Avvallari, hisoblagichni yechish uchun taʼminotchi tashkilotga (“RES”, “Raygaz” “Suvsoz”) ariza topshirish kerak edi. Soʻng, qiyoslashdan oʻtkazish uchun qurilmani “Oʻzstandart” agentligiga olib borishi kerak edi. U yerda arizachidan turli miqdordagi mablagʻ yigʻib olinar edi. Bundan tashqari, qiyoslash narxini belgilashda shaffoflik va oshkoralik mavjud emasdi. Qiyoslash oʻtkazilgandan soʻng arizachi mustaqil ravishda qurilmani olib, keyin masʼul tashkilotga hisoblagich oʻrnatish uchun ariza topshirar edi.

Sir emas, koʻpchilik ortiqcha ovoragarchilikni oldini olish uchun masʼul xodimlar bilan muayyan mablagʻ evaziga “kelishar” edi. Yuqorida koʻrsatilgan barcha tadbirlarni esa tashkilot xodimining oʻzi amalga oshirgan.

DXA matbuot xizmatining xabar berishicha, 2019-yil 1-noyabridan boshlab, kommunal xizmatlari “schetchiklarini” qiyoslash uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki elektron tarzda my.gov.uz portali orqali qabul qilinmoqda.

Bundan koʻzda tutilgan asosiy maqsad — avvalgi tartibda mavjud boʻlgan korrupsion holatlarga chek qoʻyish, mazkur xizmatlarni koʻrsatish uchun aniq muddatlar va tartibni belgilash. Bu bilan fuqarolarga qulaylik yaratish edi, aslida.

Quyidagi xabarda keltirilgan holat Davlat xizmatlari agentligining masʼul xodimlari tomonidan oʻrganildi va unda koʻrsatilgan qonun buzilishiga yoʻl qoʻygan aybdor xodimga tegishli chora koʻrilishi taʼminlangan.

https://m.facebook.com/groups/...

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 215.5-moddasiga asosan:

- davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi qonun hujjatlarining arz qiluvchidan murojaatni qabul qilishni rad etganlikda;
- davlat xizmatlari koʻrsatish chogʻida murojaatlarni koʻrib chiqish tartibini va muddatlarini buzganlikda;
- arz qiluvchidan qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilib olganlikda;
- davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi vakolatli davlat organining qonuniy talabini (topshirigʻini) bajarmaganlikda ifodalangan tarzda buzilishi

Davlat xizmatlari agentligi organlari tomonidan quyidagi turdagi maʼmuriy jazo choralarini qoʻllashga asos boʻladi:

Mansabdor shaxslarga va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — mansabdor shaxslarga va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.