTning Jahon intellektual mulk tashkiloti tomonidan oltin medal` bilan taqdirlandi. Bu texnologik jarayonni amalga oshirishda germaniyalik mutaxassislar ham faol ishtirok etdi.

Innovatsiya bu kelajak degani. Shu nuqtai nazardan kombinatda bu masalaga alohida e'tibor qaratib kelmoqda. Hozirda  biz 105 ta innovatsion loyihani o'z ichiga olgan rivojlanish dasturiga egamiz. Hisob-kitoblarga ko'ra, ushbu dasturni amalga oshirish kelgusida 1,3 trillion so'mlik iqtisodiy samara berishi kutilmoqda. Bu borada respublikaning etakchi ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy o'quv yurtlari bilan samarali hamkorlik yo'lga qo'yilgan.

Erishilayotgan bunday natijalar va yangi quvvatlarning ishga tushishi tufayli ishlab chiqarish hajmi toboro ortib boryapti. 2020-yilda kombinat tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot qiymati xorijiy valyuta ekvivalentida 4,9 milliard dollarga teng bo'lib, bu ko'rsatkich Navoiy viloyatida tayyorlangan mahsulotning qariyb 90 foizini, shuningdek, korxonaning mahsulot qiymati respublikada ishlab chiqarilgan yalpi ichki mahsulotning 8,5 foizi, sanoat mahsulotlarining 13,4 foizini tashkil etadi.

Kombinat mamlakatning eng yirik soliq to'lovchisi hisoblanadi. O'tgan 2020-yilda 31,2 trillion so'm miqdorida soliq to'lovlari amalga oshirilib, davlat byudjeti daromadining 23,4 foizini ta'minlagani buning amaliy dalili.

Bundan tashqari, korxona faoliyatiga ilm-fan yutuqlari, innovatsiya va ishlab chiqarishni bir-biriga integratsiyalash, sarf-xarajatlarni qisqartirish, mahsulot tannarxini arzonlashtirish va tejamkorlik kabi muhim sifatlar keng tatbiq etilayotgani yuqori daromad olishga imkon yaratmoqda. Xususan, o'tgan 2020-yilni 10,2 trillion so'm sof foyda bilan yakunlab, mahsulot ishlab chiqarish rentabelligi 41,9 foizni tashkil etdi. Qo'shimcha 2,3 trillion so'mlik mahsulot ishlab chiqarilgani esa, hech shubhasiz,  jamoamizning ulkan salohiyatini yana bir karra namoyon etdi.

Kombinat yutuqlarida mahalliylashtirish dasturining ijrosi ham muhim ahamiyatga ega. Chunki, NKMK bu borada respublikaning eng yirik lokomotiv korxonalaridan biri hisoblanadi. Ayni paytda valyuta mablag'larini iqtisod qilish maqsadida import o'rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish asosiy o'rin tutadi.

Kombinat tashabbusi bilan korxonaning mahalliylashtirish bo'yicha asosiy bo'linmasi — Navoiy mashinasozlik zavodida ko'proq yirik va texnologik murakkab uskunalarni ishlab chiqarishga e'tibor qaratish maqsadida, zavod quvvatlarini bo'shatish orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo'llab-quvvatlash uchun “shatakka olish” mexanizmi amaliyotga joriy etildi. Bunda asbob-uskuna va va butlovchi qismlarni ishlab chiqarishni texnologik va muhandislik yo'nalishlarida ko'maklashgan holda, mahalliy korxonalarga qisman o'tkazish ko'zda tutilgan.

So'nggi yillarda mahalliy korxonalar bilan tasdiqlangan “yo'l xaritalari” asosida kombinat ehtiyojlari uchun o'nlab yangi turdagi import o'rnini bosuvchi mahsulotlar o'zlashtirildi. Bu kombinatga  valyuta mablag'larini iqtisod qilishda qo'l kelyapti.

Yana shuni mamnuniyat bilan ta'kidlash kerakki, 2020-yilda kombinatda  138 ta loyiha bo'yicha 352,3 milliard so'mlik mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishga muvaffaq bo'lindi. Bunda kombinatning asosiy faoliyati uchun zarur bo'lgan o'nlab mahsulotlar, Investitsiya dasturini amalga oshirish uchun nostandart texnologik jihatdan murakkab uskunalar o'zlashtirilishining hissasi katta bo'ldi. O'tgan yili birgina import o'rnini bosuvchi 140 kub metrli sharli tegirmonning Navoiy mashinasozlik zavodida tayyorlanishi 2,5 million dollarlik valyuta mablag'lari iqtisod qilindi.

 Respublikamizda elektron kooperatsiya portali ishga tushganidan buyon kombinat tomonidan jami 3,7 trillion so'mlik 6740 ta shartnoma tuzilgan bo'lib, shundan bugungi kunga qadar 3 trillion so'mlik 5970 ta shartnoma ijrosi ta'minlandi.  Quvonarlisi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan kooperatsiya aloqalari yildan-yilga tobora kengayib bormoqda. Kombinat kooperatsion geografiyasi yurtimizning barcha hududlarini qamrab olgan. Shu paytga qadar portal orqali 500 ga yaqin korxona bilan shartnomalar tuzildi. Kombinat mutaxassislari ularga mahsulotlarni o'zlashtirishda har tomonlama ko'mak berib kelmoqda.

 Joriy yilning 22-24-aprel kunlari NKMKda yangicha formatda respublika tarmoqlararo kooperatsiya sanoat yarmarkasi bo'lib o'tdi. Unda mamlakatimizning 645 ta etakchi ishlab chiqarish korxonasi, 60 ta sohaviy, 585 tadan ortiq tadbirkorlik subyektlari 1,4 ming turdan ortiq import o'rnini bosuvchi yangi turdagi  mahsulotlari bilan ishtirok etdi. Pirovardida kon-metallurgiya, energetika, kimyo, qurilish va boshqa sohalar bo'yicha korxonalar o'rtasida qiymati 376 milliard so'm bo'lgan 996 ta shartnoma, tarmoqlararo 268 ta memorandum imzolashga erishildi. Kombinatning o'zi 117 ta shartnoma bo'yicha qiymati 225,7 milliard so'mlik kelishuvlarga erishdi.

2021-yilgi marralarimiz yanada ulkan. Kombinat bo'yicha mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 54 trillion so'mga etkazish, Investitsiya dasturi doirasida 651 million dollarlik kapital qo'yilmalarni o'zlashtirish, jumladan, “Uyumda eritmaga o'tkazish sexi texnogen chiqindilarini qayta ishlash majmuasini qurish” loyihasi bo'yicha 7-gidrometallurgiya zavodini  to'la foydalanishga topshirish, “Auminzo-Amantoy” ma'danli maydonida oltin ma'danlarini qazib olish va qayta ishlash majmuasini qurish” loyihasi bo'yicha yangi tegirmon bloklarini  ishga tushirish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalar va boshqa ishlab chiqarish tarmoqlari quvvatlarini kengaytirish hisobiga minglab yangi ish o'rinlari yaratish ko'zda tutilgan. Joriy yilda kombinatning sof foydasi 10 381 milliard so'm, davlat byudjetiga to'lovlar hajmi  32 trillion so'm miqdorida bo'lishi kutilmoqda.

Mahsulot turlari va uni eksport qilish geografiyasini kengaytirish bo'yicha  yuksak marralar belgilab olingan. Mahalliylashtirish dasturiga asosan esa, 154 ta loyiha doirasida 433 milliard so'mlik mahsulot ishlab chiqarish mo'ljallangan. Shundan 71 tasi yangi loyiha hisoblanadi. Ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish chora-tadbirlarining amalga oshirilishi natijasida  1 trillion 52,8 milliard so'm miqdoridagi mablag'ni tejash ko'zda tutilgan.

To'g'risi, bundan to'rt yil oldin Prezidentimiz oldimizga o'ta yuksak va zalvorli vazifalarni qo'yganida, ko'nglimizda ularni bajara olar ekanimizmi, degan hadik va xavotir bor edi. Mamlakatimiz kon-metallurgiya sohasidagi ishlarning oqilona tashkil etilishi, har tomonlama qo'llab-quvvatlanishi tufayli hammasini bosqichma-bosqich uddalashga erishdik. 2020-yilda O'zbekistonda 101,6 tonna oltin qazib olindi. YA'ni mamlakatimiz birinchi marta 100 tonnalik marrani zabt etdi.

Lekin bu hali hammasi emas. Olmaliq konlarida, Qurama tog'larida o'tkazilgan ekspeditsiyalar natijasida yangi zaxiralar tasdiqlanmoqda. Bunday ekspeditsiyalar Navoiy viloyatida ham o'tkazilyapti va bizdagi zaxiralar bo'yicha ham yangi ma'lumotlar ko'payib boryapti. Demak, tez orada O'zbekiston yiliga 150 tonna oltin qazib oluvchi mamlakatga aylanadi. 

Chunki, tarmoq taraqqiyotining istiqboli ana shunday oydin va ko'lamdor. Yaqin 5 yilda kon-metallurgiya sanoati sohasida amalga oshirilayotgan barcha loyihalar hisobidan ma'danni qazib olish va qayta ishlash hajmi mamlakatimiz bo'yicha yillik 130 million tonnadan 300 million tonnaga ortadi.

Biz, eng ulug', eng aziz ayyomimiz Mustaqillik kunini ana shunday yutuqlar va kelgusining zalvorli rejalarini bajarishga belni mahkam bog'lagan holda kutib olyapmiz. Albatta, yuksak ishonchni fidokorona mehnatimiz bilan oqlab, yangi O'zbekiston iqtisodiyotini mustahkamlashga, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo'lida matonat bilan xizmat qilib, zimmamizdagi sharafli vazifalarni sidqidildan va oqilona uddalashda davom etamiz.

Quvondiq SANAQULOV,

Navoiy kon-metallurgiya kombinati

bosh direktori, O'zbekiston Qahramoni