Quvvati 16 MVt bo'lgan va Fuszyan provinsiyasining (Xitoy) qirg'oqbo'yi akvatoriyasiga o'rnatilgan shamol turbinasi bitta qurilmaning bir sutka mobaynida energiya ishlab chiqarishi bo'yicha jahon rekordini yangiladi.
24 soat davomida maksimal rejimda uzluksiz ishlagan uskuna 384 ming 100 kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqardi.
Mazkur qurilmaning balandligi 152 metrni tashkil etadi. Bu taxminan 50 qavatli turarjoy binosiga teng, deganidir.
Uskuna 290 km/s tezlikdagi shamolga ham bardosh bera oladi. Har bir parragining uzunligi 123 metr, umumiy og'irligi esa 54 tonna bo'lgan ushbu shamol turbinasi bir yilda 36 mingta xo'jalikni elektr energiyasi bilan ta'minlay oladi.
Ayni shu jihatlari bilan u bugungi kunda dunyodagi eng quvvatli va rotor hajmiga ko'ra, eng kattasi ham hisoblanadi. Uni shu yilning yozida o'rnatishgan edi. Turbina har yili 66 million kVt⋅soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarishi kutilmoqda.