Dunyoning eng yirik samolyot ishlab chiqaruvchi kompaniyalari “Uzbekistan GTL” zavodi mahsulotini tanladi

    Sanoat 26 Sentabr 2022 1686

    Dunyoning eng yirik samolyot ishlab chiqaruvchi kompaniyalari — Amerikaning Boeing va Fransiyaning Airbus kompaniyalari Jet A-1 aviatsiya yoqilgʻisi uchun komponent sifatida “Uzbekistan GTL” zavodida ishlab chiqarilgan sintetik GTL avikerosindan foydalanish imkoniyatini tasdiqladi.

    2022-yil 23-sentyabrda Boeing kompaniyasi “Uzbekistan GTL” zavodida ishlab chiqarilgan GTL kerosinni Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilgan anʼanaviy Jet A-1 avia yoqilgʻisi bilan aralashtirish komponenti sifatida ishlatish imkoniyatini rasman tasdiqladi.

    25-sentyabrda Fransiyaning Airbus aviakompaniyasi aviatsiya yoqilgʻisi sohasidagi texnik talablarni tartibga soluvchi ASTM7566 xalqaro standartlariga asoslanib, xuddi shunday tasdiqnoma yubordi.

    Shu bilan birga, 22-sentyabrda Shveysariyaning mustaqil ekspertiza, nazorat, sinov va sertifikatlashtirish bilan shugʻullanuvchi SGS kompaniyasi Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilayotgan GTL Jet A-1 yarim sintetik aviayoqilgʻisi sifati xalqaro standartlarga muvofiqligini tasdiqladi. Bu esa, aviatsiya uchun yoqilgʻi sifatida foydalanish imkonini beradi.

    Loyihaga koʻra, “Uzbekistan GTL” zavodida ishlab chiqarilgan GTL kerosinidan neft kerosini bilan aralashtirib, Jet A-1 yarim sintetik aviatsiya yoqilgʻisi ishlab chiqarish uchun komponent sifatida foydalaniladi. Shu bilan birga, GTL zavodi mutaxassislari GTL kerosinini anʼanaviy yoqilgʻi bilan aralashtirmasdan aviatsiya yoqilgʻisi sifatida toʻgʻridan-toʻgʻri ishlatish uchun aviatsiya yoqilgʻisi sohasida xalqaro nazorat qiluvchi organlardan ruxsat olish ustida ishlayapti.

    Anʼanaviy neftdan olingan kerosin bilan solishtirganda, GTL kerosin oltingugurt dioksidi, azot oksidi va zarrachalar miqdori sezilarli darajada past boʻlgan holda yonadi. Bu samolyot yoqilgʻisi yonishi natijasida chiqindilar miqdorini sezilarli darajada kamaytirish, uni ekologik toza va barqaror qilish imkonini beradi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

    “Uzbekistan GTL” zavodi yiliga 500 ming tonnagacha sintetik kerosin ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.